12 mart kuni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov Surxondaryo viloyatida xizmat safarida bo‘lib, Termiz davlat universiteti, Termiz iqtisodiyot va servis instituti hamda kunning ikkinchi yarmida Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti va Termiz davlat pedagogika institutining ilmiy-pedagogik jamoasi hamda yosh ilmiy tadqiqotchilari bilan uchrashuv va sayyor qabullar tashkil etdi.
Tadbirlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangani munosabati bilan oliy ta’lim muassasalarining yosh ilmiy tadqiqotchilari bilan ham alohida muloqotlar o‘tkazildi.

Ilmiy jamoatchilik va yoshlar bilan uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalarining 320 nafar, shundan 35 yoshgacha bo‘lgan 290 nafar yosh tadqiqotchisi ishtirok etdi. E’tiborlisi, yurtimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ayniqsa ularning ta’lim olishi va ilm-fan sohalaridagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarga hamohang ravishda “Ayollarni e’zozlash” oyligi doirasida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan ayol-qizlar faoliyati, ularni qiziqtirgan masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tadbirlarda 228 nafar ayol-qizlarning faol ishtirok etgani ham yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ilm-fan sohalarida bilimli va ilg‘or xotin-qizlar faolligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Yalpi uchrashuvlarda ma’ruzachilar tomonidan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyati va samaradorligini yanada oshirishga muhim ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Buni olib borilayotgan islohotlar tarkibida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimining sifati va samaradorligini oshirish borasida tatbiq etilayotgan yangiliklar va ularning natijalari misolida ham ko‘rish mumkin.

Shunga ko‘ra yig‘ilishda dissertatsiya tadqiqotlari sifatini oshirish, ilmiy kengashlar faoliyatini nizomlar talablari asosida tashkil etish, korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va attestatsiya hujjatlarini belgilangan talablar asosida rasmiylashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi va amaliy tajribalar asosida tegishli uslubiy tavsiyalar berildi.
Ochiq va samimiy tarzda o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlarda 51 ta savolga tushuntirish berildi, 11 nafar tadqiqotchiga joyida uslubiy yordam ko‘rsatildi. Sayyor qabullar davomida 3 nafar tadqiqotchi 3 ta masala yuzasidan og‘zaki murojaat qilib, ularga nizomlar talablari asosida joyida batafsil tushuntirishlar berildi.
Albatta, bu kabi uchrashuvlar joylarda ilmiy faoliyat olib borayotgan yoshlar va ayol-qizlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda ona-Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish tuyg‘usini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
OAK Axborot xizmati