Malikov Komiljon Homid o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ko‘p qatlamli magnit nanostrukturali epitaksial plyonkalarning magnitooptik xususiyatlari” mavzusidagi 01.04.05-Optika.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/FM1274
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti huzuridagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi
Ilmiy rahbar: Ochilov Odil, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi PhD.01/2025.27.12.FM.04.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Tadjibaev Ikram Uralbaevich - Chirchiq davlat pedagogika universiteti Fizika kafedrasi professori fizika-matematika fanlari doktori, professor. Raximov Sharof Amonovich - Buxoro davlat pedagogika instituti Fizika kafedrasi professori professori fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ko‘p qatlamli magnit nanostrukturali epitaksial plyonkalarning magnitooptik xususiyatlarini, xususan Kerr va Faradey effektlari hamda magnit doiraviy dixroizm hodisalarini nazariy hamda eksperimental jihatdan tadqiq qilish, bu tuzilmalarni zamonaviy optoelektronika, spintronika, telekommunikatsiya tizimlari hamda magnit xotira qurilmalari uchun istiqbolli funksional material sifatida qo‘llash bo‘yicha yangi echimlarni taklif qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ko‘p qatlamli magnit nanostrukturali epitaksial plyonkalarda elektromagnit to‘lqinlarning tarqalish qonuniyatlari tadqiq etilib, ikki va uch qatlamli ferromagnit tizimlar uchun ekvatorial magnitlangan holatda qaytgan va o‘tgan yorug‘likdagi magnitooptik effektlarni tavsiflovchi analitik ifodalar ishlab chiqildi hamda ferromagnit plastinkalar uchun umumlashtirilgan Frenel formulalari yagona nazariy yondashuv asosida birinchi marta asoslab berilgan;
ferrimagnit epitaksial plyonkalar va nanoplyonkali geterostrukturalarda magnit doiraviy dixroizmning Faradey effektiga qo‘shadigan solishtirma hissasi Kramers–Kronig dispersiya munosabatlari asosida miqdoriy baholanib, ushbu bog‘liqlikni aniqlash imkonini beruvchi matematik model aniqlangan;
ilk bor Kramers–Kronig dispersiya munosabatlariga asoslangan holda magnitooptik materiallarda Faradey effektining dispersiya xususiyatlarini MDD spektrlari orqali miqdoriy hisoblash imkonini beruvchi kompyuter dasturi Python dasturlash muhitida yaratildi;
BiYIG/GGG va YIG/GGG epitaksial plyonkalarda magnit domen strukturalarining shakllanishi va ularning tashqi magnit maydon hamda harorat ta’sirida qayta konfiguratsiyalanish jarayonlari eksperimental o‘rganilib, domen tuzilmalarining tartiblanishi natijasida magnit difraksion panjaralar hosil bo‘lishining fizik mexanizmlari optik mikroskopiya usullari asosida ochib berilgan;
magnitooptik Faradey effekti va boshqariladigan domen strukturalariga asoslangan holda deflektor, multipleksor–demultipleksor, magnitooptik kalit va zatvorlarni o‘z ichiga oluvchi, yuqori tezlikda ishlovchi optik assotsiativ kommutatsiya fabrikasining guruh shakllanishi nazariyasi yaratilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Magnit materiallardagi magnitooptik hodisalar va yangi avlod optik kommutatorlarining element bazasini o‘rganish asosida:
Turli gibrid ko‘p qatlamli nanostrukturalar uchun taklif etilgan magnitooptik model va hisoblash algoritmlari hamda Python dasturi asosida elektromagnit to‘lqinlarning tarqalish va magnitooptik effektlarning hisoblash metodlari haqidagi ma’lumotlardan 2023-2024-yillarda bajarilgan AL-5921078787-sonli “Yuqori hajmli qattiq jismli akkumulyatorlar uchun mikro-kremniyli anod tuzilmasini loyihalash” mavzusidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma loyihasida TiO2/Ag/Si tarkibli nanotuzilmali kompozit anod materiallarni optik va mikrostrukturaviy xossalarini tahlil qilishda xamda elektrokimyoviy xossalarini o‘rganishga mo‘ljallangan laboratoriya qurilmasini yig‘ishda joriy etildi (O‘zMU huzuridagi Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazining 2025-yil 18-iyundagi № 01/49-sonli ma’lumotnomasi). Natijada TiO₂/Ag/Si tarkibli nanotuzilmali kompozit anod materiallarning taqiqlangan zona qiymatini oldindan aniqlash va mikrotuzilmasini tadqiq etish asosida sintez jarayonini optimallashtirish imkoniyati yaratildi, bu esa qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish va energiya tejamkorligini oshirish ta’minlangan;
ishlab chiqilgan eksperimental natijalarni nazariy modellar bilan solishtirish orqali aniqlikni baholash metodikasi va YIG asosidagi epitaksial plyonkalarda domen strukturalarining tashqi magnit maydon hamda harorat ta’siridagi o‘zgarishlari optik mikroskop va difraksion qurilmalar yordamida aniqlash usullaridan 2021-2023-yillarda bajarilgan “Metall oksidlari bilan legirlangan silikatlarning termoelektrik xossalari va o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lish jarayonlari” Uzb-Ind-2021-78 O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma fundamental tadqiqotlar loyihasida metall oksidlari bilan legirlangan silikatlarda optik va termoelektrik xossalarni o‘rganishda joriy etilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 1-iyuldagi № 04/11-8450-sonli ma’lumotnomasi). Natijada metall oksidlari bilan legirlangan silikat materiallarning optik va termoelektrik xossalarini oldindan diagnostika qilish hamda olingan namunalar tarkibini qo‘yilgan texnologik talablar asosida optimallashtirish imkoniyati yaratildi, bu esa sintez jarayonida ortiqcha tajribalar sonini kamaytirish, moddiy resurslar sarfini qisqartirish va energiya tejamkorligiga erishishni ta’minlangan;
YIG:Bi, ZnO:Co, Co/SiO₂ nanostrukturali plyonkalarda Faradey effekti hamda magnit doiraviy dixroizmning eksperimental o‘lchovlari va turli magnit hamda optik sharoitlarda nanoplyonkalar magnitooptik parametrlarini baholash metodikasi Rossiya Fanlar Akademiyasi Elektrofizika va elektroenergetika institutining amaliy faoliyatida laboratoriya amaliyotida nanostrukturali materiallarni o‘rganish bo‘yicha eksperimental imkoniyatlarni kengaytirishda, yangi nanoplyonka tizimlarining magnitooptik xususiyatlarini baholash aniqligini oshirishda hamda sensor qurilmalar, optik kommutatorlar va spintronika elementlarini keyingi ishlab chiqish uchun asos yaratishda joriy etilgan (Rossiya Fanlar Akademiyasi Elektrofizika va elektroenergetika institutining 2025-yil 25-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p qatlamli magnit nanoplyonkalarning ehtimollik tuzilmasi va tarkibini oldindan aniqlash imkoniyati yaratilgan bo‘lib, bu sintez jarayonida ortiqcha xarajatlarni kamaytirish hamda energiya tejamkorligini oshirishga xizmat qilgan.