Norov G‘ulomjon Mirzog‘olib o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Karerda ishlash jarayonlarini matematik modellashtirish: asosiy parametrlarni tahlil qilish, optimallashtirish va prognozlash”, 04.00.17 – Konchilikda fizik jarayonlar, 05.01.07 – Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5059.
Ilmiy rahbarlar: Nasirov Utkir Fatidinovich, texnika fanlari doktori, professor; Xudayberdiev Oybek Jumaboevich, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, PhD.03/2025.27.12.T.02.07.
Rasmiy opponentlar: Kazakov Aziz Nigmanovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent; Baxromov Sayfiddin Akbarovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Geologiya fanlari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: karer bortining qavariq shaklini splayn funksiyalarga asoslangan matematik modellashtirish negizida qurish usullarini ishlab chiqish va karer borti ustuvorligini kon massivi og‘irlik markazi va ustuvorlik zaxira koeffisienti tahlili asosida prognozlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uchinchi darajali lokal interpolyasion splayn modellarni qurish va ushbu model asosida murakkab geologik va gidrogeologik sharoitlar uchun konchilik ishlarini bexatar olib borish, karer borti qiyaliklarining optimal geometriyasini ta’minlashga xizmat qiladigan bort qavariq traektoriyasini qurish ishlab chiqilgan;
kubik splayn negizida qurilgan karer borti traektoriyasini va siljish chizig‘i bilan chegaralangan tog‘ jinslari massivi og‘irlik markazining koordinatalarini aniqlash traektoriyasining matematik modeli asosida qiyalik ustuvorligi koeffisientini va ustuvorlikni muhandislik baholash aniqligini oshirilishi asoslangan;
karer borti traektoriyasi qavariqligi va ustuvorlik zaxirasi koeffisienti orasidagi o‘zaro korrelyasion bog‘liqlik mavjudligi to‘g‘risidagi teorema isbotlangan;
muayyan kon-geologik sharoitlar uchun karer bortining xilma-xil geometrik konfiguratsiyasiga mos bo‘lgan ustuvorlik zaxirasi koeffisientlarini baholashning kompleks usullari ishlab chiqilgan va bort qiyaliklarining optimal parametrlarini aniqlash va loyihalash amaliyotida qo‘llash algoritmi va dasturlar majmui ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Karer borti qiyaliklari ustuvorligining matematik modellarini ishlab chiqish, bort geometriyasini optimallashtirish va konchilik ishlari xavfsizligini oshirish bo‘yicha samarali muhandislik echimlarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kubik splaynlarni qo‘llagan holda karer bortining qavariq traektoriyasini qurish usuli “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning “Yoshlik-1” karerida joriy etilgan (“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning 2025 yil 16 oktyabrdagi SL-875-son ma’lumotnomasi). Natijada, bort geometriyasini optimallashtirish va xavfsiz qiyaliklar maydonini qisqartirish hisobiga foydali qazilmalarni qazib olish hajmini 8% ga oshirish, qiyaliklarni mustahkamlashga sarflanadigan xarajatlarni 12% ga kamaytirish imkonini bergan;
kon massivi massasi markazining koordinatalarini aniqlash va qiyaliklarning ustuvorlik zaxirasi koeffisientini hisoblash usuli “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning “Yoshlik-1” karerida joriy etilgan (“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning 2025 yil 16 oktyabrdagi SL-875-son ma’lumotnomasi). Natijada, qiyaliklar ustuvorligini baholash aniqligini 18% ga oshirish, avariya xavfini 20% ga kamaytirish, shuningdek, loyiha echimlarini optimallashtirish qiyaliklarni mustahkamlash xarajatlarini 10% ga kamaytirish imkonini bergan va konchilik ishlari unumdorligini oshirish va ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirish imkonini bergan.