Bazarbaeva Karomat Sultonboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Xorazm viloyati suv havzalaridagi baliqlarning gelmintlari”, 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2024.3.PhD/B1250.
Ilmiy rahbar: Amirov Oybek Olimjonovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Xorazm Maʼmun akademiyasi, PhD.05/2025.27.12.B.25.01.
Rasmiy opponentlar: Gandjaeva Lola Atanazarovna, biologiya fanlari doktori, professor; Kuzmetov Abdulahmed Raimberdievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Xorazm viloyati suv havzalaridagi baliqlar gelmintlarining tur tarkibi, taksonomiyasi, zararlanish ko‘rsatkichlarini aniqlash va qarshi kurashish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xorazm viloyati suv havzalaridagi baliqlar gelmintofaunasining zamonaviy holati tahlil qilinib, 2 tip, 3 sinf, 10 turkum, 22 oila, 31 avlodga mansub 44 tur ekanligi isbotlangan;
zog‘ora baliq (Cyprinus carpio) da 33 ta, oddiy laqqa (Abramis brama) da 25 ta, kumush tovonbaliq (Hypophthalmichthys molitrix) da 20 ta, oq amur (Ctenopharyngodon idella) da 9 ta, ilonbosh (Channa argus) da 7 ta, do‘ngpeshona (Aristichthys nobilis) da 6 ta va sudak (Sander lucioperca)da 11 ta tur gelmintlar bilan zararlanganligi aniqlangan;
baliqlarda aniqlangan gelmintlarining 36 ta turi hazm qilish tizimida, 15 turi nafas olish tizimida, 5 turi sezgi a’zolari, 2 turi suzgich pufagi va mushak to‘qimalarida, 4 tur terida hamda 7 ta tur tana bo‘shlig‘ida uchrashi aniqlangan;
O‘zbekiston faunasida ilk bor Nematodalar tipiga mansub Contracaecum quadripapillatum turi qayd etilib, morfo-biologik va molekulyar genetik tavsiflangan;
gelmintlar ontogenezining turli bosqichlarida hasharotlar, mollyuskalar, sikloplar, kopepodalar, qisqichbaqasimonlar, baliqchi qushlar va sut emizuvchi hayvonlarning oraliq yoki asosiy xo‘jayin sifatida ishtirok etish yo‘llari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xorazm viloyati suv havzalaridagi baliqlarning gelmintlarini o‘rganish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
baliqlarning asosiy nematodozlariga qarshi Albendazol - 10%, 2-propidamizol va 2-asetamizol kimyoviy antigelmintik preparatlarni qo‘llash yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 29 iyuldagi 03/23-2295-son ma’lumotnomasi). Natijada, antigelmintik preparatlar yuqori biologik samara berishi 80%, 85% va 90% gacha aniqlanib, hayvonlarning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshirish imkonini bergan;
Xorazm viloyati baliqlaridagi gelmint turlarining nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Milliy biotexnologik axborotlar markazi Genbanki bazasiga joylashtirilgan (Milliy biotexnologik axborotlar markazi (NCBI), blast.ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, Contracaecum rudolphii - PV747406, C. quadripapillatum - PV082260, Raphidascaris acus - PV194978, Schyzocotyle acheilognathi - PQ358427, Glanitaenia osculata - PQ114254 turlarining identifikatsiya raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda turlarni aniqlash va filogeniyasini o‘rganish imkonini bergan.