Mamatqulov Orifjon Odiljon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta tolali S-7303 g‘o‘za navida ko‘chat qalinligiga bo‘g‘liq holda Baystar defoliantining samaradorligi (Farg‘ona viloyatining sug‘oriladigan o‘tloqi-saz tuproqlari misolida)”, 06.01.08 - O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/Qx1481
Ilmiy rahbar: Allanazarov Sultonbek Reyipnazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, PhD.08/2025.27.12.Qx.03.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Odiljon Olimjonovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor; Abduraxmonov Xusniddin Eshmamatovich, qishloq xo‘jaligi  fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Farg‘ona viloyatining sug‘oriladigan o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida o‘rta tolali S 7303 g‘o‘za navini optimal ko‘chat qalinligida etishtirish hamda ushbu navga mos Baystar defoliantining samarali me’yorini aniqlash orqali yuqori hosildorlik va sifatli paxta hosiliga erishish uchun agrotexnologik tadbirlarni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Ilk marotaba Farg‘ona viloyatining sug‘oriladigan o‘tloqi-saz tuproqlari sharoitida etishtirilgan S 7303 g‘o‘za navida ko‘chat qalinligiga bog‘liq holda defoliatsiya samaradorligi aniqlangan. Bunda, gektariga 100–110 ming tup qalinlikda ko‘saklarning tabiiy ochilishi 46,5 % ni tashkil etib, 70–80 va 130–140 ming tup/ga fonlariga nisbatan 0,2–0,3 % ga yuqori bo‘lganligi kuzatilgan. Yarim ochilgan ko‘saklar miqdori esa 70–80 ming tup/ga foniga nisbatan 0,1 % ga ko‘payganligi qayd etilgan. O‘simliklar tup soni va defoliant me’yorlarining oshirilishi ko‘saklarning ochilish darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Baystar defolianti 70–80 ming tup/ga fonida 0,500 l/ga me’yorda qo‘llanilganda ko‘saklar ochilishi 81,5 % ni tashkil etgan bo‘lsa, 0,600 l/ga me’yorda ushbu ko‘rsatkichning 4,1 % ga yaxshilanganligi aniqlangan. Ko‘chat qalinligi 100–110 ming tup/ga bo‘lganda mazkur ko‘rsatkichlar 84,5–88,4 % ni (farq 3,9 %), 130–140 ming tup/ga qalinlikda esa 77,6–84,6 % ni tashkil etgan. Defoliant me’yorining 0,100–0,200 l/ga ga oshirilishi hisobiga ko‘saklar ochilishi fonlar kesimida 3,7–7,0 % ga jadallashganligi isbotlangan.
Tadqiqotda o‘simliklar tup soni va barg sathining oshishi hisobiga defoliant me’yorini ham mutanosib ravishda ko‘tarish yuqori samara berishi aniqlangan. Jumladan, ko‘chat qalinligi gektariga 70–80 ming tupdan 100–110 va 130–140 ming tupgacha ko‘payishi bilan barg yuzasining gektar hisobiga 7588,8–11513,5 m² ga ortishi kuzatilgan.
Ko‘chat qalinligi 70–80 ming tup/ga bo‘lgan fonda Baystar defolianti 0,500 l/ga me’yorda qo‘llanilganda barglarning to‘kilishi 82,5 % ni tashkil etgan bo‘lsa, 0,600 l/ga me’yorda bu ko‘rsatkichning 83,8 % gacha yuksalganligi qayd etilgan. Ko‘chat qalinligi 100–110 ming tup/ga bo‘lganda, defoliant me’yorlariga (0,500–0,600–0,700 l/ga) muvofiq ravishda barg to‘kilishi 84,7–88,4–85,2 % ni, 130-140 ming tup/ga qalinlikda esa tegishlicha 81,6–84,9–85,8 % ni tashkil etgan. Shuningdek, barglardagi xlorofill miqdori barg yarusiga bevosita bog‘liq bo‘lib, 1-yarusdan 3-yarusga tomon ortib borishi, 4-yarusga kelib esa kamayishi aniqlangan.
Maqbul ko‘chat qalinligi va defoliant sarf me’yorlarining o‘zaro mutanosib qo‘llanilishi orqali paxtadan ertaki va yuqori hosil olinishiga erishilgan. Jumladan, gektariga 100–110 ming tup ko‘chat qalinligi fonida Baystar defolianti 0,600 l/ga me’yorda qo‘llanilganda, umumiy hosildorlik 36,8 s/ga ni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich defoliantning mazkur me’yori 70–80 va 130–140 ming tup/ga fonlarida qo‘llanilgan variantlarga nisbatan tegishlicha 2,6–2,7 s/ga ko‘p hosil olinganligini ko‘rsatgan. Birinchi terim salmog‘i ushbu fonda 89,9 % ni tashkil etib, qolgan ikki fonga nisbatan mazkur ko‘rsatkichning 3,1–6,0 % ga yuqori bo‘lishiga erishilgan. Shu bilan birga, qo‘llanilgan agrotexnik tadbirlar natijasida paxta tolasining texnologik sifat ko‘rsatkichlari va chigit sifati pasaymaganligi, aksincha, bu ko‘rsatkichlar ham oshib, pirovardida rentabellik darajasining 8–10 % ga oshganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rta tolali S-7303 g‘o‘za navida turli ko‘chat qalinligiga bog‘liq holda defoliant me’yorlarini qo‘llash bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalari asosida:
Farg‘ona viloyati sharoitida S-7303 g‘o‘za navida ko‘chat qalinligiga bog‘liq holda sifatli defoliatsiya o‘tkazish” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-672-son ma’lumotnomasi) Ushbu tavsiyanoma paxta etishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va agroklasterlari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda. 
Olib borilgan ilmiy-izlanishlar natijalari 2024-yilda Qo‘shtepa, Yozyovon, Toshloq tumanlarida jami 114 gektar maydonda “Ilhom-Ohun”, “Sobirjon fayzli eri”, “Vahobjon Abdullajon o‘g‘li”, “Hanifaxon JBI” “Asadbek Qobil”, FAR ADOLAT NEMATJON” “Bahriddin Ismoilovich” fermer xo‘jaligi dalalarida ishlab chiqarish tajriba sinovlari olib borilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-672-son ma’lumotnomasi). Ilmiy izlanish natijalari davomida gektardagi tup sonini nav uchun eng optimal 100-110 ming tup/ga etib belgilash hamda Baystar defoliantini 0,600 l/ga qo‘llash natijasida ishlab chiqarish maydonlarida 34,4 s/ga hosil olinib nazorat va andoza variantiga nisbatan 2,7-1,2 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan.
Tavsiya etilgan texnologiya asosida g‘o‘za parvarishlanganda tolaning uzunligi 0,03-0,04 dyumga, solishtirma uzilish kuchi 0,7-1,9 gk/teks, uzulishdagi uzayish 0,9-0,6 ga, nur qaytarish koeffisienti 1,0-1,5% ga yuqori bo‘lganligi, ko‘chat qalinligini 70-80 ming tupdan 130-140 ming tupgacha oshib borishi bilan bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 0,63-0,64 grammgacha kamayib, Baystar defoliantini 0,600 l/ga me’yori qo‘llanilganda bir ko‘sakdagi paxta vazni 0,54-0,46 grammgacha ortib (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 15-oktyabrdagi 05/04-04-672-son ma’lumotnomasi) tup soni 100-110 ming tup/ga belgilanganda ochilgan ko‘saklar 45% ni tashkil etgani holda 70-80 va130-140 ming tup/ga fonlarga nisbatan ko‘saklar ochilishi 5-10% ga yuqorilab, genarativ vazni 3,5-3,6 grammgacha ortishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish