Raxmatov Elyor Omankulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Benzimidazollar va xinazolonlar qatorida qishloq xo‘jaligi uchun samarali pestisidlar olish texnologiyasi”, 02.00.03 - Organik kimyo (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/T5018.
Ilmiy rahbar: Abdurazakov Asqar Sheralievich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akad. S.Y. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.05/2025.27.12.K/T.20.01.M.
Rasmiy opponentlar: Urinov Ulug‘bek Komiljonovich, texnika fanlari doktori, professor; Xolikov Tursunali Suyunovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 2-Metil-5-xlorbenzimidazol hosilalarini sintez qilish, ularning tuzilishini aniqlash, gerbisid faolligini baholash va yuqori samarali “Buran DOS-I 50% em.k.”ni, 5-nitro-2-propionamidobenzimidazol gerbisid moddasini hamda insektisid faollikni namoyon etgan 6-nitro-xinazolin-4-onlarni barqaror suspenziyasini olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor 4-xlor-2-nitroanilinni propion va moy kislotalari bilan reaksiyalari olib borilgan va reaksiyaning borishiga ta’sir etuvchi omillar (substrat tuzilishi, kislota tabiati, reaksiya harorati va davomiyligi) aniqlangan hamda reaksiya mexanizmi tavsiya etilgan;
2-Metil-5-xlorbenzimidazol hosilalari qatorida 2-holatdagi metilen guruhlari soni ortib borishi (gomologik qator kattalashishi) bilan ularning gerbisidlik xossasi kamayib borishi aniqlangan;
ilk bor 2-metil-5-xlorbenzimidazol va N-(fosfonometil)glisinning o‘zaro ta’sirlashishi natijasida yuqori gerbisid faollikka ega suvda eruvchan substansiya hosil bo‘lishi aniqlangan;
ilk bor 2-propionamidobenzimidazolni maqsadli nitrolash amalga oshirilgan, reaksiyaning borishiga ta’sir etuvchi asosiy omillar (kislota tabiati, reaksiya harorati va davomiyligi) aniqlangan, hamda, reaksiya aromatik elektrofil almashinish (SEAr) mexanizmida borishi nazariy asoslab berilgan;
yuqori pestisid faollikka ega 2-metil-5-xlor-1H-benzo[d]imidazol-1-ium (fosfonometil)glisinat tuzining (Buran DOS-I) 50% em.k., 5-nitro-2-propionamidobenzimidazol, 6-nitroxinazolin-4-onlarning fizik-kimyoviy xossalari va toksikologik xususiyatlari aniqlangan;
ilk bor 6-nitroxinazolin-4-onning GOST talablariga mos bo‘lgan 10% li barqaror preparativ suspenzion shaklini olish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 5-Xlorbenzimidazol va xinazolin-4-onlarning yangi hosilalarini sintez qilish, kimyoviy o‘zgarishlarini tadqiq etish, olingan birikmalarni tuzilishini va biologik xossalarini aniqlash, shuningdek, yuqori faollikka ega substansiyalarni suvda eruvchan tuz shakllarini olish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan benzimidazol va xinazolin asosidagi birikmalarning biologik faolligini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar O‘zR FA O‘MKI ning sintetik preparatlar texnologiyasi laboratoriyasida bazaviy moliyalashtirish doirasida 2022-2024-yillarda amalga oshirilgan tadqoqotlarni bajarishda foydalanilgan (Ma’lumotnoma №4/1255-1501 17 iyun 2025 y.). Natijada, 2-aminobenzimidazol hosilasi asosida 5-xlor-2-metil-1H-benzo[d]imidazol-1-ium(fosfonometil)glisinat tuzi va 5-nitro-2-propionamidobenzimidazol sintez qilingan, 6-nitroxinazolin-4-onning insektised faolligi aniqlangan;
gerbisid faollikka ega 5-nitro-2-propionamidobenzimidazol substansiyasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan “5-nitro-2-propionamidobenzimidazol substansiyasi” uchun texnikaviy shart va texnik yo‘riqnoma (S 03535440- 059:2023; TY-03535440-059:2024) tasdiqlangan. Natijada bir va ikki pallali bir yillik begona o‘tlarga qarshi kam zaharli va yuqori samarali gerbisid olish imkonini bergan.