Abdujalilova Diyora Abdujalol qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Hayrat ul-abror” va “Gulshan ul-anvor” dostonlarining qiyosiy tahlili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B.2024.2.PhD/Fil4605.
Ilmiy rahbar: Yusupova Dilnavoz Rahmonovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01.
Rasmiy opponentlar: Erkinov Aftondil Sodirxanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Baltabaev Saidbek Hamdamovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” va Yahyobey Toshlijalining “Gulshan ul-anvor” dostonlarini qiyosiy jihatdan ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiy va Yahyobey Toshlijalining adabiy hamda ijtimoiy faoliyati ilk bor o‘zaro qiyosiy tahlil asosida o‘rganilib, ularning davlat boshqaruvi tizimidagi ishtiroki, hukmdor saroyiga yaqin shaxs sifatidagi mavqei hamda ijodiy faoliyati o‘rtasidagi mushtaraklik va tafovutlar ilmiy jihatdan asoslab berilgan;
“Hayrat ul-abror” va “Gulshan ul-anvor” dostonlarining tarkibiy tuzilishi, poetik arxitektonikasi qiyosiy jihatdan tahlil etilgan hamda Toshlijali dostonidagi tanbeh va tamsillarning doston mazmuni va ijodkor poetik tafakkurini ochishdagi o‘rni aniqlangan;
har ikkala dostondagi obrazlar shayx va avliyolar, hukmdor va shahzodalar hamda majoziy obrazlarga ajratilib tasnif qilingan va bu obrazlarning mangu obrazlar istilohi ostidagi mohiyati misollar asosida ilmiy dalillangan;
dostonlardagi maqolat va hikoyatlarning o‘zaro munosabatini tadqiq etish orqali har ikki ijodkorning poetik tafakkuri va g‘oyaviy-estetik niyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni hamda Yahyobey Toshlijalining “Gulshan ul-anvor” dostonlari qiyosiy tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Hayrat ul-abror” va “Gulshan ul-anvor” dostonlarining tarkibiy tuzilishi, poetik arxitektonikasi qiyosiy jihatdan tahlil etilgan hamda Toshlijali dostonidagi tanbeh va tamsillarning doston mazmuni va ijodkor poetik tafakkurini ochishdagi o‘rni ko‘rsatib berilgan hamda dostonlardagi maqolat va hikoyatlarning o‘zaro munosabatini tadqiq etish orqali har ikki ijodkorning poetik tafakkuri va g‘oyaviy-estetik niyati ochib berilgan o‘rinlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2023 – 2024-yillarda bajarilgan “AL-662205561-raqamli “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 26-oktyabrdagi 01-3047-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tahliliy ma’lumotlar “Alisher Navoiy mualliflik korpusini yaratish” nomli amaliy loyihaning ilmiy-nazariy bazasini mustahkamlab, dostonlarning tarkibiy va poetik xususiyatlarini chuqur yoritish hamda Navoiy poetik tafakkurini kompyuter lingvistikasi orqali tadqiq etishga xizmat qilgan;
dostonlarning o‘zbek va jahon adabiyotshunosligida ilk bor monografik planda qiyosiy tahlili amalga oshirilib, dostonlarning matn tarkibi, kompozision tizimi, poetik arxitektonikasi va ularning yaratilishiga asos bo‘lgan badiiy-estetik tamoyillar ilmiy jihatdan asoslanganiga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan PF-201912258-raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 26-oktyabrdagi 01-3048-son ma’lumotnomasi). Natijada dostonlarning struktur-kompozision xususiyatlarini aniqlash va ularning didaktik doston an’analaridagi o‘rnini belgilashga doir ilmiy xulosalar shakllanib, mazkur yo‘nalishdagi ko‘p tilli elektron platforma materiallarining ilmiy-metodik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
har ikkala dostonning muqaddimalari o‘zaro qiyoslanib, mualliflar tomonidan tanlangan falsafiy-didaktik mavzularning talqini, undagi konseptual g‘oyalar va adabiy-badiiy niyatlarning o‘xshash va farqli jihatlari aniqlangan va dostonlarning ichki kompozision tuzilishidagi maqolat va hikoyatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tahlil qilinib, an’anaviy didaktik dostonlarning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan IL-402104474-raqamli “bolalaradabiyoti.uz” elektron platforma va uning mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 26-oktyabrdagi 01-3049-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiy va Yahyobey Toshlijalining poetik merosi o‘rtasidagi qiyosiy bog‘liqlik, ularning ijodiy konsepsiyasi, badiiy qarashlari, g‘oyaviy-estetik maqsad va poetik tafakkuridagi mushtarak hamda farqli jihatlarni ochib berishga doir ilmiy xulosalar platformaning ilmiy-nazariy asosini boyitgan;
Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” hamda Yahyobey Toshlijalining “Gulshan ul-anvor” dostonlarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, axloqiy-didaktik qarashlari va tasavvufiy poetikasiga oid xulosalardan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining “Buyuk alloma va ma’rifatparvar jadidlar hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, boy ma’naviy va madaniy meroslarini asrab-avaylash, ilmiy-ijodiy asarlarni keng targ‘ib qilish” mavzusidagi targ‘ibot ishlarini tashkil etish va o‘tkazishda foydalanilgan (Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 14-yanvardagi 10/11-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiya materiallari mazkur targ‘ibot ishlarining ilmiy asosini mustahkamlab, buyuk allomalar boy ma’naviy-madaniy merosini keng targ‘ib qilishga samarali hissa qo‘shdi.