Mamadalieva Xafizaxon Xoldarovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda oila rivojlanishining ijtimoiy-demografik jihatlari», 08.00.10–Demografiya. Mehnat iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.2.DSc/Iqt64.

Ilmiy maslahatchi: Maksakova Lyudmila Petrovna, iqtisodiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.28.12.2017.I.16.02.

Rasmiy opponentlar: Zokirova Nodira Qalandarovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Aliqoriev Nuriddin Safarqorievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tojieva Zulxumor Nazarovna,  geografiya fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: globallashuv sharoitida O‘zbekistonda oilaning ijtimoiy-demografik rivojlanishini kompleks tadqiq etish asosida oila-nikoh munosabatlarini takomillashtirish va oila institutini mustahkamlash borasida ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

oilani bir tomondan demografik voqe’lik, ikkinchi tomondan  ijtimoiy-demografik jarayonlarning o‘zaro ta’siri natijasi va uchinchi tomondan tadbirkorlikni rivojlantirishda xo‘jalik yuritish sub’ekti va shu bilan birga bozor infratuzilmasini faollashtirish manbai sifatida kompleks o‘rganishga bo‘lgan ilmiy-uslubiy yondashuv taklif etildi, “oila” ilmiy-uslubiy tushunchasiga mualliflik ta’rifi asoslangan;

respublikada birinchi marta avlodlararo oilaviy transfertlar tadqiq etildi, bozor iqtisodiyoti sharoitida oilaviy resurslarni qayta taqsimlashni o‘rganishga bo‘lgan uslubiy yondashuvlar ishlab chiqildi, rivojlanishning hozirgi bosqichida shahar va qishloq joylarida avlodlararo transfertlarning xususiyatlari aniqlandi, oilaning yordamga muxtoj a’zolarini iqtisodiy, ma’naviy, psixologik jihatdan qo‘llab quvvatlash va kam ta’minlanganlik miqyoslarini kamaytirish shakli sifatida ularning ahamiyati asoslangan;

oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xalqaro tajribadan foydalanish, oliy o‘quv yurtlarida demograf va oilaviy psixologlarni tayyorlashni amaliyotga joriy qilish, har bir shahar va tumanlarda oilalarga maslahat va yordam xizmatlarini jamoatchilik asosida ishlaydigan “Oila maslahat markazlari” shaklida tashkil etish taklifi ishlab chiqilgan;

respublikada ajrimlarni oldini olish, yosh oilalarning ijtimoiy-demografik holatini barqarorlashtirish, ularning kasbiy ta’lim, uy-joy, tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar olishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan;

yosh oilalarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida uning a’zolarini o‘z vaqtida ishga joylashish borasidagi muammolarini xal etishda davlatning ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi;

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonda oila rivojlanishining ijtimoiy-demografik jihatlarini tadqiq qilish asosida olingan natijalar asosida:

oilani bir tomondan demografik voqe’lik, ikkinchi tomondan, ijtimoiy-demografik jarayonlarning o‘zaro ta’siri natijasi va uchinchi tomondan tadbirkorlikni rivojlantirishda xo‘jalik yuritish sub’ekti va shu bilan birga bozor infratuzilmasini faollashtirish manbai sifatida o‘rganishga bo‘lgan yangi ilmiy-uslubiy yondashuvidan Respublika aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish Ilmiy markazining O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etgan “Uy xo‘jaliklarida bandlik masalalarini o‘rganish” (sotsiologik tadqiqot natijalari, dekabr` 2018 yil) mavzusidagi  tahliliy ma’lumotnomalarni tayyorlashda ilmiy-metodologik ta’minot sifatida foydalanilgan (Respublika aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazining 2019 yil 22 apreldagi 04/00-01/01-625-son ma’lumotnomasi). Bu  oilalar manfaatlarini himoya qilishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, hamda oilalarning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi rolini yanada oshirish yo‘nalishlarini asoslash imkonini bergan;

avlodlararo oilaviy transfertlarni tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan iqtisodiy jihatdan oilaviy hamkorlik qilish, kam ta’minlanganlik miqyoslarini kamaytirish va oilada muhofazaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan berilgan takliflar Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 2017 yil 30 dekabrda 1/7-4-23-son bilan tasdiqlangan “Viloyatda oilalarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish, oilaviy ajrimlarni oldini olish” nomli chora-tadbirlar dasturining 8-bandini shakllantirishda foydalanilgan  (Toshkent viloyati xokimligining 2018 yil 23 maydagi 7-2-4/09-son ma’lumotnomasi). Bu oilalarda ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirgan;

“Respublikaning har bir shahar va tumanlarida jamoatchilik asosida “Oila maslahat markazlari”ni tashkil etish” yuzasidan berilgan takliflar “Mahalla” xayriya fondi tomonidan amaliyotga joriy etilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining 2017 yil 29 may  51-son Bayonining 5-bandi).  “Mahalla” xayriya fondiga respublikaninghar bir shahar va tumanlarida jamoatchilik asosida “Oila maslahat markazlari” ni tashkil etish, hamda ularga tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda psixolog, huquqshunos, tibbiyot va ijtimoiy xodimlarni jalb qilish yuklatildi (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2017 yil 11 sentyabr` 03/1180-10-son ma’lumotnomasi). Hozirgi kunda respublikaning barcha hududlarida “Oila maslahat markazlari”ni tashkil etishga erishildi. Bu oilalarda ijtimoiy-psixologik muhitni sog‘lomlashtirish imkonini bergan;

oiladagi ajrimlar va yosh oilalarning ijtimoiy-demografik holati tahlili yuzasidan olingan natijalardan Respublika “Oila”ilmiy-amaliy markazida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida 2012–2016 yillarda bajarilgan F1-FQ-2407 F1-052 raqamli “O‘zbekistonda oilaga psixologik xizmatni tashkil etishning ilmiy-nazariy va metodologik muammolari” mavzusidagi fundamental loyihasida oilaga psixologik xizmatni tashkil etishning ilmiy-metodik ta’minotini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 26 fevraldagi FTA-02-11/1356-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ilmiy-metodik ta’minot yo‘lga qo‘yildi va oilalardagi mavjud muammolarga to‘g‘ri baho berish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish