Shonazarova Niginabonu Bobir qizining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Glikokar nomli fitokompozisiyaning farmakologik va toksikologik xususiyatlari», 14.00.17 – Farmakologiya va klinik farmakologiya (farmasevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Far130.
Ilmiy rahbar: Fayzieva Ziyoda Turaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farmasevtika ta’lim va tadqiqot instituti, DSc.06/2025.27.12.Far.25.01.
Rasmiy opponentlar: Allaeva Munira Jurakulovna, biologiya fanlari doktori, professor; Mavlyanov Zafar Iskandarovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: giperglikemiya modellarida "Glikokar" nomli yangi gipoglikemik fitokompozisiyaning biologik faolligini, uning ta’sir mexanizmlarini aniqlash va bezararligini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor "Glikokar" fitokompozisiyasining gipoglikemik xususiyatlari eksperimental sharoitda giperglikemiyaning turli modellarida, jumladan alimentar, adrenalinli, alloksanli, oksixinolinli giperglikemiya modellari yordamida asoslangan;
ilk bor "Glikokar" fitokompozisiyasining gipoglikemik ta’sir mexanizmlari qondagi C-peptid, jigar va mushaklardagi glikogen miqdorini, mushaklardagi fosforilaza, jigar va mushaklardagi geksokinaza faolligini o‘rganish orqali isbotlangan;
"Glikokar" fitokompozisiyasining klinikagacha bo‘lgan toksikologik xususiyatlari, jumladan, o‘tkir zaharliligi, mahalliy qitiqlash, allergik, kumulyativ, embriotoksik, teratogen, surunkali zaharliligi va ichki a’zolarning morfologik tuzilishiga ta’siri aniqlangan;
yangi o‘simlik fitokompozisiyasining tajriba hayvonlarining ayrim a’zo va tizimlarining funksiyalariga, ya’ni silliq mushaklar tonusiga, peshob ajralishiga, Na⁺ va K⁺ ionlarining almashinuviga ta’siri birinchi bor aniqlangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. "Glikokar" nomli fitokompozisiyaning farmakologik va toksikologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Glikokar nomli fitokompozisiyaning farmakologik va toksikologik xususiyatlari” uslubiy tavsiyanomasi Toshkent Davlat tibbiyot  universiteti  negizidagi Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti (2025 yil  7 maydagi 1050-son buyruq asosida) va Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida (2025 yil 10 maydagi 1-A/343-sonli buyruq asosida) joriy etilib, O‘zbekiston  Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash tomonidan tasdiqlangan (O‘zbekiston  Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 2025 yil 17 iyuldagi 22 sonli xulosasi). Natijada, 2-tip qandli diabetning oldini olish uchun tavsiya etilgan ushbu yig‘maning o‘tkir zaharlilik, mahalliy qitiqlash, allergik, kumulyativ xususiyatlari, embriotoksik va teratogen ta’siri yo‘qligi, har tomonlama xavfsiz ekanligi isbotlangan va amaliyotga tatbiq etish imkonini bergan;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasidan “2-tip qandli diabetni davolash uchun dorivor o‘simliklarning yig‘masi”ga  foydali model uchun patent olingan (№ FAP2478, 21.06.2023). Ushbu me’yoriy hujjatning tasdiqlanishi 2-tip qandli diabetni oldini olishda gipoglikemik xususiyatga ega samarali vositalarni assortimentini kengaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish