Baxtiyorova Munira Sultonalievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Pomidor mevasi jigarrang bujmayishi (Tomato brown rugose fruit virus) virusini ajratish, xususiyatlarini o‘rganish va uning diagnostikasi”, 03.00.04 - Mikrobiologiya va virusologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/V1239.
Ilmiy rahbar: Fayziev Voxid Baxramovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Chirchiq davlat pedagogika universiteti, PhD.01/2025.27.12.B.04.05.
Rasmiy opponentlar: Sherimbetov Anvar Gulmirzaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Maxmudov Toxir Halimovich, biologiya fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: issiqxona sharotida tarqalgan Pomidor mevasining jigarrang bujmayishi virusining RNKsini ajratish, xususiyatlarini aniqlash va molekulyar-genetik identifikasiyalash hamda filogenetik shajarasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ToBRFV ilk bor Respublikamizda yopiq izolyasiyalangan sharoitda pomidor o‘simligi hosildorligi hamda meva sifatiga jiddiy zarar etkazuvchi fitovirus sifatida aniqlangan;
virus “Tomato brown rugose fruit virus, M-24” izolyati komplekt genomi va “ToBRFV Uzb_4.1” izolyatining esa oqsil qobig‘i (CP) sinteziga javobgar gen uchastkasini sekvens qilish orqali molekulyar identifikatsiya qilingan hamda bioinformatik tahlillar asosida filogenetik shajarasi yaratilgan va dunyoning boshqa mintaqalarida tarqalgan izolyatlardan farqlanishi isbotlangan;
PZR tahlillari yordamida virusning oddiy jag‘-jag‘ (Capsella bursa-pastoris L.) va qoqio‘t (Taraxacum officinale) kabi yangi tabiiy rezervator o‘simliklari aniqlangan;
ToBRFV “M-24” izolyatining CP genini boshqa izolyatlar bilan qiyosiy tahlili uning beshta uchastkasida nuqtali (Missense) mutatsiya mavjudligi aniqlangan va leysin (L) aminokislotasi glutaminga (Q), tirozin (Y) aminokislotasi aspartat kislotasiga (D), lyzin (K) aminokislotasi asparaginga (N), alanin (A) aminokislotasi valinga (V), arginin (R) aminokislotasi esa seringa (S) o‘zgarganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Pomidor (Lycopersicum esculentum Mill.) o‘simligini kasallantiruvchi ToBRFVni ajratish, xususiyatlarini o‘rganish va ularning diagnostikasiga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
ToBRFV virusining respublikamizda tarqalgan izolyati “Fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar noyob ilmiy obekti kolleksiyasi” genofondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 2024-yil 6-noyabr 4/1255-2468-son ma’lumotnomasi). Natijada, fitopatogen mikroorganizmlar shtammlari kolleksiya genofondini boyitish, virus turlari xilma-xilliklari elektron bazasi axborot tahlil tizimini shakillantirish imkonini bergan;
Toshkent viloyati issiqxona sharotida pomidor ekinlarida kuzatilgan virusli kasallik alomatlaridan TT-PZR usulida tahlil o‘tkazilgan va respublikamizda ilk bor ToBRFV virusining “ToBRFV Uzb_4.1” va “Tomato brown rugose fruit virus, isolate M-24” izolyatlari aniqlangan hamda ushbu izolyat Xalqaro GeneBankning NCBI bazasiga OR501605.1 va PQ660493.1 ID raqam bilan joylashtirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 14 iyuldagi 05/06-04-395-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu virus izolyati dunyo bo‘yicha shu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalanish, virus migratsiyasini aniqlash va filogenetik shajarasini o‘rganish imkonini bergan;
“ToBRFV virusi diagnostikasi va oldini olish choralari” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu tavsiyanoma O‘simliklar karantini va himoyasi agentliginingi Toshkent va Farg‘ona viloyati boshqarmasi laboratoriyalarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025 yil 14 iyuldagi 05/06-04-395-sonli maʻlumotnomasi). Natijada, issiqxonada etishtirilayotgan pomidor va qalampir ekinlarida virusni erta aniqlash, fitosanitar nazoratga olish ishlarini olib borish shu bilan birga virus tarqalish darajasini kamaytirishda ilmiy-uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.