Xakimov Farrux Shokirjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Mahalliy xomashyolar asosida qayta zaryadlanuvchi batareyalar uchun elektrolitlar ishlab chiqarish”, 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi, 02.00.14 – Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2026.1.DSc/T1020.
Ilmiy maslahatchilar: Xamdamova Shoxida Sherzodovna, texnika fanlari doktori, professor; Maksumova Oyto‘ra Sitdikovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat texnika universiteti huzuridagi DSc.03/2025.27.12.T.19.06 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Reymov Ahmed Mambetkarimovich, texnika fanlari doktori, professor; akademik; Adilov Ravshan Irkinovich, texnika fanlari doktori, professor; Nazirova Rahnamoxon Muhtorovna, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qayta zaryadlanuvchi natriy oltingugurt (Na–S) li batareyalar uchun yangi elektrolit ishlab chiqarish, chiqindi suvidan Na–S tuzlarini ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish, hamda olingan moddalar asosida to‘liq batareya yig‘ish va ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta NaClO3 dan termik usul bilan olingan NaClO4 unumining haroratga, xomashyo/mahsulot og‘irlik nisbatiga va hosil bo‘lgan tuzlar aralashmasining zichligiga bog‘liqligi aniqlangan;
ilk bor neft va gaz sanoati chiqindi suvlari tarkibidagi natriy–oltingugurt (Na–S) tuzlari rekristallash/regidratlash(eritish), muzlatish/terlatish usullari yordamida ajratilib, ularning elementar va kimyoviy tarkiblari isbotlangan, hamda eritish/regidratlash jarayonlarida natriy ionlarining suyuq fazaga, oltingugurt ionlarining esa rekristallanish jarayonida suyuq fazaga o‘tish qonuniyatlari aniqlangan;
neft-gazni qayta ishlash oqava suvlaridan turli Na/S nisbatiga ega bo‘lgan Na–S tuz fraksiyalari olishning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan, natijada qayta zaryadlanuvchi yangi avlod batareyalari uchun elektrod faol materiallari bazasi yaratilgan;
anod va katod orasida Na+ ionlarining migratsiyasini boshqaruvchi hamda polisulfidlarning eruvchanligini kamaytiruvchi gel elektrolit membranasi uchun poli(akrilonitril-so-metil akrilat) sopolimerining yangi tarkibi ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan gel elektrolit yordamida Na–S turidagi batareyalarda “shuttle” effekti kamaytirilib, ularning barqaror ishlash sikli 1000 dan ortiq siklga etkazish mumkinligi asoslangan;
sintez qilingan plastifikatorlarda yuqori bo‘kuvchanlikka ega sopolimerning elektrolit membrana tarkibida qo‘llanishi natijasida alyuminiy tok yig‘gich va elektrod materiallari o‘rtasidagi adgeziya yaxshilanishi aniqlangan hamda bu holat metil akrilat monomerining efir karbonil guruhining elektrofillik xossasi tufayliligi ilmiy asoslanib, ishlab chiqarishdagi 20 000 Volt yuqori kuchlanishli elektr energiyasini bartaraf etish mumkinligi isbotlangan;
Na–S sinov elementlarida nomuvofiq bog‘lovchi yoki namlik mavjudligi katod degradatsiyasiga olib kelishi aniqlangan hamda bu jarayon akril asosli gel elektrolitlar yordamida barqarorlashtirilishi mumkinligi aniqlangan;
poli(akrilonitril-so-metil akrilat) hamda NaClO4 tuzidan gelsimon elektrolit olish texnologiyasi va Na–S turidagi qayta zaryadlanuvchi batareyalar uchun barqaror ishlovchi elektrolit ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahalliy xomashyolar asosida qayta zaryadlanuvchi batareyalar uchun elektrolitlar ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqish boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
poli(akrilonitril-so-metil akrilat) hamda NaClO4 asosidagi yangi turdagi gelsimon elektrolit “Shams neft mahsulotlari” MChJda ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 21 oktyabrdagi 03-18-8-944-son ma’lumotnomasi). Natijada, yillik quvvati 100 tonna bo‘lgan gelsimon elektrolit ishlab chiqarishni tashkil etish va mahsulot tannarxini 1,9 barobarga kamaytirish imkonini bergan;
sanoat chiqindi suvlarini qayta ishlash asosida Na–S tuz fraksiyalarini olish hamda ulardan qayta zaryadlanuvchi batareyalar uchun katod faol materiallari ishlab chiqarish usullari “Al Know How” MChJda ishlab chiqarishga joriy etilgan (“BYD Uzbekistan Factory” MChJ QKning 2025 yil 19 dekabrdagi 10220-01-1467-son ma’lumotnomasi). Natijada, import mahsulotlarga nisbatan kamida 2,8 barobarga arzon katod faol materiallari ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan gelsimon elektrolit hamda “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ chiqindi suvlaridan olingan Na–S tuz fraksiyalari asosidagi elektrod materiallari asosida Na–S turidagi batareya elementi “Jizzax akkumulyator zavodi” AJda “2025–2027-yillarda amaliyotga joriy etiladigan istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2025 yil 21 oktyabrdagi 03-18-8-944-son ma’lumotnomasi). Natijada energiya sig‘imi yuqori, ko‘p siklli va xavfsiz ishlovchi natriy–oltingugurtli yangi avlod batareyalarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.