Xallakova Barnoxon Bahodirjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Jahon inqirozi sharoitida turizm sohasini rivojlantirishni faollashtirish yo‘llari”, 08.00.17 - Turizm va mehmonxona faoliyati.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Iqt1639
Ilmiy rahbar: Golisheva Elena Vyacheslavovna, iqtisodiyot fanlari falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, PhD. 22/2025.27.12.I.02.01
Rasmiy opponentlar: Astanakulov Olim Tashtemirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. Tuxliev Iskandar Suyunovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jahon inqirozining turizm sohasiga ta’sir ko‘rsatish xususiyatlarini aniqlash, shuningdek inqirozli beqarorlik sharoitida turizm sohasining rivojlanishini faollashtirish va uning barqaror faoliyatini ta’minlashga qaratilgan ilmiy asoslangan yondashuvlar hamda amaliy echimlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“turizm sohasidagi global inqiroz” tushunchasining mazmuni aniqlashtirilib, u makroiqtisodiy, institutsional, ijtimoiy hamda tabiiy-iqlimiy omillar ta’sirida tarmoq barqarorligining transmilliy va tizimli buzilishi sifatida talqin etildi; mazkur yondashuv asosida inqirozlar sharoitida turizm rivojlanishining ko‘p bosqichli va siklik xususiyatini asoslab beruvchi model ishlab chiqildi;
ko‘p omilli regressiya modeli asosida 2030-yilgacha O‘zbekistonga kirib keluvchi turizm dinamikasining prognozi ishlab chiqildi, bu pandemiyadan keyingi tiklanish, oilaviy turizmni rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda davlat siyosati choralarini amalga oshirish bilan bog‘liq uzoq muddatli o‘sish tendensiyalarini aniqlash imkonini berdi;
turizm tarmog‘ini inqirozga qarshi tartibga solishning mualliflik modeli 4R–Tourism Crisis Framework ishlab chiqilib, ilmiy asoslandi; mazkur model moslashuvchan boshqaruvning konseptual yaxlit vositasi bo‘lib, global inqirozlar sharoitida turizmning barqaror rivojlanishini ssenariy asosida loyihalashni ta’minlaydi;
DataUz Tourism analitik platformasi modeli taklif etildi, u davlat va xalqaro manbalardan, jumladan Big Data, “aqlli destinatsiyalar” tizimlari hamda turistlarning xulq-atvori haqidagi ma’lumotlarni integratsiyalashga asoslangan ko‘p darajali tizim bo‘lib, turizm sohasida prognozlash aniqligini va xatarlarni baholash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Global inqiroz sharoitida turizm sohasini rivojlantirishni faollashtirish yo‘llarini aniqlash yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
turizm sohasidagi “global inqiroz” tushunchasining mualliflik ta’rifi takomillashtirildi va nazariy jihatdan asoslab berildi. Mazkur ta’rifga ko‘ra, global inqiroz turizm sohasida transmilliy va tizimli xarakterga ega bo‘lgan hodisa bo‘lib, makroiqtisodiy silkinishlar, institutsional nosozliklar, ishonch inqirozi hamda tabiiy ofatlar ta’siri ostida turistik sektor barqarorligini izdan chiqaradi hamda turistik mobillikning qisqarishi, talab va taklifning transformatsiyasi, turistik destinatsiyalarning raqobatbardoshligi pasayishi orqali namoyon bo‘ladi. Ushbu ta’rif oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun tavsiya etilgan “Turizmda elektron marketing” o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash jarayonida qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022 yil 19 iyuldagi № 266-0659-son guvohnomasi).
Ko‘p omilli regressiya modeli asosida O‘zbekiston Respublikasiga kirib keluvchi turistik oqimlar dinamikasining 2030 yilgacha bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi. Ushbu prognoz pandemiyadan keyingi tiklanish jarayonlari, oilaviy turizm rivoji, turistik infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda davlat siyosati choralarining ta’sirini hisobga olish imkonini beradi. Mazkur natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 martdagi № PQ–109-son “’O‘zbekiston – 2030’ strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 2024 yilda islohotlarni amalga oshirishning ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorini tayyorlash jarayonida foydalanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2025 yil 16 dekabrdagi № 03-17/531-son ma’lumotnomasi).
Prognoz natijalari turistik sektorni strategik rejalashtirish jarayonlarida qo‘llanilib, turizm sohasida investision faollikning qisqa va uzoq muddatli o‘zgarishlarini baholash imkonini yaratdi.
Dissertatsiyada turizm sohasini antikrizis tartibga solishning moslashtirilgan 4R–Tourism Crisis Framework modeli ishlab chiqildi va ilmiy jihatdan asoslandi. Ushbu model global inqirozlar sharoitida turizmning barqaror rivojlanishini stenariylar asosida loyihalash imkonini beruvchi, konseptual jihatdan yaxlit va adaptiv boshqaruv vositasi hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi № PF–158-son “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni (VII-bob “Turizm va madaniy meros”) doirasida qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2025 yil 16 dekabrdagi № 03-17/531-son ma’lumotnomasi).
Mazkur modelni amaliyotga joriy etish respublika va hududiy darajada turizmni boshqarish organlari uchun ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyalar majmuasini tatbiq etishga xizmat qildi. Ushbu tavsiyalar turistik destinatsiyalarning risk va zaifliklarini kamaytirish, turizm sohasining inqirozli shoklarga tayyorgarligini oshirish, tezkor javob choralarini ko‘rish va tiklanish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, DataUz Tourism analitik platformasi modeli taklif etildi. Mazkur platforma davlat va xalqaro manbalardan, jumladan Big Data, “aqlli destinatsiyalar” tizimlari va turistlar xulq-atvoriga oid ma’lumotlardan iborat ko‘p bosqichli integratsiya tizimi bo‘lib, turizm sohasida prognozlash aniqligini oshirish va risklarni baholash imkoniyatlarini kengaytiradi. Platforma asosida tayyorlangan materiallar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024–yil 14 oktyabrdagi № PP–358-son “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasida qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasining 2025 yil 16 dekabrdagi № 03-17/531-son ma’lumotnomasi).
DataUz Tourism platformasi asosida ishlab chiqilgan tahliliy materiallar Turizm qo‘mitasi, tegishli vazirliklar, biznes tuzilmalar va ilmiy tashkilotlar tomonidan strategik hamda antikrizis boshqaruv qarorlarini qabul qilishda foydalanilmoqda.