Qurbonov Abdusamad Meligalievichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Qadimgi Turonning bronza davri ibodatxonalari 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, DSc.01/2025.27.12.Tar.03.01
Ilmiy rahbar: Shaydullaev Shapulat Bazarovich, tarix fanlari doktori, professor. 
Rasmiy opponentlar tarix fanlari doktori, professor Egamberdieva Nigora Azadovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent Raximov Komil Akramovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Bronza davri ibodatxona majmualarida namoyon bo‘lgan an’anaviy va Turon madaniy landshaftida bevosita shakllangan innovatsion xususiyatlarni aniqlash, tizimlashtirish va ularning mintaqaviy rivojlanishdagi ahamiyatini o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning  ilmiy yangiligi:
Qadimgi Turon mintaqasining bronza davri ibodatxonalari iqtisodiy (sug‘orma dehqonchilik va metallurgiya) va ijtimoiy (tabaqalashuv) o‘zgarishlarga mos ravishda rivojlanib, oddiy uy-ibodatxonalardan (Oltintepaning ilk bosqichi, Sarazm, Sopollitepa, To‘g‘oloq-1) monumental jamoa majmualari (Jarqo‘ton, Dashli-3) va murakkab “qal’a” tizimlarigacha (Gonur, To‘g‘oloq-21) bo‘lgan transformatsiyani bosib o‘tgani ilmiy jihatdan asoslangan;
Mintaqaning bronza davri ibodatxonalari mudofaa va ma’muriy funksiyalarni birlashtirgan holda, ibodatxonalarni jamiyatning himoya va boshqaruv markaziga aylantirgan to‘rtburchak/kvadrat minorali reja (Oltintepa, Gonur, Jarqo‘ton) qal’asimon shakllar hamda kosmologik (aylana-osmon) va ijtimoiy (jamoa yig‘ilishlari) ehtiyojlarni qondirgan markazlashgan dumaloq (Dashli-3) shakldagi ikki asosiy an’anaviy me’moriy shakldan iboratligi arxeologik faktlar asosida ochib berilgan;
Gender va kosmik tartibning ramzi bo‘lgan dumaloq va kvadrat altarlar orqali ifodalangan olov kulti, hayvon tasvirlari va muqaddas o‘choqlar bilan bog‘liq qurbonlik marosimlari, haoma muqaddas ichimligi (To‘g‘oloq-21 va Jarqo‘ton), ajdodlar ruhiga e’tiqodning timsoli bo‘lgan dafn marosimlari (Oltintepa) bronza davri ibodatxonalarining an’anaviy diniy amaliyoti ekanligi dalillangan;
Mahalliy an’analar, tashqi madaniy ta’sirlar va ijtimoiy-siyosiy ehtiyojlar o‘rtasidagi dinamik o‘zaro ta’sir natijasida shakllangan Turon mintaqasidagi bronza davri ibodatxonalari ichki hududlarning ijtimoiy-diniy funksiyalar asosida ajratilishi, olov va suv kultlari, zoolatriya va muqaddas ichimliklarga e’tiqodning umumlashuvi (sintezi),  diniy amaliyotlarning ixtisoslashuvi va barqaror tizimga aylanishi, professional kohinlar ierarxiyasining shakllanishini aks ettirgan innovatsiyalarga ega bo‘lgani isbotlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Ushbu tadqiqotdan olingan xulosalar va takliflar quyidagicha amaliyotga tatbiq etildi:
Qadimgi Turonning bronza davri ibodatxonalari mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishi doirasida ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya hamda takliflar asosida bronza davriga oid ibodatxonalar me’morchiligining shakllanish bosqichlari, altarlar tizimi, ularning diniy-funksional vazifalari hamda mazkur ibodatxonalar jamiyat ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan ommaviy axborot vositalari faoliyatida keng foydalanildi. Xususan, tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan ilmiy ma’lumotlar “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida namoyish etilgan ilmiy-ma’rifiy va tarixiy yo‘nalishdagi teleko‘rsatuvlarni tayyorlash jarayonida qo‘llanildi (O‘zbekiston  Milliy  teleradiokompaniyasi  “O‘zbekiston teleradiokanali”  DUK  ning 2025-yil 4-fevraldagi 01-33/37-sonli ma’lumotnomasi). Natijada keng jamoatchilik orasida Qadimgi Turon hududida bronza davrida shakllangan diniy markazlar, ibodatxonalar me’morchiligi va ularning qadimgi madaniy meros sifatidagi ahamiyati to‘g‘risida yanada kengroq va tizimli tasavvur shakllanishiga erishildi.
Shuningdek, tadqiqot davomida olingan ilmiy xulosalar va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasida moddiy madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib etishga oid muassasalar faoliyatida, jumladan, tarixiy muzeylar fondlarini boyitish, bronza davri ibodatxonalariga oid ilmiy ko‘rgazmalar tashkil etish hamda turizm sohasi uchun mo‘ljallangan targ‘ibot va axborot materiallarini tayyorlash jarayonida amaliyotga joriy qilindi (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2025-yil 14-noyabrdagi 04-05/4537-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi qadimgi ibodatxonalar va diniy markazlarning tarixiy-madaniy ahamiyatini keng targ‘ib qilish, muzey va turizm faoliyatida ilmiylik darajasini oshirishga xizmat qildi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish