Axmedov Madatjon Sevdiyor o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Mis ishlab chiqarish sanoati chiqindilari tarkibidan qimmatbaho metallarni ajratib olishni tadqiq qilish va texnologiyasini ishlab chiqish», 05.02.01– Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/T5653.  
Ilmiy rahbar: Tolibov Behzod Ibrohim o‘g‘li, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.17.04. 
Rasmiy opponentlar: Matkarimov Soxibjon Turdalievich, texnika fanlari doktori, professor; Turdiev Shahboz Shermamat o‘g‘li, texnika fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS” ning Olmaliq shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: mis tarkibli texnogen chiqindilarni qayta ishlash va ulardan qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mis texnogen chiqindilarida uchraydigan fayalit va shpinel kabi yuqori barqaror fazalarni parchalash uchun natriy gidroksid ishtirokida termik ishlov qo‘llanilib, 600 °C haroratda 120 daqiqa davomiylik optimal sharoit ekanligi aniqlangan;
magnisiz fraksiyadagi rangli metallarni yangi optimal texnologik sharoitlarda sulfat kislotada tanlab eritilganda misning eritmaga o‘tish darajasi 96,93% etishi aniqlangan;
natriy sianidi bilan tanlab eritish natijasida hosil bo‘lgan eritma tarkibidagi oltin va kumush ionlarini sementatsiya usuli bilan optimal haroratda cho‘ktirish samaradorligi aniqlangan;
metallar va ularning birikmalarini bosqichma-bosqich ajratib olish imkonini beruvchi piro va gidrometallurgik jarayonlar ketma-ketligidan foydalangan holda mis texnogen chiqindilarini qayta ishlash texnologiyasi ishlab chiqilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mis boyitish fabrikasi chiqindilarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mis boyitish fabrikasi texnogen chiqindilarini qayta ishlash texnologiyasi “OKMK” AJning mis boyitish fabrikasida amaliyotga joriy qilingan (“OKMK” AJning 2025 yil 18 iyuldagi 07-25/01-00981-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kremniy dioksidini 90,2% tozalikdagi va temir birikmalarini 91,5% miqdorda ajratib olish imkonini bergan;
mis boyitish fabrikasi texnogen chiqindilarini natriy gidroksik ishtirokida termik qayta ishlash, kuyindini suvda eritish, qoldiqni magnitli saralash, magnisiz fraksiyadan rangli metallarni sulfat kislota eritmasida tanlab eritish hamda qoldiqdan nodir metallarni ajratib olish bosqichlarini o‘z ichiga olgan texnologiya “Olmaliq KMK” AJ ning mis boyitish fabrikasida amaliyotga joriy qilingan (“OKMK” AJning 2025 yil 18 iyuldagi 07-25/01-00981-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, misni 93,3% gacha ajratib olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish