Eshniyazova Ayimxan Sheripbaevnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Muallif konsepsiyasi va badiiy talqin muammosi (A.A’zam, X.Do‘stmuhammad, N.Eshonqul nasri misolida)” 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2023.4.DSc/Fil705
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: To‘laganova Sanobar Panjievna, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.05/2025.27.12.Fil.15.01
Rasmiy opponentlar: Yaqubov Islomjon Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Normat Temirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Rasulova Umida Yo‘ldosh qizi, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat milliy pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Muallif ijodiy konsepsiyasi va badiiy talqin muammosini adabiy-estetik kategoriya sifatida aniqlashtirish, inson erki, o‘zlikni anglash, ruhiy hurriyat, millatparvarlik masalalari tanlangan ijodkorlarning ijodiy konsepsiyasini belgilashi, mushohada balog‘ati, intellektual proza, metaforik tafakkur talqinini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
– muallif konsepsiyasi ijodkorning badiiyat olamidagi yaxlit qiyofasi, shaxsiy dasturining jamlanmasi, “shtrix kodi” ekani, shaxsiyat, dunyoqarash, g‘oya, estetik ideal, uslub kabi komponentlardan tashkil topishi ilmiy asoslangan;
– ijodiy konsepsiya muallif ijodining umummahrajini tashkil qiluvchi g‘oyalar yig‘indisi bo‘lib, ijodkor va jamiyat munosabatlarini o‘zida mujassam etishi ochib berilgan;
– badiiy talqin hayotiy haqiqatning badiiy voqelikka aylanish jarayoni sifatida, muallif maqsadi va g‘oyaviy niyati asosida amalga oshishi tahlillarda aniqlangan;
– A.A’zam ijodida inson shaxsiga turli rakursdan yondashuvi, konsepsiyasida o‘ylayotgan odam muammosi alohida o‘rin egallashi, X.Do‘stmuhammad ijodi mushohada balog‘ati namunasi, N.Eshonqul umumbashariy g‘oyalar talqinchisi ekani ilmiy dalillandi;
– A.A’zam, X.Do‘stmuhammad va N.Eshonqul ijodiy konsepsiyasiga jahon adabiyoti va folklorning ta’siri, adabiyotshunoslikda adabiy ta’sirning muhim jihatlari, metaforik tafakkur talqinining intellektual prozani yuzaga keltirishi hamda roman-metafora badiiy hodisa sifatida adabiy-estetik ahamiyat kasb etishi dalillandi.
Tadqiqotning amaliy natijasi quyidagilardan iborat:
ijodiy konsepsiya – muallif ijodidagi g‘oyalar majmuasining yig‘indisi, g‘oyalar tizimidan tashkil topgan butunlik ekani, u mazmun-mohiyatiga ko‘ra butun adabiyotniki, davrniki, avlodniki va ma’lum ijodkorniki bo‘lishi, makon va zamon kategoriyasidagi dinamik ahamiyati asoslangan;
germenevtikaning matn talqini nazariyasi va ma’noni tushunish haqidagi ta’limot, adabiyotshunoslik metodologiyasi, tushunish va tushuntirishga asoslangan keng qamrovli soha ekanligi dalillangan;
interpretatsiya germenevtik konsepsiyalar negizida taraqqiy etgan faoliyat, yondashuv, jarayon ekani, qabul qiluvchining badiiy matnni tarixiy, ijtimoiy va shaxsiy tajribasidan kelib chiqib talqinni talqin qilishi, bunda talqinchining dunyoqarashi va tafakkur tarzi birlamchi asos bo‘lishi aniqlangan;
tanlangan yozuvchilarda tafakkur kengligi, o‘zlikni anglash iztirobi va o‘zligiga ishonch asarlarining konsepsiyasini belgilashi, ularning adabiyot, siyosat, jurnalistika va televidenieda olib borgan faoliyati, jamiyatning faol qatlamida bo‘lgani hamda jamiyatning og‘riqlarini his qilgani, ijtimoiy faoliyatning muallif konsepsiyasiga ta’siri isbotlangan;
badiiy asarni ijodkor shaxsiyati va oilaviy muhiti bilan bog‘lab o‘rganish, uning ijodiy laboratoriyasini ilmiy-nazariy metodlar asosida tadqiq etish, bunda har bir millatning o‘ziga xos qadriyatlar tizimi asos bo‘lib xizmat qilishi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Muallif ijodiy konsepsiyasi va badiiy talqin mahoratini A.A’zam, X.Do‘stmuhammad va N.Eshonqulning nasri misolida o‘rganilishidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Muallif ijodiy konsepsiyasi ijodkorning badiiyat olamidagi yaxlit qiyofasi, yozuvchining ijodiy, badiiy, hayotiy dasturi, ijodining umummahrajini tashkil qiluvchi g‘oyalar yig‘indisi ekanligi, shaxsiyat, dunyoqarash, g‘oya, estetik ideal, uslub kabi komponentlardan tashkil topishi borasidagi tavsiyalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2023-yillarda bajarilgan “Erasmus+ International KA107 Credit Mobility Programme” (Bialystok universiteti, Polsha) nomli xalqaro loyihada foydalanilgan. (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 26-noyabrdagi № 04/1-5686-son ma’lumotnomasi). Natijada zamonaviy o‘zbek adabiyotini ijodkor konsepsiyasi asosida o‘qitishning metodologik asoslarini yaratishga xizmat qilgan.
A.A’zam, X.Do‘stmuhammad va N.Eshonqul ijodiy konsepsiyasiga jahon adabiyoti va folklorning ta’siri, adabiyotshunoslikda adabiy ta’sirning muhim jihatlari, metaforik tafakkur talqinining intellektual prozani yuzaga keltirishi hamda roman-metafora badiiy hodisa sifatida adabiy-estetik ahamiyat kasb etishi haqidagi ilmiy xulosalaridan Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi Milliy instituti Qoraqalpog‘iston filialida bajarilgan FA-F1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 7-noyabrdagi № 421-son ma’lumotnomasi). Natijada barcha qardosh xalqlar uchun umumiy boʻlgan yozma manbalarning badiiy va ilmiy talqini, germenevtik yondashuvning ahamiyati asoslangan.
A.A’zam ijodida o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlar ildizi hamda ozod inson talqinining berilishi, X.Do‘stmuhammadning “Bozor”, “O‘yin” romanlarida zamonaviy inson talqini, qissalarida milliy qahramonlar (Abdulla Qodiriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qahhor) xarakterining yaratilishi, N.Eshonqulning bugungi insonning ichki olami, davr muammolari, uyg‘oq tafakkur talqin qilingan asarlari, adabiy-estetik qarashlari, esselaridan iborat kitoblarining bugungi adabiyot ilmidagi ahamiyati yoritilgan ilmiy-nazariy tahlillaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan PF-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” (2021-2023) bo‘yicha amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 1-iyuldagi №01/4-2866-son ma'lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi zamonaviy o‘zbek nasridagi yangilanishlar, tanlangan qahramonlar, ramz va metaforik tafakkur talqinini tekshirish imkonini bergan;
Dissertatsiya ishining ilmiy natijalari asosida “Muallif konsepsiyasi va badiiy talqin muammosi” ilmiy ishlanmasiga mualliflik huquqi olindi.(O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasining 2025-yil 26-dekabrdagi №009704-sonli guvohnomasi)
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yillik nasr va adabiy tanqidchilik kengashlarida tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 7-iyuldagi 01-03/288-sonli ma’lumotnomasi). A.A’zam X.Do‘stmuhammad va N.Eshonqulning tavallud kunlariga bag‘ishlangan kechalarda, yoshlarning ijodiy to‘garaklarida tadqiqot natijalari ma’ruzalarni boyitgan, ilmiy izchilligini ta’minlashga xizmat qilgan.
Muallif ijodiy konsepsiyasi va badiiy talqin mahorati, estetik ideali, uslub hamda usuldagi izlanishlari, badiiy asarni ijodkor shaxsiyati bilan bog‘lab o‘rganishga doir ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan adabiy, ilmiy-ma’rifiy hamda “Hamma uchun” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 14-oktyabrdagi 01-44--301-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarda ko‘tarilgan adabiy masalalarning ilmiy asosi ta’minlangan.