Qodirova Nasima Saidburxonovnaning 
Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): O‘zbek adabiy tanqidchiligida uslub muammosi 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2024.1.DSc/Fil773
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Axmedova Shoira Nematovna,  Osiyo xalqaro universiteti professori, filologiya fanlari doktori. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.05/2025.27.12.Fil.15.01. 
Rasmiy opponentlar: Qahramonov Qurdosh Jalg‘asvich, filologiya fanlari doktori, professor; Suvon Meliev, filologiya fanlari doktori, professor; Fayzullaeva Obida Xolbekovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek adabiy tanqidchiligida munaqqid uslubi muammosini ilmiy-nazariy tadqiq etishdan iboratdir. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
munaqqid uslubi nazariy muammo sifatida tadqiq etilib, unga xos individual va umumiy xususiyatlar aniqlandi, munaqqid uslubini belgilovchi dunyoqarash, estetik did, til va nutq aniqligi, ramzlarni anglash mahorati, tahlil va talqin usullari kabi asosiy komponentlar nazariy jihatdan asoslandi;
davr uslubi tushunchasi tanqidchi shaxsiyati va dunyoqarashi bilan uyg‘un holda talqin etilib, jadid va sho‘ro munaqqidlari ijodi misolida davr talabidan kelib chiqadigan umumiyliklar bilan birga ularning individual uslublari ochib berildi hamda portret-maqola, ochiq xat va taqriz janrlarining ilk namunalariga xos uslubiy qirralar izohlandi;
o‘tgan asr yigirmanchi yillari munaqqidlari uslubida jadid va sho‘ro tanqidchiligi unsurlarining sinkretik namoyon bo‘lishi, hukm chiqaruvchanlik, da’vat ruhi, shoirona pafos, vulgar-sotsiologik yondashuv, kompozision izchillik, ilmiy-publisistik tafakkur, shuningdek, yozuvchi-munaqqid uslubida estetik unsurlarning ko‘pligi, empatik yondashuv ustuvorligi tahlillarda yoritildi;
mustaqillik davri tanqidchiligi alohida uslubiy bosqich sifatida isbotlanib, bu davr munaqqidlarining individual xususiyatlari, lirizm, germenevtik va ilohiy-irfoniy talqin, paratekst, kalit so‘z va ramzlar bilan ishlash, xronotop va intertekstual yondashuv kabi komponentlar uslubiy yangilanish sifatida asoslandi, tanqidda milliy uslub qadriyatlar, xalqona iboralar va diniy-irfoniy tafakkur uyg‘unligida namoyon bo‘lishi aniqlandi;
ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan tanqidchilikning uslubiy qirralari subektivlik, shaxsiy ohang, dialogik uslub bilan tavsiflanib, sodda til, vizual va multimodal ifoda, interaktivlik, erkinlik hamda senzurasizlik uning asosiy belgilari sifatida dalillandi.
Tadqiqotning amaliy natijasi quyidagilardan iborat:
jahon va o‘zbek adabiyotshunosligida uslub muammosining o‘rganilish darajasi, yozuvchi va munaqqid uslubidagi umumiy hamda farqli jihatlar qiyosiy tadqiq etilgan. Natijada adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidni o‘rganish va o‘rgatishda foydalanish uchun boy manba yaratilgan. Tadqiqot natijasida uslubni shakllantiruvchi va namoyon qiluvchi omillar, unsurlar, tanqidchi uslubining ilmiy-estetik qonuniyat ekanligi, unga ijtimoiy hodisa sifatida qarash lozimligidan kelib chiqib, tasnif qilingan;
tadqiqot natijasida chiqarilgan ilmiy xulosalar o‘zbek va jahon adabiyotshunosligi fanini yangi ilmiy-nazariy bilimlar bilan boyitishdan tashqari  “Adabiy tanqid nazariyasi”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik” hamda “Adabiyot nazariyasi” kabi fanlardan ishchi dastur, darslik va qo‘llanmalarning mukammal avlodini yaratishga xizmat qilishi asoslangan;
o‘z uslubiga ega va mahoratli munaqqidlar boy ijodiy merosini targ‘ib va tashviq qilish bugungi kunda dolzarb vazifa ekanligi, badiiy matnlardagi ma’naviy-ma’rifiy hamda irfoniy masalalar talqinlarining ilmiy-estetik qimmati, ularda ilgari surilgan umumbashariy g‘oyalar tahlillari tadqiqi jamiyatda ma’nan etuk shaxsni kamol toptirish hamda munaqqidlar uslubi va mahoratini shakllantirishda ahamiyat kasb etishi dalillangan;
jadid, sho‘ro va mustaqillik davri tanqidchiligi uslubini o‘rganish, munaqqidlarning individual uslubini tadqiq etish natijasida o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidchiligi uchun zarur ilmiy tavsiya va takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek adabiy tanqidchiligida uslub muammosiga bag‘ishlangan dissertatsiya natijalar asosida: 
munaqqid uslubi nazariy muammo sifatida tadqiq etilib, unga xos individual va umumiy xususiyatlar aniqlandi, munaqqid uslubini belgilovchi dunyoqarash, estetik did, til va nutq aniqligi, ramzlarni anglash mahorati, tahlil va talqin usullari kabi asosiy komponentlar nazariy jihatdan asoslangan mulohazalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912258. O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 26-avgustdagi 01/4-3756-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha yangi nazariy ma’lumotlar bilan boyigan;
davr uslubi tushunchasi tanqidchi shaxsiyati va dunyoqarashi bilan uyg‘un holda talqin etilib, jadid va sho‘ro munaqqidlari ijodi misolida davr talabidan kelib chiqadigan umumiyliklar bilan birga ularning individual uslublari ochib berildi hamda portret-maqola, ochiq xat va taqriz janrlarining ilk namunalariga xos uslubiy qirralar izohlangan tahlillardan chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2021-2023-yillarda bajarilgan Erasmus+“Gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olishda imkoniyatlarni kengaytirish yoʻllari” Ref: 608413-EPP-1-2019-1-NO-EPPKA2-CBY-ACPALA xalqaro loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 26-avgustdagi 01/4-3757-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan boyigan;
mustaqillik davri tanqidchiligi alohida uslubiy bosqich sifatida isbotlanib, bu davr munaqqidlarining individual xususiyatlari, lirizm, germenevtik va ilohiy-irfoniy talqin, paratekst, kalit so‘z va ramzlar bilan ishlash, xronotop va intertekstual yondashuv kabi komponentlar uslubiy yangilanish sifatida asoslandi, tanqidda milliy uslub qadriyatlar, xalqona iboralar va diniy-irfoniy tafakkur uyg‘unligida namoyon bo‘lishi aniqlangan xulosalardan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2022-2024-yillarda bajarilgan  IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 26-avgustdagi 01/4-3758-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha matnda ramzlarni aniqlashga doir yangi ma’lumotlar bilan boyigan;
o‘tgan asr yigirmanchi yillari munaqqidlari uslubida jadid va sho‘ro tanqidchiligi unsurlarining sinkretik namoyon bo‘lishi, hukm chiqaruvchanlik, da’vat ruhi, shoirona pafos, vulgar-sotsiologik yondashuv, kompozision izchillik, ilmiy-publisistik tafakkur, shuningdek, yozuvchi-munaqqid uslubida estetik unsurlarning ko‘pligi, empatik yondashuv ustuvorligi tahlillarda yoritilgan xulosalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi “Assalom, Buxoro”, “Adabiyot – millat ertasi” ko‘rsatuvlarining 2025-yil 22, 12 va 3-sonlarida foydalanilgan. (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2025-yil 8-sentyabrdagi 01-09-210- sonli ma’lumotnomasi). Natijada adabiy ko‘rsatuvlar zahirasini ilmiy jihatdan boyishiga erishilgan;
mustaqillik davri tanqidchiligi alohida uslubiy bosqich sifatida isbotlanib, bu davr munaqqidlarining individual xususiyatlari, lirizm, germenevtik va ilohiy-irfoniy talqin, paratekst, kalit so‘z va ramzlar bilan ishlash, xronotop va intertekstual yondashuv kabi komponentlar uslubiy yangilanish sifatida asoslangan mulohazalar, ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan tanqidchilikning uslubiy qirralari subektivlik, shaxsiy ohang, dialogik uslub bilan tavsiflanib, sodda til, vizual va multimodal ifoda, interaktivlik, erkinlik hamda senzurasizlik uning asosiy belgilari sifatida dalillangan xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi huzuridagi “Nilufar” adabiy to‘garagi, viloyat umumta’lim maktablaridagi adabiy to‘garaklar mashg‘ulotlari, zamonaviy o‘zbek she’riyati namonyadalari ijodini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar jarayonida foydalanilgan. (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limining 2025-yil 08-sentyabrdagi 23-sonli ma’lumotnomasi). Natijada to‘garak mashg‘ulotlari ilmiy ma’lumotlar bilan boyigan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish