Turdialieva Shahzoda Ismatullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmogʼi nomi): «Markaziy Qizilqum fosforitlari asosida konsentrlangan murakkab o‘g‘itlar va ozuqaviy fosfatlar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.DSc/T930.
Ilmiy maslahatchi: Namazov Shafaat Sattarovich, texnika fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan davlat texnika universiteti, DSc.03/2025.27.12.K/T.15.08.
Rasmiy opponentlar: Sultonov Baxodir Elbekovich, texnika fanlari doktori, professor; Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor; Xamdamova Shoxida Sherzodovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Qizilqum fosforitlaridan olingan past konsentratsiyali ekstraksion fosfor kislotasini qayta ishlash asosida konsentrirlangan murakkab o‘g‘itlar va ozuqaviy fosfatlar olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
EFKni sulfat ionlaridan tozalash darajasi 97% dan oshadigan va unda F miqdori 0,18% gacha kamayadigan stronsiy va natriy karbonatlarining maqbul me’yorlari (100%) aniqlangan;
tozalangan EFKni 50-55% P2O5 konsentratsiyasigacha konsentrlashning prinsipial imkoniyati ko‘rsatilgan bo‘lib, bunda bug‘latilgan fosfor kislotaning yaxshi oquvchanlik va fizik-kimyoviy xossalari barqarorligi aniqlangan;
tozalangan, konsentrlangan EFKni ammiak yordamida neytrallash orqali sifati jahon standartlariga javob beradigan N:P2O5 = 12:57 va 18:50 markadagi yuqori konsentratsiyali MAF va DAF olishni ta’minlanishi isbotlangan;
GOST 23999-80 talablariga to‘liq mos keladigan tovar fraksiyasi (2-3 mm) 80-85% va donalar mustahkamligi 2-2,5 MPa bo‘lgan donadorlangan ozuqaviy MKF olishning maqbul sharoitlari aniqlangan;
karbamid tutgan murakkab o‘g‘itdagi ortoformadagi fosforni poliformaga maksimal darajada (90-92%) konversiyalanishini ta’minlaydigan, shu bilan mochevinani barqarorlashtiradigan va uning atmosferaga yo‘qotilishini kamaytiradigan bug‘latilgan EFK ning maqbul konsentratsiyasi (56,33% P2O5) aniqlangan;
konsentrlangan murakkab o‘g‘itlar va ozuqaviy kalsiy fosfatlarini donadorlangan va kukun shaklda ishlab chiqarish texnologiyalari ishlab chiqilgan va moddiy balanslari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Markaziy Qizilqum fosforitlaridan olingan ekstraksion fosfor kislotasi asosida konsentrlangan murakkab o‘g‘itlar va ozuqaviy fosfatlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tozalangan, konsentrlangan fosfor kislotasini ammoniylashtirish asosida N:P2O5 = 12:57 va 18:50 markadagi yuqori markali ammoniy fosfatlar - MAF va DAF olish texnologiyasi “Elektrokimyozavod” QK-AJning “2026-2030 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” QK-AJning 2025 yil 16 iyundagi 65-son ma’lumotnomasi). Natijada, issiqxona xo‘jaligi va gidroponikada tomchilatib qo‘llash uchun universal, ekologik toza va iqtisodiy samarador azot-fosforli o‘g‘itlar olish imkoni yaratiladi;
tozalangan, konsentrlangan fosfor kislotasi bilan ohaktosh va suyak unini parchalash asosida ozuqaviy MKF olish texnologiyasi “Elektrokimyozavod” QK-AJning “2026-2030 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” QK-AJning 2025 yil 16 iyundagi 65-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi hayvonlarini fosfor va kalsiy bilan ta’minlash, shu orqali ularning o‘sishi, mahsuldorligini oshirish va olingan mahsulotlarning (go‘sht, sut) ozuqaviy qiymatini yaxshilash imkoniyati yaratiladi;
tozalangan, bug‘latilgan EFK va karbamid asosida muvozanatlashgan NP-o‘g‘it (fosfo-mochevina) olish texnologiyasi “Elektrokimyozavod” QK-AJning “2026-2030 yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ilmiy ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Elektrokimyozavod” QK-AJning 2025 yil 16 iyundagi 65-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘g‘itlarning kislotali tavsifidan kelib chiqib, o‘simliklarning, ayniqsa, ishqoriy va karbonatli tuproqlardan ozuqa moddalarini o‘zlashtirish samaradorligini oshirish imkoniyati yaratiladi.