Xakimov Muminjon Olimjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «1H-1,2,3-triazol hosilalari va ularning tanlangan 3d-elementlar bilan koordinatsion birikmalarining strukturaviy xususiyatlari: rentgen strukturaviy va kvant kimyoviy tahlillar asosida», 02.00.01 – Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.PhD/K864.
Ilmiy rahbar: Tojiboev Akmaljon G‘ulomjon o‘g‘li, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.12.05.
Rasmiy opponentlar: Raxmonova Dilnoza Salomovna, kimyo fanlari doktori, professor; Nazarov Yusufjon Eshqobilovich, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1H-1,2,3-triazolning hosilalarini tanlangan 3d-metallar: Cu(II), Co(II), Ni(II), Zn(II) bilan turli kompleks birikmalarining sintezi, ularning tarkibi, kristall tuzilishi, fizik-kimyoviy hamda biologik faol xossalarini amaliy va nazariy tahlillar yordamida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor 1H-1,2,3-triazol hosilalari bilan tanlangan 3d-metallar asosida 11 ta Co(II), Ni(II), Cu(II) va Zn(II) metallkomplekslar sintez qilingan hamda 1H-1,2,3-triazolning 7 ta hosilalari va ularning Cu asosidagi 4 ta metallkomplekslarning monokristallari olingan;
difraksion tajribalar va nazariy hisoblashlar asosida molekulalararo ta’sirlarni miqdoriy baholash uchun Hirshfeld yuzalarini hosil qilingan va energetik tashkil etuvchilarini tahliliga ko‘ra molekulalararo o‘zaro ta’sirlashishlar H···H (van der Vaals), H···O/O···H va H···C/C···H atomlari orasida ta’sirlashish ulushi yuqori ekanligi aniqlangan;
zamonaviy hisoblash usullari yordamida (elektron tuzilishni ifodalovchi) kvant-kimyoviy ko‘rsatkichlar hisoblangan va kompleks hosil bo‘lishida reaksion faol hamda elektronga boy markaz triazol halqasida uchinchi holatda joylashgan N atomida yuqori bo‘lishi isbotlangan;
1H-1,2,3-triazol hosilalari hamda ular asosida olingan mis kompleks birikmalarini saraton kasalligiga qarshi biologik faolligi nazariy usulda tahlil qilingan, olingan kompleks birikmalarning oqsilga bog‘lanishi ligandga nisbatan faol ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1H-1,2,3-triazol hosilalari va ular bilan tanlangan 3d-metallar ishtirokida olingan yangi kompleks birikmalarning kristall tuzilishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
7 ta yangi ligand va 4 ta yangi sintez qilingan komplekslarning rentgen tuzilish tahlili natijalari Kembridj kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (https://www.ccdc.cam.ac.uk/structures/, deposit nomerlari: 2467102, 2467106, 2322358, 2313784, 2464444, 2403706, 2313720; 2466685, 2426436, 2467390, 2464445). Natijada boshqa o‘xshash birikmalarning fizik-kimyoviy va geometrik kattaliklarini aniqlashda va o‘zaro taqqoslashda ulardan foydalanish imkoniyati yaratilgan;
kompleks birikmalarni sintez usullari va olimgan monokristallar rengen tahlil natijalari asosida aniqlangan kristall o‘lchamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar F-FA-2021-408 “Zamonaviy kross-birikish va geterotsiklizatsiya reaksiyalari asosida molekulaga farmakofor fragmentlar kiritish qonuniyatlarini tadqiq etish” (2021-2024 yy.) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining 2025-yil 14-fevraldagi 4/1255-410-son ma’lumotnomasi). Natijada ((1-(4-bromofenil)-1H-1,2,3-triazol-4-il)metil 2-(4- nitrofenoksi) atsetatning monokristallini hamda boshqa 1H-1,2,3-triazollarni monokristallarini olib, kristall strukturalarini o‘rganishda foydalanilgan, ularning molekulyar va fazoviy tuzilishini aniqlash hamda ushbu moddalar tarkibida vodorod bog‘lar tuzilishi va ta’sir mexanizmini yoritish imkonini bergan.