Qambarova Lobar Athamboy qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida sensor afaziya”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3671.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.41.01 (bir martalik kengash).
Rasmiy opponentlar: filologiya fanlari doktori, professor Usmanova Shoira Rustamovna; filologiya fanlari doktori, professor Sultonova Shoxista Muxammadjanovna.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: sensor afaziyaga oid gipotezalarning o‘zbek tilidagi nutq buzilishiga muvofiqlik darajasini tekshirish, til va tafakkur aloqadorligini nutqiy buzilishlarning kognitiv qobiliyatlarga ta’siri asosida ilmiy asoslash.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
neyrolingvistika sohasidagi jahon tajribasiga asoslanib, neyrovizualizatsiya vositalari (fMRI, EEG) asosida o‘tkazilgan xorij tadqiqotlaridagi sensor afaziyada miya chakka burmasining yuqori va o‘rta qismlari ham zararlanishi haqidagi dalillar negizida o‘zbek tilidagi sensor afaziya xususiyatlari ochib berilgan;
o‘zbek tilidagi sensor afaziyada lingvistik ko‘nikmalarning saqlanganligini tekshirish uchun ishlab chiqilgan nomlash, semantik muvofiqlikni topish, takrorlash, o‘qish kabi bosqichlar uchun ishlab chiqilgan topshiriqlar asosida turli tillarda nutq buzilishiga xos umumiy xususiyatlar bilan birga alohida belgilar mavjudligi isbotlangan; sensor afaziyaga uchragan spontan nutqqa xos xususiyatlar dalillangan;
afaziya tasnifi va turlari, rus, ingliz, turk tillaridagi o‘ziga xosligi, leksik-semantik kirish, fonologik farqlash xususiyatlari tahlil qilingan; o‘zbek tilidagi sensor afaziyada nutqning fonetik-fonologik farqlanishida, leksik ifodasida buzilish kuzatilishi, shikastlanish darajasiga qarab semantik tizimning nisbatan saqlanib qolishi asoslangan; real nutq materiallari tahlil qilinib, o‘zbek tilidagi sensor afaziyada nomlash, takrorlash va avtomatik nutqda buzilish aniqlangan;
BAE (Bilingual Aphasia Examination) hamda KAT (Ketucky Aphasia Examination) testlari asosida ona tili o‘zbek tili bo‘lgan, insult natijasida sensor afaziya tashxisi qo‘yilgan bemorlardagi lingvistik ko‘nikmalarning saqlanganlik darajasi belgilangan, sensor afaziya asosida lingvistik va kognitiv ko‘nikmalar o‘rtasidagi o‘zaro uzviy bog‘liqlik aniqlangan, takrorlash, o‘qish, yozish, avtomatlashgan nutq, nutq ravonligi va semantik qarama-qarshilikning saqlanganlik darajasini aniqlash orqali til va tafakkur aloqadorligi tajriba materiallari asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi sensor afaziyaning xususiyatlarini tahlil qilish asosida:
neyrovizualizatsiya vositalari (fMRI, EEG) asosida o‘tkazilgan xorij tadqiqotlarida sensor afaziyada miya chakka burmasining yuqori va o‘rta qismlari ham zararlanishi isbotlangan o‘rinlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan RZ – 202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish (olima ayollar granti)” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 5-noyabrdagi 01-3162-son ma’lumotnomasi). Natijada elektron platforma neyrolingvistik tadqiqotlarning yo‘nalishi, mazmuni, usullariga oid ma’lumotlar bilan boyitilgan;
tadqiqotda foydalanilgan BAE (Bilingual Aphasia Examination) hamda KAT (Ketucky Aphasia Examination) testlari asosida sensor afaziya tashxisi qo‘yilgan bemorlardagi lingvistik ko‘nikmalarning saqlanganlik darajasi, real nutq materiallari tahlil qilingan qismlardan, o‘zbek tilidagi sensor afaziyada nomlash, takrorlash va avtomatik nutqda buzilish aniqlangan tahliliy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022 – 2024-yillarda bajarilgan IL – 402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish)” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 5-noyabrdagi 01-3162-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ilmiy-nazariy konsepsiyasining yangi fikr-mulohazalar bilan boyishiga erishilgan;
o‘zbek tilidagi sensor afaziyada lingvistik ko‘nikmalarning saqlanganligini tekshirish uchun ishlab chiqilgan nomlash, og‘zaki eshitish diskriminatsiyasi, takrorlash, o‘qish kabi bosqichlar uchun tayyorlangan topshiriq materiallaridan, turli tillardagi nutq buzilishiga xos umumiy jihatlar bilan birga alohida xususiyatlar mavjudligi dallillanganiga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021 – 2023-yillarda bajarilgan RZ – 202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish (olima ayollar granti)” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 5-noyabrdagi 01-3162-son ma’lumotnomasi). Natijada elektron platforma materiallari nutqning neyrolingvistik xususiyatlariga oid ma’lumotlar asosida takomillashtirilgan;
afaziya tasnifi va turlari, rus, ingliz, turk tillaridagi o‘ziga xosligi, leksik-semantik kirish, fonologik farqlash xususiyatlari tahlil qilingan o‘rinlardan, shuningdek, afaziyada takrorlash va boshqa kognitiv ko‘nikmalarning saqlanib qolganligi ona tili o‘zbek tili bo‘lgan, insult natijasida sensor afaziya tashxisi qo‘yilgan bemorlar bilan o‘tkazilgan tajriba tahlillaridan, sensor afaziyada nutqni tiklash uchun ishlab chiqilgan lingvistik mashqlarga oid ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tarix tilga kirganda” ko‘rsatuv dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 27-fevraldagi 01-33/112-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv mazmuniga nutq va tafakkur aloqadorligiga doir ilmiy dalillar singdirilgan.