Saydullaeva Surayyo Serajiddinovnaning filologiya fanlari 
doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz, o‘zbek, turk milliy-madaniy dunyoqarashining paremiologik sathdagi tahlili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chogʻishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/Fil802
Ilmiy maslahatchi: Murodova Nigora Kullievna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.09.07
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Jo‘raeva Bibish Muxsinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Samigova Xushnuda Batirovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi paremiologik birliklarni lingvomadaniy, semantik va diskursiv jihatdan tahlil qilish orqali ushbu tillarda ifodalangan milliy-madaniy dunyoqarashning o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlash, shuningdek, paremiyalar orqali xalq tafakkuri va qadriyatlar tizimini ilmiy asosda yoritishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqotda ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi jami 6383 ta maqol paremiologik makon nazariyasi doirasida kompleks tarzda o‘rganilib, ularning barqarorlik va variativlik (bir xil semantik mazmun turlicha lingvistik shakllar bilan ifodalanishi) mexanizmlari fonetik, leksik, semantik va sintaktik jihatdan qiyosiy-lingvistik tahlil asosida aniqlangan;
ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi paremiyalar asosida shakllangan 30 ta semantik model (Sabab – Oqibat (S→O→N): Where there is smoke, there is fire, Otash bo‘lmagan erdan tuman chiqmaydi, Ateş olmayan erden duman çıkmaz; Mehnat (M) → Mukofot / Natija (N): Hard work pays off, Betashvish bosh qayda, Mehnatsiz osh qayda, Emek olmadan emek olmaz kabi) tizimi shakllantirilib, mazkur modellar universal va madaniyatga xos komponentlar nisbatida tasniflangan hamda ularning kognitiv-semantik asoslari xalq dunyoqarashi bilan uzviy bog‘liqlikda dalillangan;
paremiologik birliklarda namoyon bo‘ladigan leksik-sinonimik munosabatlar maxsus tadqiq etilib, A good (great) remedy for anger is delay;  Katta (buyuk) ishlar kichik qadamlardan boshlanar; Temiz (pak) niet her kapıyı açar kabi sinonimik variantlar paremiologik birliklarning semantik zichligini oshirishi, ekspressivligini kuchaytirishi hamda pragmatik yo‘naltirilganligini ta’minlovchi muhim omil sifatidagi vazifasi isbotlangan;
ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi paremiyalar orqali verbalizatsiya qilingan (so‘z orqali ifodalangan) milliy mentalitet va milliy-madaniy konseptlar (mehnat, axloq, oila, do‘stlik, mas’uliyat, taqdir va b.) qiyosiy-lingvomadaniy tahlil asosida o‘rganilib, ularning madaniy stereotiplar va qadriyatlar tizimidagi o‘rni ilmiy dalillar orqali asoslangan;  
paremiologik birliklarning kommunikativ-pragmatik va diskursiv xususiyatlari (badiiy, OAV va pedagogik diskurslar misolida) nutq aktlari nazariyasi asosida tahlil qilinib, ularning illokutiv (harakatga undash) kuchi, regulyativ (muayyan harakatni boshqarish) vazifasi va adresatga ta’sir ko‘rsatish mexanizmlari ishlab chiqilgan;  
ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi modallik hamda modallik komponentiga ega paremiologik birliklar o‘rganilib, ularning uslubiy, baholovchi-modallik xususiyatlari va alliteratsiya (bir xil yoki o‘xshash undoshlarning takrorlanishi), assonans (bir xil unli tovushlarning takrorlanishi), qofiya, onomatopiya (tovush taqlidi) kabi evfonik vositalar orqali kuchaytirilgan ifodaviy imkoniyatlari qiyosiy-stilistik tahlil orqali asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz, o‘zbek, turk milliy-madaniy dunyoqarashining paremiologik sathdagi tahlili mavzusidagi dissertatsiya ishi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Ingliz, o‘zbek, turk milliy-madaniy dunyoqarashining paremiologik sath aspektida tahlili mavzusidagi filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyasi natijalaridan institutda 2017-2020-yillarda bajarilgan FZ-2016-09081165532 raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusida bajarilgan fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. Natijada ingliz, o‘zbek va turk tillarida ishlatiladigan paremiyalar tahlili asosida ularning struktur-semantik modellari o‘zaro solishtirilib, metaforik struktura, parallelizmlar va sintaktik qurilishdagi farqlar aniqlangan, paremiyalarning voqelikni baholash, ta’sir o‘tkazish, ijtimoiy me’yorini targ‘ib qilish kabi pragmatik vazifalari tahlil qilinib, ularning madaniy va milliy kontekstga bog‘liq ravishda ishlatilish usullari aniqlangan, turli diskurslarda (pedagogik, siyosiy, maishiy, diniy) paremiyalarning axborot etkazish, emotsional yuklama berish va muloqotni normallashtirishdagi roli aniqlanib, ular orqali madaniy identitet va qadriyatlar uzatilishi mexanizmi ishlab chiqilgan, “Mehnat”, “halollik”, “sabr”, “vaqt”, “do‘stlik” kabi umuminsoniy qadriyatlar har uch til paremiyalarida qanday ifodalangani aniqlanib, semantik yadrosi barqaror, lekin leksik va stilistik shakli milliy madaniyatga mos ravishda o‘zgarishi aniqlangan. (№258 sonli ma’lumotnoma, №258/1 raqamli dalolatnoma, 2025-yil 9-iyun, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti Qoraqalpog‘iston filiali);
    paremiologik birliklar tahlili orqali madaniy stereotiplar, qadriyatlar tizimi hamda axloqiy-estetik me’yorlar o‘rtasidagi o‘xshashliklar va farqlar aniqlangan, tahlillar orqali aniqlangan o‘xshashliklar, farqlar xalq ruhiyati va milliy tafakkurdagi akslanish shakllari ochib berilgan, paremiyalarning semantik-strukturaviy tahlili asosida har bir tilga xos turmush tarzi, ijtimoiy munosabatlar va axloqiy qarashlarni ifodalovchi madaniy model, stereotiplar taqqoslangan va tahlillar asosida isbotlangan hamda dissertatsiya natija va xulosalaridan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF 201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. (№ 01/4-2522-sonli ma’lumotnoma, 2025-yil 14-iyun, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti);
ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi paremiyalar tarkibida mujassam topgan milliy-madaniy konseptlar qiyosiy-lingvistik va lingvomadaniy yondashuv asosida tahlil qilingan misollardan, har uchala tildagi paremiyalarda ifoda etilgan dunyoqarash, qadriyatlar tizimi, axloqiy-estetik me’yorlar, urf-odatlar va mental stereotiplar o‘zaro solishtirilgan hamda har bir til doirasida ularning semantik yuklamasi va kognitiv asoslari chuqur tahlillar asosida isbotlangan o‘rinlardan, tahlillar orqali milliy tafakkurda shakllangan asosiy konseptlarning til vositasida qanday metaforik, obrazli va konnotativ shakllarda ifodalanishi aniqlanganligi, ularning xalq ongidagi psixomadaniy aks-sadosi va lingvomadaniy funksiyalari misollar orqali dalillangan xulosalaridan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2023-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. (№ 01/4-2521-sonli ma’lumotnoma 2025-yil 14-iyun, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti);
tadqiqotda paremiologik birliklarning badiiy matnlar, ommaviy axborot vositalari, reklama, siyosiy nutqlar va kundalik muloqot singari turli kontekstlardagi stilistik va funksional xususiyatlari aniqlangan, ularning stilistik moslashuvchanligi va muloqotdagi kommunikativ yuklamasi chuqur tahlil qilingan, paremiyalar turli kontekstlarda, xususan, siyosiy nutqlarda dalil va ishonch vositasi, reklamada ta’sirchanlik elementi, badiiy adabiyotda obrazli ifoda sifatida ishlatilishi orqali ularning ko‘p funksiyali tabiati tizimli tahlil etilgan,  ommaviy axborot vositalarida va kundalik muloqotda paremiyalarning aktual va dinamik qo‘llanishi, ularning ijtimoiy ongni shakllantirishdagi vosita sifatidagi roli ochib berilgan hamda milliy-madaniy xususiyatlari aniqlangan natija va xulosalaridan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida Toshkengt davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030. “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild) chop etish” nomli fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. (№ 01/4-2520-sonli ma’lumotnoma, 2025-yil 14-iyun, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti);
ingliz, o‘zbek va turk tillarida uchraydigan paremiyalar (maqollar va xalq iboralari) semantik jihatdan tahlil qilinib, ularning mazmuniy modellari aniqlangan, shu bilan bir qatorda ushbu modellarda ifodalangan asosiy g‘oyalar, axloqiy-etik qadriyatlar, ijtimoiy munosabatlar va hayotiy tajribalarning qanday tarzda kodlanganiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, ommaviylik va o‘ziga xoslik munosabatlari zamonaviy ijtimoiy-lingvistik muhitda qanday aks etayotgani yoritilgan nazariy mulohazalaridan, har uchala tildagi paremiyalar tarkibidagi leksik birliklar, sinonimik ifodalar, ularning konnotativ (turlicha kontekstda yuklanadigan) ma’nolari va tilda tutgan o‘rni chuqur tahlil qilingan. Ayniqsa, sinonimik parallel maqollar orqali har bir tilga xos ifoda uslubi, metaforik qurilish va xalqona obrazlar misollar orqali tahlil qilinib ilmiy asoslangan xulosalardan 2022-2024-yillarda International Research Center for Intangible Cultural Heritage in Asia and the Pacific (IRCI) (Yaponiya) tomonidan moliyalashtirilgan APC2C/10- sonli “Sustainable Collection of Research Data for the Protection of Intangible Cultural Heritage: Focus on Central Asia and Small Island Developing States” nomli grant loyiha doirasida foydalanilgan. (№MA 01/01- 39 sonli ma’lumotnoma, 2025-yil 17-iyun, “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot maskani);
ingliz, o‘zbek va turk tillarida muloqotda, ijtimoiy hayotda, madaniy-milliy va ijtimoiy identifikatsiya jarayonlarida qo‘llaniladigan maqollar modallik yoki modallik komponentiga ega paremiologik birliklarning stilistik vositalar orqali ifodalanish xususiyatlari qiyosiy tahlil qilinib, ularning milliy-madaniy va pragmatik jihatlari aniqlab berilgan, axloqiy qadriyatlar, jamiyatdagi ijtimoiy-psixologik jarayonlar, shuningdek, ommaviylik va o‘ziga xoslik munosabatlari zamonaviy ijtimoiy-lingvistik muhitda qanday aks etayotgani yoritilgan nazariy mulohazalaridan, modallikni ifodalovchi paremiologik birliklarning konnotativ ma’nolari va uslubiy funksiyalari lingvistik va stilistik mezonlar asosida tizimlashtirildi hamda ingliz, o‘zbek va turk tillarida umumiy va farqli belgilar asosida tahlil qilinib ilmiy asoslangan xulosalaridan 2022-2024-yillarda Germaniya akademik almashinuv xizmati DAAD tomonidan moliyalashtirilgan ID-57663348-sonli “European Perspectives in Dialogue: Central Asia and Western Research – Muloqotda Evropa istiqbollari: Markaziy Osiyo va G‘arb tadqiqotlari” nomli grant loyiha doirasida foydalanilgan. (06/3866-son ma’lumotnoma, 2025-yil 17 iyun, Buxoro davlat universiteti);
ingliz, o‘zbek va turk tillaridagi paremiyalar tarkibida mujassam topgan milliy-madaniy konseptlar qiyosiy-lingvistik va lingvomadaniy yondashuv asosida tahlil qilingan misollardan, har uchala tildagi paremiyalarda ifoda etilgan dunyoqarash, qadriyatlar tizimi, axloqiy-estetik me’yorlar, urf-odatlar va mental stereotiplar o‘zaro solishtirilgan hamda har bir til doirasida ulaming semantik yuklamasi va kognitiv asoslari chuqur tahlillari isbotlangan o‘rinlardan, tahlillar orqali milliy tafakkurda shakllangan asosiy konseptlaming til vositasida qanday metaforik, obrazli va konnotativ shakllarda ifodalanishi aniqlanganligi, ularning xalq ongidagi psixomadaniy aks-sadosi va lingvomadaniy funksiyalari misollar orqali dalillangan xulosalaridan 2017-2020-yillarda bajarilgan 11-XT-0-1722 raqamli “Qoraqalpoq mentalitetini o‘quvchi yoshlarga singdirishda xalq pedagogikasi imkoniyatlaridan foydalanish” mavzusidagi amaliy grant loyihasini amalga oshirishda foydalanildi. (№267 son ma’lumotnoma, 2025-yil 17-iyun, Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti Qoraqalpog‘iston filiali).

Yangiliklarga obuna bo‘lish