Xoshimov O‘tkirjon Qo‘shmirzaevichning 
tarix fanlari doktori (DSc) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ilm-fan sohalaridagi muammolar va o‘zgarishlar (1985-2025 yy)», 07.00.01– O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2022.3.DSc/Tar242.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti. DSc.03/30.12.2021.Tar.26.03  
Ilmiy rahbar: Mavrulov Abduxalil Abdulxaevich tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar tarix fanlari doktori, professor Oblamurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori (DSc), professor Boboev Feruz Sayfilloevich,
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1985–2025 yillarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi ilm-fan sohalarida yuz bergan o‘zgarishlarni yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning  ilmiy yangiligi:
sovet mustabid tuzumi davrida ilm-fanga bo‘lgan e’tibor asosan rasmiy mafkuraning manfaatlarini qondirishga qaratilgani, oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash ustuvor ahamiyatga ega bo‘lganligi, ayni paytda tabiiy va aniq fanlarning vazifasi sobiq markazni xom ashyo bilan ta’minlashga, ijtimoiy-gumanitar fanlarning siyosiylashtirilgani esa hukmron siyosiy tuzumning dunyodagi “eng adolatli”, “eng insonparvar” davlat barpo etishni g‘oyaviy-mafkuraviy asoslashga yo‘naltirilgani isbotlangan;
mustaqillikning ilk davrlaridanoq O‘zbekiston ilm-fani milliy manfaatlarga qaratilgani, oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan faoliyatning eng muhim, ustuvor yo‘nalishiga aylantirilgani, mamlakatni agrar davlatdan industrial jihatdan rivojlangan davlatga aylantirish, oliy ta’limdan keyingi ta’limning samaradorlik darajasini oshirishning huquqiy-me’yoriy asoslari yaratilgani aniqlangan;
mustaqillikning dastlabki, o‘tish davrida mamlakat iqtisodiy imkoniyatlarining cheklanganligi, professor-o‘qituvchilarning moliyaviy qiyinchiliklar tufayli boshqa sohalarga o‘tib ketishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatning haddan tashqari pastlab ketishi, talabalarni va professor-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish holati mutonosib ravishda 0,5 va 10,2 foiznigina tashkil etishi, buning oqibatida mazkur ta’lim sohasi ijtimoiy nufuzining ortga ketish jarayoni yuz bergani isbotlangan;  
Yangi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan rivojlanishiga, innovasion ishlanma va loyihalarni amaliyotga joriy etish, tijoratlashtirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga ustuvor ahamiyat berilgani, raqobatga asoslangan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlariga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etilgani aniqlangan;
mamlakatda ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarning joriy etilishi oliy ta’lim muassasalarida sifatli ta’lim berish va yuksak salohiyatli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga imkon yaratgani, bu jarayonda yoshlarni ilmiy faoliyatga kengroq tortish, ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishga ko‘maklashuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasi ro‘yobga chiqarilayotgani dalillangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
“O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ilm-fan sohalaridagi muammolar va o‘zgarishlar” mavzusidagi tadqiqotdan olingan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
respublika oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqot faoliyatini takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi va uni amalga oshirishni jadallashtirish orqali ilmiy salohiyatni oshirish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish, bunda oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul kvotalari sonini ko‘paytirish, ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy, innovasion va startap loyihalarni moliyalashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yildagi PF-158-son Farmoni 1.7, 1.11.2 va 1.11.3-bandlarida belgilangan vazifalarni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025 yil 28 maydagi 4/17-2025-77-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi oliy ta’lim tizimida ilmiy salohiyatning o‘sishi, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc), maqsadli doktorantura (PhD, DSc) qabul kvotalarini oshirishga, yosh olimlarning fundamental, amaliy, innovasion, startap loyihalarini moliyalashtirishni takomillashtirish  imkonini bergan;
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilm-fan, ta’lim sohalaridagi o‘zgarishlar dinamikasi, oliy o‘quv yurtlarida zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarni o‘qitish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining ochilishi hududlarda oliy ta’lim va ilm-fan sohalarida rivojlanish yuz berganligi bilan bog‘liq tahliliy ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi Ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazida muzey ekspozisiyasini yaratishda, ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etish foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining 2025 yil 14 iyundagi 01/53-2-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasida mustaqillikning dastlabki yillarida oliy ta’lim tizimi va ilm-fan sohalarini rivojlashtirishga qaratilgan islohotlar natijalarini yoritib berishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan sohalarini rivojlantirish maqsadida me’yoriy-huquqiy hujjatlarlarning qabul qilinishi, oliy ta’lim tizimida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, ilm-fan sohalari hamda professor-o‘qituvchilarni davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tayanch doktorantura, doktorantura bosqichlariga qabul kvotalarining oshirilganligi natijasida yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishining ortishiga oid materiallardan O‘zbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi markazi “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” zalidagi ekspozisiyani shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2025 yil 3 iyundagi 05-14/217-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar, ilm-fan sohalaridagi islohotlar samarasini ko‘rsatib berishga oid ma’lumotlarni boyitishga xizmat qilgan;
oliy ta’lim tizimi va ilm-fan sohalarini rivojlantirish bo‘yicha so‘ngi yillarda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar zarurati va mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, Davlat ilmiy va texnika dasturlarida mustaqillikdan oldin va mustaqillik yillarida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar ishtiroki, ilmiy va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlik aloqalari, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga tadbiq etish va integratsiya jarayonlari, sohadagi muammolar va yutuqlar haqidagi ilmiy ma’lumotlaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Mavzu”, “Chegara bilmas tarix” ko‘rsatuvlari ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2025 yil 12 sentyabrdagi 01-33/668-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari O‘zbekiston tarixida oliy ta’lim muassasalaridagi ilm-fan sohalaridagi yuz bergan o‘zgarishlar haqida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga asos bo‘lgan;
Yangi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi, ilm-fan sohalarida halqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilayotganligi natijasida oliy ta’lim va ilm-fan sohalarining halqaro standartlarga moslashuvi, bu sohalarda hamkorlik geografiyasining kengayganligiga oid masalalar tahlil qilingan materiallardan O‘zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazda bajarilgan “FZ-202009302 – “Yangi O‘zbekiston: tizimli liberallashtirish va Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashning tashqi siyosiy strategiyasi” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2025 yil 12 sentyabrdagi 3/1255-2217-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy etilishi Yangi O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi va ilm-fan sohalarida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlanishi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni yoritib berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish