Bekov Dilshod Xusanovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tanlangan ikki komponentali gravitasion linzalangan kvazarlar fotometriyasi”, 01.03.02 – Kosmos fizikasi va astrofizika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/FM1236
Ilmiy rahbar: Axunov Tal’at Axmatovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor v.b.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.FM.01.05
Rasmiy opponentlar: Rayimbaev Djavlan Radjapbaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Asfandiyarov Ildar Maratovich, fizika-matematika fanlari falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. tanlangan GLKlarning monitoringi natijasida olingan CCD tasvirlarini fotometrik qayta ishlash, linzalangan komponentlarining ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, sistemalarni model parametrlarini hisoblash va Habbl doimiysini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Maydanak observatoriyasining ko‘zgusi diametri 1,5 metrli AZT-22 teleskopida olib borilgan fotometrik kuzatuvlar asosida SDSS J0806+2006, SDSS J2124+1632 va HS 2209+1914 GLKlari bo‘yicha birlamchi kuzatuv ma’lumotlaridan iborat yagona ma’lumotlar bazasi yaratilgan;
ilk bor SDSS J0806+2006, SDSS J2124+1632 va HS 2209+1914 GLK lari uchun uzoq muddatli monitoring ma’lumotlari olingan va to‘liq fotometrik tahlil qilingan jumladan: ravshanlik egri chiziqlari olinib, ushbu tizimlar uchun ∆tAB=-53±6.0; ∆tBA=102±20 va ∆tBA=25.3±3 kunlik kechikish vaqti qiymatlari aniqlangan; 
ilk bor HS 2209+1914 GLK uchun ravshanlik o‘zgarishining davriyligi 15 yilga teng ekani aniqlangan, ushbu natijaga erishish uchun qoʻshimcha 9 yillik kuzatuv ma’lumotlari olingan, to‘liq fotometrik qayta ishlangan hamda avvalgi kuzatuv ma’lumotlari bilan birlashtirish orqali  oʻzgaruvchanlikning davriylik sikli aniqlangan;  
ilk marotaba SDSS J2124+1632 va HS 2209+1914 gravitatsion linzalangan kvazarlarida linzalovchi galaktikalarning mos ravishda Z = 0.245 va Z = 0.77  qizilga siljishlari) aniqlangan, ularning kosmologik masofalari ishonchli baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiya natijalari quyidagilarga joriy qilingan:
tanlangan ikki komponentali GLKlar fotometriyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar O‘zR FA Astronomiya institutining Galaktikadan tashqi astronomiya laboratoriyasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida kvazarlarning yorqinligi, spektral o‘zgaruvchanligi va massa taqsimotini o‘rganishda foydalanilgan: (O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Astronomiya institutining 2025 yil 29 iyuldagi 01-09/144 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Galaktikadan tashqi obektlar uchun muhim kosmologik parametrlar aniqlangan;
tanlangan  GLKlari uchun yaratilgan  kuzatuv ma’lumotlari banki va ko‘p rangli tasvirlari fotometrik qayta ishlanishi orqali olingan natijalardan O‘zR FA Astronomiya institutidagi Galaktikadan tashqi astronomiya laboratoriyasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida kvazarlarning fizik parametrlari orasidagi empirik bog‘lanishlarni topishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Astronomiya institutining 2025 yil 29 iyuldagi 01-09/144 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kvazarlarning fizik parametrlari orasidagi korrelyasiya qiymati aniqlangan; 
 SDSS J0806+2006 va SDSS J2124+1632 GLK lari uchun ilk bor aniqlangan ravshanlik egri chiziqlari, kvazar manbalarining o‘zgaruvchanligi hamda kechikish vaqtining kuzatuv qiymati,  SDSS J0806+2006 uchun hisoblangan Habbl doimiysi qiymatidan O‘zR FA AI Galaktikadan tashqi astronomiya laboratoriyasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida Galaktikadan tashqi obektlarni tadqiq etishda qo‘llanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Astronomiya institutining 2025 yil 29 iyuldagi 01-09/144 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Habbl doimiysini linza modeliga bog‘liqligi mustaqil usul sifatida qo‘llanilgan, model yordamida ilk bor  noma’lum parametrlar haqiqiy kuzatuv natijalari asosida aniqlangan;
SDSS J0806+2006 va SDSS J2124+1632 GLKlar bo‘yicha olingan natijalar Kalb–Ramond gravitatsiyasi doirasida qora o‘ralar atrofidagi gravitatsion va elektromagnit hodisalarni o‘rganishda qo‘llanilgan (Physics of the Dark Universe, 2025; European Physical Journal C, 2025). Mazkur ishlarda ko‘rib chiqilgan model lorens-invariantlikni buzadigan qo‘shimcha tenzor maydonini o‘z ichiga olgan modifikatsiyalangan gravitatsiya nazariyasi bo‘lib, tadqiqot natijalari asosida ushbu maydonning mavjudligini UNN doirasidagi effektlarga ta’siri aniqlangan. 
SDSS J2124+1632 va HS 2209+1914 GLKlari uchun linzalovchi galaktikaning qizilga siljishi qiymati alpha modeli yordamida olingan yuqoridagi natijalardan O‘zR FA Astronomiya institutida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida foydalanilgan. Natijada, PS J2305+3714 GLK uchun 52.2 ± 2.5 kunlik kechikish vaqti aniqlanib, manba (zs = 1.791) va linza (zd = 0.473) qizilga siljishlari hamda mikrolinzalanishning juda kichikligi aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish