G‘ulomov Doston Inomjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Tayanchlarning turli xildagi qo‘zg‘alishlarida ko‘priklarni seysmik ta’sirlarga hisoblash usullarini takomillashtirish”, 05.09.02 – “Geotexnika” (Ko‘priklar, transport tonnellari va metropolitenlar)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6269.
Ilmiy rahbar: Shermuxamedov Ulug‘bek Zabixullaevich – texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.10/2025.27.12.T.01.01 raqamli Ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Akramov Xusnitdin Axrarovich, texnika fanlari doktori, professor; Nishonov Ne’matilla Asatillaevich, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim. 
Yetakchi tashkilot: “O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ko‘prik tayanchlarining turli grunt sharoitlarida joylashganligini hisobga olib transport inshootlarining seysmik mustahkamligini oshirish va seysmik ta’sirlarga hisoblash usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
hudud relefi va grunt sharoitlarining bir jinsli emasligi tufayli yuzaga keladigan ko‘prik tayanchlari qo‘zg‘alishlarining farqi bir-birini muvozanatlaydigan bo‘lib, ko‘prik o‘tish joyining uzunligi bo‘ylab tezlanishlar maydonining nobirjinsligi sezilarli bo‘lsa-da, natijada tezlanishlar farqi me’yorlardagidek 2 ball emas, balki atigi 20% ni tashkil etishi isbotlangan;
qurilish maydoni relefi va tezlanishlar maydonining nobirjinsligini hisobga olgan holda sonli mikroseysmik rayonlashtirish asosida hisoblanayotgan inshoot uchun xavfli chastotali ta’sirlarda tayanchlar orasidagi korrelyasiyani hisobga olish zarurligi isbotlangan;
mavjud yondashuvlar doirasida tayanch qismining siljishini va oraliq qurilmalar tayanchlardan ehtimoliy tushib ketishining oldini olish uchun uzlukli to‘sinli ko‘priklarni hisoblashda ko‘prik uzunligi bo‘ylab tezlanishlar maydonining nobirjinsligini aniq hisobga olish imkonini beruvchi chiziqli spektral usulning takomillashtirilgan varianti ishlab chiqilgan;
uzlyuksiz to‘sinli temirbeton ko‘prik inshootlarida hosil bo‘ladigan kuchlanishlarni tebranish shakllari va har bir tayanchning qo‘zg‘alishi bo‘yicha alohida taqsimlash usuli tayanchlar orasidagi korrelyasiyani hisobga olish hamda qurilish maydonini mikroseysmik rayonlashtirish orqali ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tayanchlarning turli xildagi qo‘zg‘alishlarida ko‘priklarni seysmik ta’sirlarga hisoblash usullarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishi natijalari asosida:
takomillashtirilgan chiziqli spektral hisoblash usuli asosida o‘tkazilgan sonli tadqiqotlar natijasida uzlukli to‘sinli ko‘priklarni seysmik ta’sirlarga hisoblashda tezlanishlar maydonining nosinxronligini hisobga olish zarurligi ilmiy jihatdan isbotlandi va “Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasida loyihalashga joriy qilingan (“Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasining 2025-yil 25-dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, tezlanishlar farqi ShNQ 2.01.20-16 bo‘yicha 2 ball emas, balki atigi 20% ni tashkil etishi isbotlangan;
“4P 40 avtomobil yo‘lining 181,278 km dan o‘tgan ko‘prik qurilishi” loyihasi bo‘yicha uzlukli to‘sinli ko‘prik inshootini hududning mikroseysmik rayonlashtirilishini, mahalliy relef hamda grunt sharoitlarini hisobga olgan holda loyihalash va qurish jarayonida “Sharof Rashidov tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2026-yil 21-yanvardagi №4/E91-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, konstruktiv elementlarda ortiqcha zaxira koeffisientlarini kamaytirish va materiallar sarfini optimallashtirish imkoniyati yaratish hamda mazkur yondashuvdan foydalanish qurilish va loyihalash xarajatlarini an’anaviy usullarga nisbatan 419,0 mln so‘mgacha qisqartirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish