Azizov Ikromjon Shadibaevichning
falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asrning so‘nggi choragi – XX asrning boshlarida Buxoro amirligi soliq tizimi”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.1.PhD/Tar4.
Ilmiy rahbar: Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.06.01.2018. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Babadjanov Baxtiyar Miraimovich, tarix fanlari doktori; Aminov Bobur Bomurodovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX asrning so‘nggi choragi – XX asrning boshlarida Buxoro amirligi soliq tizimini boshqarish va nazorat qilish mexanizmini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
amirlikda markazlashgan boshqaruv nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida soliq nozirlari xizmat vazifalarini adolat tamoyillari asosida bajarishini viloyat hokimi, qozi va rais nazorat qilgan va bevosita amir va qo‘shbegiga hisobot berganligi aniqlangan;
zakotchi va amlokdorlarning o‘z amalini suiste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mahalliy boshqaruvdagi amin va oqsoqollar hamrohligida soliq yig‘ilganligi aniqlangan;
aholining murojaatlari, shikoyat va arizalari amir hamda qo‘shbegi devonxonasida o‘rganilgani, buning uchun markaziy hokimiyatdan mas’ul tayinlash yo‘lga qo‘yilganligi sababli o‘z amalini suiste’mol qilgan amaldorlar va soliq nozirlariga qonuniy tartibda qat’iy tanbeh va ogohlantirish berilgani hamda amalidan bo‘shatilgani, ushbu tarzda fuqaro va davlat munosabatining shakllangani ko‘rsatib berilgan;
amirlik davlat sifatida dehqonchilik, chorvachilik va tadbirkorlikning rivojlanishidan manfaatdor bo‘lganligi tufayli soliq to‘lovchilarni himoya qilganligi, imtiyozlar berganligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlaganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XIX asr so‘nggi choragi – XX asr boshlarida Buxoro amirligi soliq tizimi mavzusi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Buxoro amirligida soliq nozirlari faoliyatini nazorat qilishda teng huquqga ega bo‘lgan viloyat hokimi, qozi va raisning amir hamda qo‘shbegiga berilgan hisobotlari va markazlashgan nazorat haqidagi, shuningdek, zakotchi va amlokdorlar mahalliy boshqaruvdagi amin va oqsoqollar hamrohligida soliq yig‘ganligi haqidagi ma’lumotlardan Tarix institutida bajarilgan OT A1-128 raqamli “VII-XIX asr birinchi yarmi o‘zbek davlatchiligi tizimida dargoh va devonlar faoliyati tarixidan” amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 15 oktyabrdagi 3/1255-2713-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar va xulosalarning qo‘llanishi soliq tizimini boshqarishda amaldorlarning ishtiroki masalasiga aniqlik kiritishga xizmat qilgan;
soliq turlari va miqdori, soliq yig‘ish jarayonida amal qilingan adolat tamoyillari, soliq to‘lovchilarga imtiyozlar berilishi hamda o‘z amalini suiste’mol qilgan amaldorlarning jazolanishi haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyida soliq tizimiga oid ekspozisiyalar yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 15 oktyabrdagi 3/1255-2713-son ma’lumotnomasi). Ushbu materiallar Buxoro amirligi soliq tizimining iqtisodiy siyosatdagi ahamiyati haqida yangi ma’lumotlar olishga xizmat qilgan.