Muftulloeva Gavhar Yusupovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiy ijodida naqshbandiya shayxlari talqini (Xoja Muhammad Porso va Xoja Ubaydulloh Ahror misolida)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Fil4066
Ilmiy rahbar: Yusupova Dilnavoz Rahmonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.09.08.
2. Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Husniddin Primovich, filologiya fanlari doktori, professor; Mahmudov Umedullo Akmaliddin o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiy ijodida naqshbandiylik tariqatini Xoja Muhammad Porso va Xoja Ubaydulloh Ahror siymosining badiiy talqini hamda uning tasavvufiy mohiyati asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiyning tazkiralari, manoqiblari, lirik asarlari hamda dostonlarida naqshbandiylikning nafsni tiyish orqali illatdan tozalab, fazilatga etaklovchi, zohiran xalq bilan, botinan esa Haq bilan bo‘lishni anglatuvchi qarashlari va tariqatning tavba, zuhd, vara’ kabi maqomlari aks etgan o‘rinlar aniqlangan;
“Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasi ma’lumotlarning dalillanishi, bayonning aniqligi, izchilligi, tahliliy va tanqidiy ruhning mavjudligi kabi mezonlar asosida tahlil qilinib, har ikkala shayx zikrida ilmiy uslubning yetakchiligi hamda Xoja Muhammad Porso haqidagi faslda saj’ badiiy san’atining faol qo‘llanganligi ochib berilgan;
“Hayrat ul-abror” hamda “Lison ut-tayr”da keltirilgan Xoja Muhammad Porso va uning o‘g‘li haqidagi hikoyatlar bir-biridan ifoda va bayon usuli jihatidan farq qilishi, Navoiyning bir hikoyatni ikki xil maqsadda keltirishdagi murid va murshid munosabatlariga doir tasavvufiy, ota va o‘g‘il munosabatlari bilan bog‘liq ijtimoiy jihatlar isbotlangan;
Xoja Muhammad Porso va Xoja Ubaydulloh Ahrorning jamiyatdagi mavqei, ilm yo‘lidagi xizmati, shuhrat va mansabdan tiyilishga oid o‘gitlari haqidagi Navoiyning mulohazalari “Siroj ul-muslimin” va manoqiblarda o‘z aksini topganligi aniqlanib, ushbu mutafakkirlarning ta’rif-tavsifida takrir, tashbeh, tanosub, tadrij, izdivoj, tashxis, ishtiqoq, kitobat singari badiiy san’atlardan unumli foydalanilganligi dallillangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodida naqshbandiya shayxlari talqini bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Alisher Navoiyning tazkiralari, manoqiblari, lirik asarlari hamda dostonlarida naqshbandiylikning nafsni tiyish orqali illatdan tozalab, fazilatga etaklovchi, zohiran xalq bilan, botinan esa Haq bilan bo‘lishni anglatuvchi qarashlari va tariqatning tavba, zuhd, vara’ kabi maqomlari aks etgan o‘rinlar aniqlanganligiga doir mulohazalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023-2024-yillarda bajarilgan AL-662205561 raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2025-yil 26-avgustdagi 01/04-6520-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiy ijodida naqshbandiya shayxlari talqini bilan bog‘liq yangi ilmiy-nazariy qarashlarni yoritishga xizmat qilgan.
“Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasi ma’lumotlarning dalillanishi, bayonning aniqligi, izchilligi, tahliliy va tanqidiy ruhning mavjudligi kabi mezonlar asosida tahlil qilinib, har ikkala shayx zikrida ilmiy uslubning yetakchiligi hamda Xoja Muhammad Porso haqidagi faslda saj’ badiiy san’atining faol qo‘llanganligi ochib berilganligiga oid ilmiy xulosalardan Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan IL-402104474 “bolalaradabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish” loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2025-yil 19-apreldagi 01/4-1526-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida tahlilga tortilgan Navoiy ijodining tasavvuf va ijtimoiy hayot bilan uzviy aloqador jihatlari haqidagi nazariy bilimlarning yangi ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
“Hayrat ul-abror” hamda “Lison ut-tayr”da keltirilgan Xoja Muhammad Porso va uning o‘g‘li haqidagi hikoyatlar bir-biridan ifoda va bayon usuli jihatidan farq qilishi, Navoiyning bir hikoyatni ikki xil maqsadda keltirishdagi murid va murshid munosabatlariga doir tasavvufiy, ota va o‘g‘il munosabatlari bilan bog‘liq ijtimoiy jihatlar isbotlanganligiga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan PF-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli: o‘zbek, ingliz, rus tillarida elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2025-yil 19-apreldagi 01/4-1525-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy ijodida naqshbandiya shayxlari talqiniga doir materiallar tayyorlashga xizmat qilgan.
Xoja Muhammad Porso va Xoja Ubaydulloh Ahrorning jamiyatdagi mavqei, ilm yo‘lidagi xizmati, shuhrat va mansabdan tiyilishga oid o‘gitlari haqidagi Navoiyning mulohazalari “Siroj ul-muslimin” va manoqiblarda o‘z aksini topganligi aniqlanib, ushbu mutafakkirlarning ta’rif-tavsifida takrir, tashbeh, tanosub, tadrij, izdivoj, tashxis, ishtiqoq, kitobat singari badiiy san’atlardan unumli foydalanilganligi dallillanganligiga doir nazariy fikr-mulohazalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Navoiy” telekanali ijodkorlari Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining “Assalom yangi kun”, “Alisher Navoiy va zamonamiz”, “Tarixdan saboqlar” kabi ko‘rsatuv va radioeshittirishlarda foydalanilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi 2025-yil 3-apreldagi 02-04/41 raqamli guvohnomasi). Natijada televideniyadagi dasturlar davomida Alisher Navoiy ijodini tasavvuf bilan aloqador holda namoyish etishda naqshbandiya shayxlarining talqini yordam bergan.