Dadabaeva Shirinxon Shuxratovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida aksiologik leksikaning chog‘ishtirma tadqiqi” 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3. DSc/Fil 1058
Ilmiy maslahatchi: Mamajonov Alijon, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.10.05 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori (DSc), professor Sulaymanova Nilufar Jabbarovna, ikkinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Madrahimov Ilhomjon Sobirovich, uchinchi rasmiy opponent sifatida filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent Satimova Dilafruz Numonjonovna.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz tillarida qo‘llaniladigan aksiologik leksik birliklarning etimologik asoslarini, semantik, diskursiv va pragmatik xususiyatlarini aniqlash hamda ularni qiyosiy tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
aksiologik birliklarning tilda namoyon bo‘lishi kognitiv, funsional-diskursiv hamda sotsiolingvistik-madaniy tamoyillar asosida yaxlit, ichki bog‘langan tizim sifatida talqin qilinib, ularning inson ongida konseptual struktura va metaforalar ko‘rinishida shakllanishi, matn va muloqot jarayonida baholovchi ma’no va hissiyotlar orqali ifodalanishi, shuningdek, ijtimoiy qatlam, madaniy me’yor va stereotiplarning lisoniy ifodaga ko‘rsatadigan ta’siri nazariy jihatdan asoslangan;
aksiologik leksika baholovchi mazmundagi qadriyatlarni ifodalovchi so‘z , ibora va maqollardan tarkib topib, konnotativ ma’no, hissiy-ekspressiv munosabat, muayyan madaniyatga xoslik, dinamik o‘zgaruvchanlik hamda kontekstga bog‘liqlik kabi umumiy xususiyatlarga ega ekanligi isbotlangan;
o‘zbek va ingliz tillaridagi aksiologik leksik qatlam turli ijtimoiy, diniy, siyosiy omillar ta’sirida invariant tarzda shakllanib, ularning ma’no doirasi hamda nutqiy ifoda vositalari esa davrga xos tarzda variant shaklda, arxaik aksioleksema va neoaksioleksemalar sifatida namoyon bo‘lishi semantik jihatdan asoslangan;
ikki tilda aksiologik leksik birliklarning kontekstda munosabat, tasdiq va daraja belgisi sifatida qo‘llanishi, nutqiy aktlarda esa lokutiv, illokutiv, perlokutiv bosqichlarida reprezentativ, deklarativ, ekspressiv, direktiv hamda komissiv nutq turlari ko‘rinishida namoyon bo‘lishi aniqlangan. Shuningdek, ular muloqot jarayonida biror harakatga undash, ishontirish, ijtimoiy-axloqiy me’yorlarni mustahkamlash, maqtov yoki tanqid bildirish kabi maqsadlarda foydalanilishi dalillangan;
o‘zbek va ingliz tillarida aksiologik leksik birliklarni ifodalovchi konseptlar dastlab umumbashariy darajada inson ongida shakllanib, keyinchalik esa muayyan madaniyat hamda ijtimoiy-axloqiy me’yorlar ta’sirida lisoniy ifodaga ega bo‘lishi, tilda ular ot, sifat, fe’l, ravish, undov va modal so‘z turkumlari orqali ifodalanib, o‘ziga xos strukturaviy-semantik tizimni tashkil etishi, shu bilan birga, tillararo tarjima jarayonida mazkur birliklarning ma’nosini saqlash uchun situativ-denotativ, transformatsion hamda semantik modellardan foydalanish muvofiqligi aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida aksiologik leksikaning chog‘ishtirma tadqiqi natijasida olingan xulosa va takliflar:
o‘zbek va ingliz tillaridagi aksiologik leksik birliklarning o‘zaro tarjimasida manba tilidagi qadriyatlarni ifodalovchi birliklarning tarjima tilida qayta shakllantirish usullari hamda kontekstga muvofiq to‘g‘ri ekvivalentni tanlash masalalariga oid xulosalar bakalavriat uchun mo‘ljallangan 537503 raqamli “Theory and practice of translation” nomli darslikda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 22-dekabrdagi 537-son buyrug‘i). Natijada u ta’lim jarayonida madaniy birliklarni boshqa tilga tarjima qilishda uchraydigan eng murakkab muammolarni hal etishga xizmat qilgan;
ikki tilda aksiologik leksik birliklarning kontekstda munosabat, tasdiq va daraja belgisi sifatida qo‘llanishi, nutqiy aktlarda esa lokutiv, illokutiv, perlokutiv bosqichlarida reprezentativ, deklarativ, ekspressiv, direktiv hamda komissiv nutq turlari ko‘rinishida namoyon bo‘lishiga oid xulosalardan 537501 raqamli “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” nomli darslikda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 22-dekabrdagi 537-son buyrug‘i). Natijada bu darslik pragmatik ekvivalentlikni ta’minlash, baholash mazmunini saqlash hamda aksiologik leksik birliklarni adekvat tarjima qilishni ta’minlagan;
aksiologik leksika baholovchi mazmundagi qadriyatlarni ifodalovchi so‘z , ibora va maqollardan tarkib topib, konnotativ ma’no, hissiy-ekspressiv munosabat, muayyan madaniyatga xoslik, dinamik o‘zgaruvchanlik hamda kontekstga bog‘liqlik kabi umumiy xususiyatlarga doir nazariy xulosalar IL-402104209 “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” nomli loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 1-dekabrdagi 04/1-5746 son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu loyiha aksiologik leksik birliklarning tarjima jarayonida semantik aniqligi va izchilligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal etishga xizmat qilgan;
aksiologik birliklarning tilda namoyon bo‘lishi kognitiv, funsional-diskursiv hamda sotsiolingvistik-madaniy tamoyillar asosida yaxlit, ichki bog‘langan tizim sifatida talqin qilinib, ularning inson ongida konseptual struktura va metaforalar ko‘rinishida shakllanishi, matn va muloqot jarayonida baholovchi ma’no va hissiyotlar orqali ifodalanishi, shuningdek, ijtimoiy qatlam, madaniy me’yor va stereotiplarning lisoniy ifodaga ko‘rsatadigan ta’siriga oid xulosalar ALM-202304076 raqamli “Milliy neyropsixolingvistik tashhislash metodikasini yaratish” nomli loyihada qo‘llanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2025-yil 28-noyabrdagi 04/123884 son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha milliy konseptlarning inson ongida shakllanishidan tortib ularning lisoniy ifodasigacha bo‘lgan kognitiv-madaniy jarayonni chuqur o‘rganishga xizmat qilgan.