Akbarov G‘olibjon Alisherovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi qumli landshaftlari tuproqlarining inson omili ta’siridagi ekologik – meliorativ o‘zgarishlari», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/V1220.
Ilmiy rahbar: Isaqov Valijon Yunusovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qo‘qon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.B.10.07.
Rasmiy opponentlar: Zakirova Sanoatxon Homdomovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Shadieva Nilufar Iskandarovna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysidagi o‘zlashtirilgan qum va qumli tuproqlarning genezisi, morfologik va agrokimyoviy xossa-xususiyatlari, qumli hudud maydonlarini qisqarib borish dinamikasi hamda meliorativ holatini antropogen omillar ta’sirida o‘zgarishini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysi qumli dahalarining 1985-2020 yillar oralig‘idagi transformatsiyasi birinchi marta NDVI spektral indekslari yordamida miqdoriy baholandi, qum massivlarining 15,1% ga qisqarishi va agrolandshaftlarga o‘tishining spektral ko‘rsatkichlari 0,08 dan 0,45 gacha o‘zgarishi isbotlangan;
inson omili ta’sirida qumli tuproqlarning sug‘oriladigan o‘tloqi-saz tuproqlar tomon genetikaviy, tadrijiy rivojlanish jarayonlari aniqlandi va bu jarayonda tuproqlarning granulometrik tarkibi hamda  gumus zaxiralarining akkumulyasiyasi va biogen moddalar migratsiyasi yo‘nalishlari ilmiy asoslangan;
Farg‘ona vodiysi qumlari tarkibida 32 dan ortiq kimyoviy elementlar va ularning geokimyoviy o‘ziga xos xususiyatlari hamda Chinobod qum dahasi misolida mishyak (As) va rux (Zn) elementlarining kuchsiz akkumulyasiyasi bilan xarakterlanuvchi biogeokimyoviy provinsiyalar aniqlangan;
qum dahalarining, ko‘p yillik kosmik suratlarni tahlil qilish (LULC usuli) orqali qumli landshaftlarning ekologik-meliorativ holatida yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlari bashoratlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi qum landshaftlarining ekomeliorativ holatidagi so‘nggi 40 yil ichidagi o‘zgarishlarni o‘rganish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
landsat-4, 7 va 8 sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili asosida Farg‘ona vodiysidagi qumli dahalar maydoni 1936-yildagi 120 ming gektardan 2025-yilga kelib 3-4 barobarga kamayganligi hamda mavjud qum aniqlangan; ushbu dinamik o‘zgarishlarni aks ettiruvchi va tahliliy ma’lumotlar Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligi amaliyotiga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/06-04-659-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, deflyasiya xavfi ostidagi qum uyumlarini aniqlash va ularni mustahkamlash bo‘yicha o‘rmon-melioratsiya chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan; 
Farg‘ona vodiysida tarqalgan qumli dahalarning, 1985, 2000, 2020 va 2025-yillar uchun NDVI indeksli xaritalari ishlab chiqilgan va Farg‘ona viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/06-04-659-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, vodiy hududidagi qumli dahalarda o‘zlashtirilgan maydonlar tuproqlarining 40 yillik o‘zgarish dinamikasini aniqlash hamda monitoring qilish imkonini bergan; 
vodiy qumli hududlarining g‘arbiy (Beshariq), markaziy (Chinobod) va sharqiy (Markaziy Farg‘ona) qismlarida 200-300 gektarli ochqich maydonchalar ajratilib, tuproqlarining agrokimyoviy holatini (gumus, azot, fosfor, kaliy miqdorini) aks ettiruvchi1:10 000 miqyosdagi xaritogrammalari Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligining “Qipchoq” bo‘limi,“Fayizli Chinobod tongi”va “Maxmudboy” fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/06-04-659-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligida qumli tuproqlar unumdorligini saqlash, degradatsiyani oldini olish va agrotexnik tadbirlarni belgilashda ilmiy asos sifatida xizmat qilgan;
ochqich maydonchalarda qum va qumli tuproqlarning elementar tarkibi (As, Au, Ba, Br, Ca, Ce, Co, Cr, Cs, Eu, Fe, Hf, K, La, Lu, Mn, Mo, Na, Nd, Ni, Rb, Sb, Sc, Sm, Sr, Ta, Tb, Th, U, Yb, Zn), gumus miqdori, P2O5 va K2O ning yalpi hamda harakatchan shakllari aniqlangan;  ularning miqdoriy ko‘rsatkichlari Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligining “Qipchoq” bo‘limi, “Fayizli Chinobod tongi” va “Maxmudboy” fermer xo‘jaliklarining jami 121 ga maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/06-04-659-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qumlarni mustahkamlash va deflyasiyadan himoyalash, mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini qayta tiklash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish