Norkulova Gulida Sodikovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Miyonqol vohasining arablargacha bo‘lgan diniy marosimlarini arxeologik manbalarda aks etishi va ularning transformatsiyasi” (Otrajenie religioznix obryadov Miankal`skogo oazisa do arabskogo perioda v arxeologicheskix istochnikax i ix transformatsiya) 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/Tar2192
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, DSc.03/30.12.2021.Tar.26.03
Ilmiy rahbar: Ahmadali Asqarov tarix fanlari doktori, akademik
Rasmiy opponentlar Azimxo‘ja Otaxo‘jaev tarix fanlari doktori, dotsent Sanobar Shodmonova tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Miyonqol vohasining qadimgi turmush tarzi, urf-odatlari va diniy e’tiqodlari, moddiy va ma’naviy madaniyati tarixini arxeologik hamda yozma manbalar va dala tadqiqotlari asosida tahlil qilib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Miyonqol vohasi suvga boy, hosildor tuproqli va savdo yo‘llariga qulay hudud bo‘lganligi sababli turli etnik guruhlarni o‘ziga jalb qilgan, natijada aholi zichligi ortib, etnomadaniy qorishuv va ikki tillilik (o‘zbek-tojik) shakllangani manbalar asosida ilmiy jihatdan asoslangan.
Qo‘rg‘ontepa, Ishtixon va Ofarinkent arxeologik yodgorliklaridan topilgan ossuariylar va ibodatxona qoldiqlari asosidagi tadqiqotlarda qadimgi aholining dafn marosimlari, “Avesto” va boshqa yozma manbalar bilan qiyosiy taqqoslanib, zardushtiylik marosimlari bilan bog‘liqligi Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida olib borilgan dala tadqiqotlari natijalari bilan dalillangan.
Arxeologik, etnografik va yozma manbalar asosidagi tarixiy tadqiqotlar natijalari qiyosiy-tarixiy tahlil metodi asosida solishtirilib, Miyonqol vohasi o‘zbek va tojik etnoslari birgalikda yashab shakllangan etnomadaniy hudud (qadimgi turkiy va sug‘diy) ekanligi isbotlangan.
Miyonqol vohasida bugungi kunda ham jonli ravishda davom etayotgan “chiroq yoqdi”, “yulduz ko‘rdi”, “kir yuvdi”, “ko‘k kiydi”, “momo isi”, “sachala”, “sirg‘a taqdi”, “oq o‘rar” kabi o‘ziga xos marosim va udumlar zardushtiylik va qadimiy tangrichilik e’tiqod doirasidan kelib chiqqan qadimiy urf-odatlar ekanligi dala tadqiqotlari hamda tarixiy, etnografik manbalar asosida dalillandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Miyonqol vohasining arablargacha bo‘lgan diniy marosimlarini arxeologik manbalarda aks etishi va ularning transformatsiyasi mavzusi hamda unga oid ishlab chiqilgan ilmiy tahlil natijalari va amaliy takliflardan:
Miyonqol vohasi hosildor tuproqqa, mo‘l-ko‘l suv resurslariga va muhim savdo yo‘llari bilan qulay joylashgan geografik hudud bo‘lganligi sababli qadimdan turli etnik guruhlarni – so‘g‘dlar, turkiy qabilalar, eroniy tilli aholini o‘ziga jalb etgan. Bu omillar aholi zichligining ortishiga, etnomadaniy qorishuv jarayonlarining faollashishiga olib kelgan bo‘lib, tarixiy manbalar va arxeologik tadqiqotlar asosida bu qorishuv ikki tillilik shakllanishiga zamin yaratgani isbotlangan.
Qo‘rg‘ontepa, Ishtixon va Ofarinkent arxeologik yodgorliklaridan topilgan ossuariylar va ibodatxona qoldiqlari asosidagi tadqiqotlarda qadimgi aholining dafn marosimlari, “Avesto” va boshqa yozma manbalar bilan qiyosiy taqqoslanib, zardushtiylik marosimlari bilan bog‘liqligi hamda Oqdaryo va Ishtixon tumanlarida olib borilgan dala tadqiqotlari ma’lumotlaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tuzish va tayyorlashda (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Ma’rifat” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasi tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 01-33/21-sonli 14-may, 2025-yildagi ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Natijalar keng xalq ommasining Miyonqol vohasi tarixi, arxeologiyasi, qadimgi diniy urf-odat va marosimlarining bugungi kungacha saqlanib qolgan elementlari haqidagi bilimlarini yanada oshirishga xizmat qilgan.
Miyonqol vohasidagi arxeologik izlanishlar va dala tadqiqotlari natijasida topilgan moddiy buyum rasmlari ilova qilinib, ularning vazifalari keng yoritilgan. 1970-yillarda Samarqand yaqinidagi Orlat qo‘rg‘onidan topilgan Orlat kamari Sug‘d tarixi bilan bog‘liq eng noyob arxeologik topilmalardan biri ekanligi, xususan, u qadimgi turkiylarga taalluqli bo‘lib, bu erda ko‘chmanchilarning jang tasviri keltirilgan. Vohada o‘troqlashuv jarayonida sug‘diylar va turkiylarning o‘rni muhim ekanligi yozma va moddiy manbalar asosida isbotlangan.
Ishtixon ossuariylari o‘ziga xosliklari bilan ajralib turishi, Ofarinkentdan topilgan yirik ommaviy ossuariylar esa Miyonqol vohasining qadimiy dini zardushtiylik bo‘lganligining yana bir isboti ekanligi haqidagi ma’lumotlari ekskursiya muzeyga tashrif buyuruvchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Samarqand viloyati hududida faoliyat olib borayotgan muzeylar – O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi, viloyat O‘lkashunoslik muzeyi faoliyatini takomillashtirish, tashrif buyuruvchilarning muzeylardan ijtimoiy-ta’lim, madaniy imkoniyatlaridan Samarqand tarixiga oid bilimlarini boyitish, ular tomonidan o‘lka madaniy hayotining rivojlanish xronologiyasiga oid ma’lumotlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 04-05/2129-sonli 28-may 2025-yildagi ma’lumotnomasi) foydalanildi.