Burxanova Nigora Hamid qizi
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Zarafshonning quyi qismi sug‘oriladigan erlarining tuproq-meliorativ holati va ularning qiyosiy tavsiflari (Qorako‘l va Kogon tumanlari misolida)”, 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiyasi mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/B1289.
Ilmiy rahbar: Axmedov Alman Usmanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.08/2025.27.12.Qx.06.01. 
Rasmiy opponentlar: Turdimetov Shaxobiddin Muxiddinovich, biologiya fanlari doktori, professor; Saidova Munisa Ergashovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshonning quyi qismi sug‘oriladigan sho‘rlangan tuproqlarining kelib chiqishi va xossa-xususiyatlarini aniqlash, tuproq-meliorativ holatini baholash orqali  ulardan  to‘g‘ri va samarali foydalanishga, sho‘rlanishni oldini olishga qaratilgan echimlar ishlab chiqishdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
sug‘oriladigan o‘tloqi allyuvial va o‘tloqi tuproqlarda keyingi 20 yil ichida grunt suvlarining mineralizatsiyasi massivlar bo‘yicha mos ravishda (4,410-4,580 g/l dan 2,530-2,689 g/l gacha), umumiy tuzlar zahirasi (123,6-110,9 dan 97,2-92,2 t/ga.gacha) va zaharli tuzlar zahirasi (71,6-58,5 dan 48,7-48,8 t/ga.gacha) kamayganligi aniqlangan;
tuproq qatlamlarida suv va tuzlar harakatini yil davomidagi oylar kesimida hamda sho‘rlanishning muayyan vaqt davomida o‘zgarishi dinamikasi ma’lumotlari LeachMod modeli yordamida aniqlangan va tuzlar miqdorining yoz oylarida yuqori (EC 3,8-4,0) va qish oylarida kam (EC 1,3-1,5) bo‘lishi asoslangan;
sho‘rlanish ko‘rsatkichlari, ya’ni quruq qoldiq (r=0,79), umumiy tuzlar (r=0,73) va zaharli tuzlar (r=0,67) bilan tuproqning mexanik tarkibi o‘rtasidagi korrelyativ bog‘liqliklar ilmiy asoslangan; 
geoaxborot tizimi texnologiyalari yordamida ekin maydonlaridagi ochiq drenaj (zovur) tizimlariga nisbatan masofa zonalari bo‘yicha tuproqlarning sho‘rlanish darajasi 0–100 m masofada past, 100-300 m masofa nisbatan past va  o‘rtacha, drenajdan 300 m dan ortiq masofalarda esa yuqori bo‘lishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Zarafshonning quyi qismi sug‘oriladigan erlarining tuproq-meliorativ holati va ularning qiyosiy tavsiflari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Y.Oxunboboev nomli massivning 1713,0 gektar sug‘oriladigan erlarining 1:10000 masshtabli “Zaharli tuzlar zahirasi” kartogrammasi ishlab chiqilgan va massiv hududida amaliyotga joriy etilgan  (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 14 iyuldagi 05/05-04-378-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur kartografik ma’lumotlar tuproq ustki (haydalma) qatlamini zaharli tuzlardan tozalash, tuproq xossa-xususiyatlarini maqbullashtirish orqali meliorativ holatini yaxshilash imkonini bergan;
Buxoro viloyati Kogon tumani “Bo‘ston” massivining 1384,6 gektar sug‘oriladigan erlarining 1:10000 masshtabli “Tuproq sho‘rlanishi” kartogrammasi massiv hududidagi fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 14 iyuldagi 05/05-04-378-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproqlarning ustki 0-1 metrlik qatlamidagi umumiy tuzlar miqdori va sho‘rlanish darajasi hisobga olingan holda, maqbul sho‘r yuvish me’yorlari, soni va muddatlarini belgilash hamda sho‘rlanishni oldini olishga qaratilgan tadbirlar ishlab chiqishga imkon bergan;
 “Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani sug‘oriladigan tuproqlari holati” ma’lumotlar bazasi yaratilgan va massiv hududidagi fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2025 yil 14 iyuldagi 05/05-04-378-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu bazaga kiritilgan yangi ma’lumotlar (tuproqlarning mexanik tarkibi, gumus va oziqa elementlari (NPK), tuproq va grunt suvlaridagi umumiy va zaharli tuzlar miqdori va zahiralari sho‘rlanish darajasi hamda tiplari) massiv sug‘oriladigan erlarining tuproq-meliorativ holatini yaxshilash, sho‘rlanishni oldini olish hamda tegishli agrotexnik va agromeliorativ tadbirlarni ishlab chiqish imkonini bergan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish