Obod va osoyishta yurtda fayz - baraka bo‘ladi. Zotan, poklik, ozodalik, saranjomlik hamda sarishtalik qalblarga shukuh, mehr-oqibat va ertangi kunga ishonch, quvvat beradi.
Mamlakatimizda ulug‘ ayyomlar arafasida mahalla-ko‘y va jamoat tashkilotlarni obod qilib, bayramni xush kayfiyatda kutib olish maqsadida umumxalq hasharlarini o‘tkazish ezgu an’anaga aylangan. Ramazon hayiti va Navro‘z umumxalq bayrami arafasida butun respublikamiz bo‘ylab tashkil etilgan “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” shiori ostidagi xayriya hashari Oliy attestatsiya komissiyasida ham faollik bilan, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.
Hasharda tashkilot xodimlari birdamlikda faoliyat ko‘rsatib, hududda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishdi. Unda hududni ko‘kalamzorlashtirish uchun gul ko‘chatlari ekildi, daraxtlar oqlandi, yo‘laklar tartibga keltirilib, atrof-hudud va ariqlar chiqindilar-dan tozalandi.
Xalqimizning qadim va boqiy qadriyatlaridan sanalgan hashar xodimlarning jipsligini, tabiatga e’tibor va atrof-muhitga mas’uliyat bilan qarash hissini kuchaytirdi hamda tashkilot hududi fayzli va ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

Mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in olib borilgan umumxalq xayriya hasharlari xalqimizdagi uyushqoqlik va hamjihatlikni, tinch-baxtli hayotga shukronalik hissini namoyon etmoqda.
OAK Axborot xizmati