Ayimbetova Damexan Maksetbay qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “XX asr ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning badiiy xususiyatlari”, 10.00.06 – “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.PhD/Fil6521
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Maxmudova Nargiza Alimovna, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.20.07
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Kdirbaeva Gulzira Kurbanbaevna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Djalilova Xurshida Mirxalikovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asr ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning badiiy xususiyatlari Ted Xyuz va Ibrayim Yusupov she’riyati misolida komparativistik yondashuv asosida tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning genezisi va evolyusiyasi qiyosiy-tarixiy yondashuv asosida tizimli tahlil qilinib, ularning adabiy jarayondagi o‘rni, badiiy tahlil mezonlari hamda ilmiy-nazariy yondashuvlari aniqlangan;
Ted Xyuz va Ibrayim Yusupov she’riyatida hayvon obrazlari poetikasi ilk bor qiyosiy tahlil qilinib, ularning mifopoetik va ekopoetik xususiyatlari ochib berildi hamda inson ruhiyati va tabiat munosabatini ifodalashdagi tipologik analogiya va farqlar dalillangan;
hayvon obrazlarining ijtimoiy-falsafiy mazmuni qiyosiy tahlil qilinib, Ted Xyuz ijodida hayvon timsoli tabiat qudrati va instinkt metaforasi, Ibrayim Yusupov she’riyatida esa milliy ruh, vatanparvarlik va ma’naviy uyg‘onish ramzi sifatida talqin qilinishi ilmiy jihatdan dalillangan;
ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning milliy va umuminsoniy qatlamlari aniqlanib, har ikki adabiyotda inson va tabiatning ontologik butunlik sifatida talqin qilinishi, biroq G‘arb poetikasida ekologik-ekzistensial, Sharq poetikasida esa ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlar ustunligi ilmiy asosda ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Muammoni o‘rganish davomida olingan natijalarga asoslanib:
XX asr ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning genezisi va evolyusiyasi tadqiqi, bu obrazlarning adabiy jarayonda tutgan o‘rni, ularni tahlil qilish mezonlariga oid ilmiy xulosalardan 2020-2022-yillarda Britaniya Kengashi (British Council) ko‘magida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Lingvistika va ingliz adabiyoti” kafedrasida amalga oshirilgan English as a School Subject (№ 1683580) xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2025-yil 7-oktyabrdagi 04-04-1/5879-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha ingliz va qoraqalpoq she’riyatida animalistik obrazlarning badiiy xususiyatlarini tadqiq etish yo‘nalishi bo‘yicha yangi ilmiy-nazariy g‘oyalar va tahliliy yondashuvlar bilan boyitilgan;
Ted Xyuz va Ibrayim Yusupov she’riyatida hayvon obrazlarini yaratishda qo‘llanilgan badiiy usullar, ifoda vositalari va obraz yaratish yo‘llarining qiyosiy tahlilidan, shuningdek, ikki shoir ijodida hayvon obrazlarining metaforik, mifopoetik funksiyalariga doir ma’lumotlardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti A-1-61 raqamli Erasmus+ dasturining “ICM, KA-107-International Credit Mobility between European Union and Uzbekistan HEIs, 2020-1-UK01-KA107-078419” nomli xalqaro amaliy loyihasida samarali foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2025-yil 7-oktyabrdagi 04-04-1/5880-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha mazmuni takomillashtirilib, animalistikaning ramziy-falsafiy xususiyatlari hamda gumanistik mazmuni bilan tanishish imkoniyati yuzaga kelgan;
Ted Xyuz she’riyatida hayvon obrazlari tabiiy kuch va instinktlar metaforasi, Ibrayim Yusupovda esa milliy ruh, vatanparvarlik va ma’naviy uyg‘onish ramzi sifatida talqin etilishi hamda ingliz va qoraqalpoq she’riyatidagi animalistik obrazlar inson va tabiatning yagona ontologik butunligini ifodalashi bilan birga, badiiy idrokda G‘arbda ekologik-ekzistensial, Sharqda esa ma’naviy-axloqiy yo‘nalishlarning ustunligi haqidagi umumilmiy xulosalardan Qoraqalpog‘iston teleradiokanalining “Assalawma aleykum Qaraqalpaqstan!”, “Kewil lirasi” ko‘rsatuvi hamda Qoraqalpog‘iston radiokanalining “Ku’sh bilimde”, “Jaslar waqti” eshittirishlarida foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 05-22/523-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuv materiallari yangi ilmiy-nazariy manba va maʼlumotlar bilan boyitlgan.