Xomidjonov Abdumo‘min Abduvoxid o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rik (Armeniaca vulgaris L.) ning intensiv payvandtaglarini ko‘paytirish va ko‘chatini yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish”, 06.01.07 – Mevachilik va uzumchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Qx1262
Ilmiy rahbar: Normuratov Ilxom Turg‘unovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.02.
Rasmiy opponentlar: Abdullaeva Xilola Ravshanovna, qishloq xo’jaligi fanlari doktori, professor; Xojiev Sanjar Samadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘rik uchun vegetativ yo‘l bilan ko‘payuvchi sust o‘suvchi payvandtaglarini ko‘paytirish hamda ularda o‘rikning mahalliy va introduksiya qilingan navlari ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor o‘rikning Mirobalan va Mirobalan 29C payvandtaglari eng yaxshi sust o‘suvchi va vegetativ usulda ko‘payuvchi sifatida tanlab olingan;
o‘rikning yog‘ochlangan qalamchalaridan ko‘paytirishda eng maqbul qalamcha uzunligi 25 sm, ekish sxemasi 70x25 sm, yarim yog‘ochlangan qalamchalardan ko‘paytirish muddati 30-may, parxish usulida ko‘paytirishda esa tuproq uyush balandligi 40 smda ildiz olish darajasi 89,7 % bo‘lishi aniqlangan;
o‘rikni sust o‘suvchi Mirobalan va Mirobalan 29C payvandtaglariga kurtak payvand usuli (89 %), muddati (1-20 mart - qalamcha payvandlash; 1-10 avgust - kurtak payvandlash), payvand qilish balandligi (ildiz bo‘g‘zidan 5 sm balandlikda) aniqlanib, sifatli ko‘chatlar chiqishini 10–12 % ga oshirishi isbotlangan;
o‘rikni sust o‘suvchi Mirobalan va Mirobalan 29C payvandtaglariga eng yaxshi mos keluvchi Shalax va Subhoni navlari (ko‘chatlar chiqishi – 88,7-86,6 %) ekanligi aniqlangan..
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rik (Armeniaca vulgaris L.) ning intensiv payvandtaglarini ko‘paytirish va ko‘chatini yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“Past bo‘yli vegetativ payvandtaglarda o‘rik ko‘chatini yetishtirish texnologiyasi” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi 05/06-04-676-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu tavsiyanoma mevali o‘simliklar ko‘chatlarini yetishtirishuvchi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari mutaxassislari hamda havaskor bog‘bonlar uchun ilmiy uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati sharoitida intensiv o‘suvchi o‘rik payvandtaglaridan Mirobolan va Mirobolan 29C shaklini ko‘chatzorda vegetativ usulda qalamchadan va parxesh usulida ekish sxemalari Parkent tumanidagi “NORChONTOL” MChJ fermer xo‘jaligining 0,3 gektar maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi 05/06-04-676-sonli ma’lumotnomasi). Natijada past bo‘yli payvandtaglarni vegetativ usulda qalamchadan va parxesh usulida ko‘chat yetishtirishda 75% iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.
Mirobalan va Mirobalan 29C payvandtaglariga mahalliy va introduksiya qilingan serhosil o‘rik navlarini payvand qilishning maqbul muddatlari va usullari Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “LEO GARDEN” va Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi “KIMYoXON ONA FAYZ BOG‘I” fermer xo‘jaliklarining jami 0,7 gektar maydonidagi ko‘chatzorida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 21-dekabrdagi 05/06-04-676-sonli ma’lumotnomasi). Natijada sifatli ko‘chatlar chiqishi hamda bu ko‘chatlarni rivojlanishini boshqalariga nisbatan 1,2 barobar oshishiga, shuningdek 0,7 gektar maydon hisobidan qo‘shimcha 3 150 dona past bo‘yli ko‘chat olinishiga va iqtisodiy samaradorlik 173% ga yetishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish