Esanova Zulfizar Sherali qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qarshi shahri hududi muhandislik-geologik sharoitlarining shakllanish xususiyatlari”, 04.00.04 – Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/GM294.
Ilmiy rahbar: Begimqulov Dilshod Qalandarovich, geologiya-mineralogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” DM, DSc.31/2025.27.12.GM.05.01.
Rasmiy opponentlar: Djaksimuratov Karamatdin Mustapaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Yodgorov Sharofiddin Ismatullaevich, geologiya-mineralogiya fanlari falsafa doktori (PhD).  
Yetakchi tashkilot: “O‘zbekgidrogeologiya” DM.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy  va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnogenezning rivojlanish sharoitida Qarshi shahri urbanizatsiyalashgan hududining muhandislik-geologik sharoitlari shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qarshi shahri bino va inshootlari asosidagi gruntlarning cho‘kuvchanlik va deformatsion xususiyatlariga ta’sir etuvchi omillar aniqlangan;
g‘ovaklik koeffisienti bilan solishtirma bog‘lanish, ichki ishqalanish burchagi, nisbiy cho‘kuvchanlik va umumiy deformatsiya moduli orasidagi korrelyasion bog‘liqliklar o‘rnatilgan;
tabiiy va texnogen omillarning ko‘p komponentliligini hisobga olgan holda Qarshi shahri va unga tutash hududlarning muhandislik-geologik sharoitlari baholangan;
texnogen ta’sirlarga bardoshlilik darajasi bo‘yicha Qarshi shahri hududining muhandislik-geologik rayonlashtirish xaritasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qarshi shahri va unga tutash hududlar muhandislik-geologik sharoitlari shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
asos gruntlarining cho‘kuvchanlik va deformatsion xususiyatlariga ta’sir etuvchi aniqlangan omillar majmuasi “QIShLOQQURILIShLOYIHA” Bosh loyiha instituti Davlat muassasasi ilmiy-amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 2-dekabrdagi 34-06/14158-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar Qarshi shahrida o‘tkaziladigan muhandislik-geologik tadqiqotlarning samaradorligi va axborotliligini oshirish imkonini bergan;
lyoss va lyosssimon suglinoklarning g‘ovaklik koeffisienti bilan solishtirma bog‘lanishi, shuningdek ichki ishqalanish burchagi, umumiy deformatsiya moduli va nisbiy cho‘kuvchanligi o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqliklar asosida muhandislik-geologik sharoitlarni bashorat qilish tizimi “QIShLOQQURILIShLOYIHA” Bosh loyiha instituti Davlat muassasasi amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 2 dekabrdagi 34-06/14158-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar Qarshi shahri hududida binolar va inshootlar asosidagi lyoss hamda lyosssimon gruntlarning korrelyasion modellarini qo‘llash orqali qimmat laboratoriya sinovlari hajmini qisqartirish imkonini bergan;
zamonaviy GIS texnologiyalarini qo‘llash asosida tuzilgan elektron xaritalar seriyasi, jumladan Qarshi shahri hududini muhandislik-geologik rayonlashtirish xaritasi “QIShLOQQURILIShLOYIHA” Bosh loyiha instituti Davlat muassasasi ilmiy-amaliy faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 2-dekabrdagi 34-06/14158-sonli ma’lumotnomasi). Natijalar ko‘p aspektli qurilish uchun qulay, noqulay va o‘ta xavfli zonalarni ajratib ko‘rsatish orqali shaharsozlik echimlarini ilmiy asoslash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish