Mo‘minxo‘jaeva Nilufar Faxriddin qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i): “O‘zbekiston islom arxitekturasi nazariyalari”, 18.00.01 – “Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash” (arxitektura).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/A83. 
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti.
Ilmiy rahbar: Nurmuhamedova Shoira Zohidovna, arxitektura fanlari doktori (DSc), professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, DSc.03/2026.09.01.A.01.M. 
Rasmiy opponentlar: Abduraimov Sherzod Muratkulovich, arxitektura fanlari doktori (DSc), dotsent; Masayitov Saidjamol Yusifovich, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston hududida Islom dini kirib kelganidan so‘ng shakllangan shaharsozlik va me’morchilik echimlarining o‘ziga xos jihatlarini aniqlash, Qur’on va Hadis ta’limotlari asosida rivojlangan masjid va xonaqoh arxitekturasini tizimli yondashuv asosida o‘rganish, shuningdek, ularni boshqa mamlakatlar tajribasi bilan qiyosiy ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
G.A. Pugachenkova, L.Yu. Mankovskaya, M.S. Bulatov hamda P.Sh. Zohidov singari etuk olimlarning ilmiy qarashlari O‘zbekiston Islom me’morchiligining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganishda muhim iz qoldirganligi ilk bor yagona metodologik asosda tizimli ravishda ochib berilgan; 
Islom dini O‘rta Osiyoga kirib kelishi natijasida shaharsozlik va me’morchilikda yuz bergan o‘zgarishlar ilk bor Qur’on oyatlari va hadislar asosida diniy va dunyoviy markazlarning shakllanganligi hamda ularning muhim ahamiyat kasb etayotganligi asoslangan; 
masjidlar qurilishiga oid me’moriy tamoyillarning Qur’on ko‘rsatmalariga asoslangani, xonaqoh me’morchiligining shakllanishi esa hadislarning mazmuniy qoidalari bilan belgilanganligi dalillangan;
O‘zbekiston me’morchiligidagi anʼanalar Rossiya, Hindiston hamda, ayniqsa, Uyg‘onish davri Italiya me’moriy tajribalari bilan uzviy bog‘liqlikda ochib berilib, ularning O‘rta Osiyo hududiga kirib kelishi va rivojlanishi, shu asnoda keyinchalik mazkur jarayonlarning Hindistonda davom etganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekiston islom arxitekturasi nazariyalari” mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Islom dini O‘rta Osiyoga kirib kelishi natijasida shaharsozlik va me’morchilikda yuz bergan o‘zgarishlar ilk bor Qur’on oyatlari va hadislar asosida diniy va dunyoviy markazlarning shakllanganligi hamda ularning muhim ahamiyat kasb etayotganligining asoslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 6-fevraldagi 04-20/268-son ma’lumotnomasi). Natijada, Hakim Mullo Mir xonaqohining grafik taklif loyihasi asosida obidaning me’moriy qiyofasi yuzasidan aniq ilmiy tasavvur shakllantirilib, mazkur materiallardan turizm faoliyatini rivojlantirishda axborot manbai sifatida, shuningdek restavratsiya va saqlash jarayonlarida foydalanish imkoniyatiga erishilgan;
masjidlar qurilishiga oid me’moriy tamoyillarning Qur’on ko‘rsatmalariga asoslangani, xonaqoh me’morchiligining shakllanishi esa hadislarning mazmuniy qoidalari bilan belgilanganligi dalillanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan hududlardagi madaniy meros obektlarini asl holida saqlash, sayyohlar va ziyoratchilarni jalb etishga qaratilgan faoliyatda amaliy jihatdan qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 6-fevraldagi 04-20/269-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston islom arxitekturasi asosida madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash va mutaxkamligini oshirishda amaliyotchi mutaxassislarga ta’mirlash qoidalaridan amaliyotda to‘g‘ri foydalanishi uchun nazariy qo‘llanma yaratilishiga erishilgan;
G.A. Pugachenkova, L.Yu. Mankovskaya, M.S. Bulatov hamda P.Sh. Zohidov singari etuk olimlarning ilmiy qarashlari O‘zbekiston Islom me’morchiligining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganishda muhim iz qoldirganligi ilk bor yagona metodologik asosda tizimli ravishda ochib berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Mavzu” hamda “Ko‘hna manzillar” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 28-fevraldagi 02-30/321-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqotda yoritilgan Islom dinining shaharsozlik va me’morchilik rivojlanishidagi o‘rni, masjid va maqbaralarning shakllanish tarixiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlarni keng jamoatchilikka taqdim etish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish