Qurbanova Kumushoy Rashidovnaning
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asr boshlari Xorazm adabiy muhitida janrlar poetikasi”.
10.00.02 – O‘zbek adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Fil6460.
Ilmiy rahbar: Ametova Ulbosin Kamiljanovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.12
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, Jo‘raev Jaloliddin Olimjonovich; filologiya fanlari doktori, dotsent, Afoqova Nodira Maxmudovna.
Yetakchi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr boshlarida Xorazm adabiy muhitida yaratilgan badiiy asarlarning lirik janrlardagi o‘ziga xosligini, mazmun va shakldagi an’anaviyliklar hamda poetik yangilanishlarni, adabiy muhitga doir muhim fakt va ma’lumotlarni o‘rganish, ularning mohiyati va ahamiyatini ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti shoirlari ijodidagi g‘azal, ruboiy, tuyuq kabi lirik janrlar genezisi, taraqqiyot bosqichlari tadrijiylashtirilgan va qiyoslash asosida dalillangan;
o‘rganilayotgan davrda mumtoz lirik janrlar takomili g‘azal, kichik lirik janrlar va musammatlar misolida ularning mazmun-mundarijasiga ko‘ra – ishqiy, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy-ta’limiy; shakl jihatiga ko‘ra – vazndagi an’anaviylik (aruz vazni) va yangilanishlar (barmoq va aruz vaznining aralash holda kelishi yoki to‘liq barmoq vazniga o‘tilishi) tasniflangan va bular Ahmad Tabibiy, Avaz O‘tar, Chokar, Mutrib, Safo Mug‘anniy, Haziniy kabi ko‘plab shoirlar asarlari misolida aniqlangan;
murakkab tarkibli she’r shakllarida yangilanish tamoyillari tarji’band, tarkibband, qasida va soqiynomalarning shakli, mazmuni, vazni va mumtoz poetik obrazlari jihatidan Avaz O‘tarning “Tarji’bandi xomisa”, Ahmad Tabibiyning tarji’bandlari, Komyobning mazmun jihatidan yangilangan tarkibbandlari, Niyoziy, Komyob, Bayoniy qasidalari va soqiynomalari misolida ilmiy aspektda ochib berilgan;
1923-yilda Xorazmda Mulla Bekjon Rahmon tomonidan tartib berilgan “Yug‘urumiya – O‘zbekcha inqilob she’rlari” to‘plami tadqiqot jarayonida eski o‘zbek yozuvidan joriy yozuvga muallif tomonidan tabdil qilingan va kitob shaklida chop etilgan hamda mumtoz lirik janrlarning mazmun jihatidan yangilanishi, aruz vaznidagi saktaliklar, barmoq va erkin vaznga o‘tish holatlari tadqiqot ishida to‘plamdagi she’rlar misolida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti vakillari ijodidagi janrlarda an’anaviylik va novatorlik bo‘yicha olib borilgan ilmiy natijalar asosida:
XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti shoirlari ijodidagi lirik janrlarning mavzu ko‘lami, shakli, qofiya, vazn va she’riy san’atlar tizimida mumtoz an’analar davomiyligi bilan bir qatorda, novatorlik belgilarining ko‘zga tashlanishi haqidagi nazariy xulosalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Berdoq” jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi moliyalashtirgan 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan 87-14/63-sonli “Qoraqalpoq etno ovuli” mavzusidagi davlat grant loyihasi doirasida samarali foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Berdoq” jamoat fondining 2025-yil 22-dekabrdagi 14-sonli ma’lumotnomasi). Natijada XX asr boshlari Xorazm adabiy muhitida mumtoz adabiyot, an’analari va devon adabiyotining yangilanish tamoyillari janr, vazn, mavzu, obrazlardagi an’anaviylik va novatorlik asosida ilmiy jihatdan dalillandi.
“XX asr boshida Xivada yaratilgan “Yug‘urumiya” majmuasidagi she’riy janrlarning mavzu ko‘lami” (“Til va adabiyot.uz” jurnali. Toshkent. 2025-yil, 6-son); “Komyob ijodida chiston janri” (“QDPI Ilmiy xabarlar” jurnali. Qo‘qon. 2025-yil, 5-son); “XX asr Xiva adabiy muhitida tarji’band janri” (“Ta’lim va tarbiyada jadidchilik harakati namoyandalarining o‘rni” mavzusida tashkil etilgan Respublika miqyosidagi ilmiy amaliy anjuman. Urganch. 2025-yil 10-iyun) kabi maqolalaridagi tahlillardan; “Xorazm adabiy muhitida lirik janrlar tadriji va mumtoz adabiyot an’analari” hamda “G‘azal va kichik lirik janrlar taraqqiyoti” deb nomlangan bob fasllarida tahlil qilingan Xorazm adabiy muhitida XX asr boshlarida yaratilgan janrlarda an’anaviylik va yangilanishlar; bu davr shoirlaridan Avaz O‘tar, Tabibiy, Devoniy, Niyoziy, Chokar, Safo Mug‘anniy, Oqil va boshqa yana ko‘plab shoirlarning lirikasi va ularda mavzu ko‘lami; “Yug‘urumiya” majmuasining o‘ziga xosligi hamda undagi janrlar poetikasi haqidagi ilmiy-nazariy qarashlar, ilmiy ish xulosalaridan hamda badiiy-estetik tahlillardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023-yillarda bajarilgan PF-201912256 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2025-yil 29-oktyabr 04/1-5220-sonli ma’lumotnomasi).
“O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda tadqiqotda aks etgan Xorazm adabiy muhitida XX asr boshlarida yaratilgan janrlarga xos an’anaviylik va novatorlik, she’riy janrlar poetikasiga oid xulosalaridan foydalanildi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 5-noyabr 01-33/825-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Xorazm adabiy muhitining o‘ziga xosliklari ilmiy jihatdan mushohada qilinib, dissertatsiyadagi ma’lumotlardan kuzatuvchilar o‘zlari uchun kerakli ilmlarni olishgan va o‘z ijodiy hamda ilmiy izlanishlarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.
Tadqiqot ishida XX asr boshlari Xorazm adabiy muhitida yaratilgan va keng foydalanilgan adabiy janrlarga xos jihatlar, ushbu she’riy shakllarda an’anaviylik va yangilanishlarning namoyon bo‘lishi va boshqa turli poetik xususiyatlar nazariy tomondan ilmiy tahlil etilgan bo‘lib, mazkur xulosalar ijodiy to‘garaklarda, jumladan, Yozuvchilar uyushmasida doimiy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Onajonim she’riyat” to‘garagi, “Xiyobon oqshomlari” kabi mushoira kechalari va boshqa adabiy suhbatlar jarayonida samarali qo‘llanilmoqda (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2025-yil 31-oktyabr 1157-sonli ma’lumotnomasi). Shuningdek, Urganch davlat universiteti hamda Uyushmaning Xorazm viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil qilingan Komil Xorazmiy tavalludining 200 hamda Muhammad Rahimxon Feruz tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy tadbirlarda dissertatsiyada erishilgan natijalar keng qo‘llanilib, o‘z ilmiy yangiligi va ahamiyatini ko‘rsatdi. Natijada, yosh ijodkorlarda XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar yanada mustahkamlanib, ushbu adabiy muhitning o‘ziga xos jihatlari bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishmoqda. Pirovardida, yosh ijodkorlar dissertatsiyada erishilgan yutuqlardan o‘z ijodlarida samarali foydalanmoqdalar.