Urazalieva Mavluda Yangiboevnaning
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tili audiokorpusining lingvistik ta’minotini yaratish”.
10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.2.PhD/Fil6409
Ilmiy rahbar: Abduraxmonova Nilufar Zaynobiddin qizi, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: O‘zbekiston Milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.01.12
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori (DSc), professor N.B.Ataboev; filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Anvarbek Turdialiev
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili tabiiy tilni qayta ishlash jarayonlari uchun adabiy til me’yorlariga asoslangan audiokorpusni shakllantirish hamda uning lingvistik ta’minotini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) texnologiyalari yordamida yaratilgan nutqiy sintezatorlar uchun audiokorpus yaratishning lingvistik asoslari – fonetik, fonologik xususiyatlari ilmiy isbotlangan;
fonetik hodisalarning (eliziya, assimilyasiya, reduksiya, epenteza kabi) avtomatik transkripsiya va morfologik segmentatsiya aniqligiga bevosita ta’siri ilmiy jihatdan o‘rganilib, audiomatn uchun tokenlarga ajratishning morfologik tahlili amalga oshirilgan hamda LabelStudio platformasiga annotatsiyalangan matn fragmentlari sifatida lingvistik baza yaratishning standart me’yorlari aniqlangan;
o‘zbek adabiy tilining audiokorpusi https://uzbekcorpus.uz/ platformasiga integratsiya qilinib, korpusning foydalanuvchi interfeysi til modeli asosida shakllantirilgan hamda funksional imkoniyatlari sifatida yosh, jins, muloqot turi (monolog/ dialog), kasb, dialekt kabi metama’lumotlarni dasturiy ta’minotga kiritish hamda matnlar reprezentativligi masalasi ilmiy asoslangan;
o‘zbek tili audio korpusi uchun talaffuz me’yorlariga ta’sir qiluvchi urg‘u masalalari tahlil qilinib, o‘zbek tiliga o‘zlashgan so‘zlarning urg‘uli lug‘ati lingvistik baza sifatida yaratilgan hamda tabiiy tilni qayta ishlashda til modellari uchun mos formatda lingvistik bazaga kiritishning til xususiyatlari nazariy jihatdan dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili audiokorpusining lingvistik ta’minotini shakllantirish asosida:
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilgan “REP-25112021/113 – UzUDT: O‘zbek tilida tabiiy tilni qayta ishlash uchun universal bog‘liqlik daraxti korpusi va uning semantik tahlili” mavzusidagi xalqaro ilmiy loyiha doirasida dissertatsiyada ishlab chiqilgan audiokorpus yaratishning lingvistik tamoyillari, jumladan fonetik va fonologik xususiyatlarni hisobga olgan holda nutqiy materialni modellashtirish yondashuvlari hamda fonetik hodisalarning (eliziya, assimilyasiya, reduksiya, epenteza) avtomatik transkripsiya va morfologik segmentatsiya jarayonlariga ta’siriga oid xulosalar audiokorpus arxitekturasini loyihalashda semantik munosabatlarni aniqlash uchun nazariy asos sifatida foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 18-iyundagi 04/11-7658-son ma’lumotnomasi).
2024–2025-yillarda bajarilgan “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intellekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi va mobil ilovalarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha jarayonida dissertatsiyada ilgari surilgan audiomatnlarni fonetik jarayonlarni inobatga olgan holda avtomatik qayta ishlash, morfologik tokenlash hamda LabelStudio muhiti asosida annotatsiyalangan matnlar orqali lingvistik baza shakllantirish bo‘yicha ilmiy natijalar amaliyotga tatbiq etilgan. Mazkur loyiha doirasida o‘zbek adabiy tilining audio korpusi https://uzbekcorpus.uz/ platformasiga joylashtirilib, foydalanuvchi interfeysi yosh, jins, muloqot shakli (monolog/dialog), kasb va dialekt kabi metama’lumotlar bilan boyitilgan, shuningdek matnlarning reprezentativligini ta’minlash mezonlari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, urg‘u bilan bog‘liq xususiyatlarni hisobga olgan holda o‘zlashgan so‘zlarning urg‘uli lug‘ati shakllantirilib, NLP asosidagi til modellari uchun mos tuzilmada lingvistik bazaga kiritilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2025-yil 16-sentyabrdagi 1531-sonli ma’lumotnomasi).
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilgan IL-7823051524 raqamli “Paratranslator: parallel korpusga asoslangan kontekstologik elektron tarjima lug‘at platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida dissertatsiyada bayon etilgan fonetik-fonologik omillarga tayangan holda ovozli matnlarni modellashtirish, leksik birliklarni morfologik segmentatsiya qilish hamda semantik bog‘lanishlar asosida audiomatnlarni qayta ishlashga oid ilmiy xulosalar loyiha uchun metodologik manba sifatida foydalanilgan (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 2025-yil 18-iyundagi 04/11-7618-son ma’lumotnomasi).