Ergashev Erkinjon Abdusattor o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Biologik suyuqliklarning kristallanish kinetikasi, xususiyatlari va ularni tibbiy tashxisdagi ahamiyati», 03.00.02 – Biofizika va radiobiologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2025.1.PhD/B1235.
Ilmiy rahbar: Botirov Murodjon Turg‘unboevich, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti Biofizika va biokimyo instituti, DSc.03/2025.27.12.B.01.14.M.
Rasmiy opponentlar: Abdullaeva Gulbahor Tolibjonovna, biologiya fanlari doktori, professor; Fayziev Diyor Davronovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik
II. Tadqiqotning maqsadi: biologik suyuqlik (so‘lak)ning qattiq fazaga o‘tishida kuzatiladigan mexanizmlarni o‘rganish hamda buyrakda tosh hosil bo‘lish jarayonlarini erta aniqlash imkoniyatini kengaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta so‘lakning tarkibi va biofizik-kimyoviy xossalarining tomchi suvsizlanishi jarayonidagi kristallanishga ta’sirini izohlovchi omillar tizimi shakllantirildi hamda “tarkib–xossa–kristallanish” o‘rtasidagi bog‘lanishlar biofizik nuqtayi nazardan asoslab berilgan;
ilk bor vertikal va gorizontal joylashuvdagi mikroskoplardan foydalanib, suyuqliklarning bug‘lanish va kristallanish jarayonlarini uch o‘lchovli fazoda tahlil qilish imkoniyati yaratilgan;
so‘lak tomchisining suvsizlanib qattiq fazaga o‘tishi jarayonida kristall struktura, zonalar tuzilishi va dendrit morfogenezining shakllanish mexanizmlari aniqlashtirildi hamda jarayonning ichki dinamikasi va fazaviy–strukturaviy o‘zgarishlar ketma-ketligi asoslab berilgan;
so‘lak–NaCl aralashmalarida bug‘lanish jarayonida kristallanish zonalarining shakllanish qonuniyatlarini qiyosiy tahlil qilish hamda zonalar nisbatlari va morfologik ko‘rsatkichlar asosida sog‘lom va buyrak tosh kasalligi guruhlarini statistik farqlash imkoniyati yaratilgan;
kristallanish zonalari ko‘rsatkichlarining biokimyoviy indikatorlar bilan patofiziologik mosligini baholash va olingan natijalar asosida buyrak tosh kasalligini erta aniqlashga yo‘naltirilgan diagnostik mezonlar bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Biologik suyuqlik (so‘lak)ning kristallanish kinetikasi, xususiyatlari va ularni tibbiy tashxisdagi ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
so‘lak namunalarining suvsizlanishi natijasida hosil bo‘lgan kristallarning morfologik ko‘rsatkichlari bilan ularning salomatlik darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashga qaratilgan tavsiyalar Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona filiali amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 25-martdagi 02-28/6590-sonli Ma’lumotnomasi). Natijada, so‘lakning suvsizlanib kristallanishi jarayonida hosil bo‘lgan morfologik zonalar noinvaziv usulda baholash va salomatlik holatini muntazam kuzatish imkonini bergan;
so‘lakning kristallanish jarayoni orqali inson tanasining jismoniy salomatlik darajasini baholash, mikrokristallarning morfologiyasi patologik holatlar, jumladan, buyrakda tosh shakllanishini prognoz qilishda marker sifatida qo‘llanishiga oid natijalar Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining ko‘p tarmoqli klinikasi amaliyotida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziriligining 2025-yil 25-martdagi 02-28/6590-son Ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu usul buyrakda tosh kasalligining dastlabki bosqichlarini aniqlashda yuqori samaradorlikni, erta tashxis qo‘yish va tegishli davolash choralarini kechiktirmaslik imkonini bergan;
so‘lak suyuqligining kristallanish jarayoni orqali inson tanasining funksional holatini baholash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining ko‘p tarmoqli klinikasi amaliyotiga joriy etilgan (Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash Boshqarmasining 2024-yil 28-oktyabrdagi 14-08/302-son Ma’lumotnomasi). Natijada, biologik suyuqlikning suvsizlantirilgan tomchisidan hosil bo‘lgan kristallarni vizualizatsiya qilish texnologiyasi klinik sinovlar asosida diagnostika samaradorligini oshirgan, tashxis jarayoniga sarflanadigan vaqtning qisqarishi esa sog‘liqni saqlash tizimida diagnostika jarayonlarini tezlashtirib, bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkonini bergan.