Ulashova Sevinch Ulash qizining 
fan doktori (DSc) dissertatsiya ishi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): XIII–XVI asrlar sharq manbalarida Chig‘atoy ulusi hukmdorlari va ularning faoliyati  07.00.03. – Jahon tarixi hamda 07.00.08 – Manbashunoslik, tarixshunoslik va tarixiy tadqiqot usullari. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2024.4.DSc/Tar480.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent amaliy fanlar universiteti, Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, DSc.01/2025.27.12.Tar.03.01
Ilmiy rahbar: tarix fanlari doktori, professor, akademik Yusupova Diloram Yunusovna.
Rasmiy opponentlar: tarix fanlari doktori, professor Shadmanova Sanobar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor Bekmirzaev Ilhom Isroilovich, tarix fanlari doktori, yetakchi ilmiy xodim  Qo‘ldoshev Sherali Temiralievich.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Chig‘atoy ulusi hukmdorlari va ularning faoliyatini XIII–XVI asrlar sharq manbalari asosida tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning  ilmiy yangiligi:
O‘zbek davlatchiligi tarixshunosligida Chig‘atoy ulusi tarixi boshqa sulolalar tarixi qatorida alohida o‘rganilmay, sulola davri etarlicha ilmiy tadqiqot ob’ekti bo‘lmayotgani natijasida qariyb ikki asrlik davr bo‘shliq sifatida qolib ketayotgani, mavjud tadqiqotlarda ham Olg‘u, Baroq, Duva kabi xonlar faoliyati, ularning ulus mustaqilligi yo‘lidagi harakatlari etarli darajada baholanmagani, ulusning siyosiy mustaqillikka erishishida Duvaning diplomatiyasi asos bo‘lgani manbalarni qiyoslash asosida aniqlandi;
Yozma manbalardagi ulus xonlarining hukmronlik yillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar numizmatik qaydlar bilan solishtirilib, Eson Buqo, Kebek, Elchigiday, Durar Temur, Tarmashirin kabi o‘nga yaqin xonlarning tangalaridagi sanalar bilan mos emasligi, shuningdek, ayrim xonlar shajarasi (Xalil, Qozon Sulton, Tug‘luq Temur), ketma-ketligi (Kobulshoh, Odil Sulton), faoliyati masalasi yozma manbalarda bahsli va bir-biriga zid ma’lumotlar mavjudligi ko‘rsatib berildi;
Temuriylar davri yozma manbalari (“Zafarnoma”lar, “Muntaxab ut-tavorix”, “Tarixi arba’ ulus”, Mujmali Fasihiy” va boshqalar) va mavjud tadqiqotlarda keltirilgani kabi Chig‘atoy ulusining parchalanishi va siyosiy bo‘linish masalasi Qozon Sulton vafotidan keyin emas, Ali Sulton va Muhammad davrida sodir bo‘lgani numizmatik ma’lumotlar asosida dalillandi;
Fors muarrixlarining (Rashididdin, Abulqosim Qoshoniy va boshqalar) Chig‘atoy xonlariga bo‘lgan munosabati tanqidiy tahlil qilinib, ayrim tarixiy voqealar (1251-yilgi Shiromun isyoni, Talas qurultoyi, Qayduning harbiy faoliyati, Duvaning qoonlik bilan munosabatlari va boshqalar)da Yuan, Oltіn O‘rda va Elxoniylar hukmdorlari bilan solishtirganda, Chig‘atoy xonlarining mavqeyi ularga teng bo‘lmagan mahalliy boshqaruvchilar shaklida ko‘rsatishga harakat qilingani, Eron tarixshunosligida azaliy Turon-Eron qarama-qarshiligi an’anasining davomi ekani aniqlandi; 
Chig‘atoy ulusining 33 nafar hukmdori nomi yozma manbalarning hech birida to‘la aks etmagani (Juvayniy 4 nafar, Rashididdin 8 nafar, Jamol Qarshiy 10 nafar, “Zafarnoma”larda 31 nafar, Mirzo Ulug‘bek 31 nafar va boshqalar), Temuriylar davri yozma manbalaridan Xalil (Xalilulloh) ismli xonning tushirib qoldirilgani va u haqdagi yagona yozma manba Ibn Battutaning “Tuhfat an-nuzzor fi g‘aroib al-amsor va ajoib al-asfor” (“Sayohatnoma”) asari va numizmatik qaydlar ekani ko‘rsatib berildi;  
Tug‘luq Temurning o‘ttizdan ortiq vorislari boshqarib kelgan Chig‘atoy ulusining sharqiy qismi ayrim manbalar va tadqiqotlarda ulusga aloqasi bo‘lmagan alohida davlat sifatida talqin qilinib kelingani aniqlanib, Mirzo Haydar, Mahmud ibn Vali, Shoh Mahmud ibn mirzo Fozil Churos kabi muarrixlarning asarlari asosida bu davlat sharqiy Chig‘atoy ulusi ekani va g‘arbiy ulus amirlar boshqaruviga o‘tgandan keyin ham sharqiy ulusda Chig‘atoy xonlarining faoliyati 1696-yilga qadar davom etgani dalillandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
XIII–XVI asrlar sharq manbalarida Chig‘atoy ulusi hukmdorlari va ularning faoliyati bo‘yich olingan xulosalar va takliflar quyidagicha amaliyotga tatbiq etildi:
XIII–XVI asrlar sharq manbalarida Chig‘atoy xonlari, xususan, Organa Xotun, Baroq, Kebek, Tarmashirin, Xalil (Xalilulloh), Qozon Sulton kabi xonlarning xronologiyasi, shajarasi va faoliyatiga doir bahsli masalalarga oid xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Qismat” va “Tarixiy maydon” nomli ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2025-yil 15-dekabrdagi 01-33/953-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar ko‘rsatuvni ilmiy dalillarga boyitish bilan birga sharq muarrixlarining ilmiy merosini xalqimizga etkazishga xizmat qilgan;
XIV asrning ikkinchi yarmida Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy ahvol, Chig‘atoy ulusining parchalanishi natijasida, hokimiyatning turkiy amirlar qo‘liga o‘tishi masalasi doirasida ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalar Xalqaro Amir Temur jamoat fondining 2024-2025-yillardagi ilmiy-amaliy faoliyatida tatbiq etilgan. Dissertatsiya natijalari Xalqaro Amir Temur jamoat fondining “Amir Temur – buyuk sarkarda va davlat arbobi”, “Amir Temur – fahrimiz, g‘ururimiz” kabi qator tadbirlarni tashkil etishga xizmat qilgan (Xalqaro Amir Temur jamoat fondining 2025-yil 18-iyundagi 31-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Amir Temurning hokimiyatga kelishi arafasidagi Chig‘atoy ulusi xonlarining tarixiy jarayonlardagi roli va ahamiyatini ochib berishga xizmat qilgan;
Chig‘atoy ulusi so‘nggi hukmdorlarining faoliyati doirasidagi tarixiy jarayonlar, Amir Temurning hokimiyatga kelishi arafasidagi mintaqadagi ijtimoiy, siyosiy vaziyat xususidagi ma’lumotlardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2024-2025-yillardagi targ‘ibot faoliyatida foydalanilgan. Dissertatsiya natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining “Mehr-oqibatli o‘zbek halqining madaniyati”, “Tarix – ma’naviyat ko‘zgusi” kabi qator mavzulardagi tadbirlarni tashkil etish, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik g‘oyasini targ‘ib qilishga xizmat qilgan (Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutining 2025-yil 18-iyundagi 10/349-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Duvaxondan boshlab Chig‘atoy xonlarining ulusda olib borgan iqtisodiy, ijtimoiy islohotlari mintaqa aholisining turmush tarzini engillashtirishga xizmat qilgani yozma va numizmatik manbalar asosida qiyosiy tahlil orqali aniqlangan;
Chig‘atoy ulusi hukmdorlari faoliyatiga doir tarixiy jarayonlarning hozirgacha kam o‘rganilgan va tarixiy-ilmiy adabiyotlarda aks etmagan jihatlari Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘quv qo‘llanma shaklida Toshkent amaliy fanlar universiteti, Alfraganus universitetida olib borilgan o‘quv jarayoniga tatbiq etilgani va ijobiy o‘zgarishlarga erishilgani tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 25-iyundagi 04/26-2026-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Chig‘atoy ulusi tarixi bilan bog‘liq bir yarim asrlik tarixiy jarayonlar o‘quv qo‘llanma va ilmiy adabiyotlar orqali talabalar va ilmiy jamoatchilikka etkazilishi va ularni amaliyotga tatbiq etilishi muhim ilmiy asos sifatida qo‘llanilgan.
XIII-XVI asrlar sharq manbalarida Chig‘atoy ulusi hukmdorlarining faoliyati, mo‘g‘ul xonlarining Movarounnahr va unga tutash hududlarda olib borgan iqtisodiy, ijtimoiy siyosati, islom diniga munosabati, jumladan, Muborakshoh, Baroqxon, Alauddin Tarmashirinxon kabi xonlarning islom dinini qabul qilishi va mintaqa musulmon aholisiga munosabati manbalar asosida ochib berilgan. Shuningdek, musulmon bo‘lmagan mo‘g‘ul xonlarining diniy e’tiqodlari, islomlashish jarayonlari turklashish jarayonlarini tezlashtirib yuborgani yozma va numizmatik manbalar asosida aniqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2026-yil 4-martdagi 02/88– sonli ma’lumotnomasi). Natijada, XIII-XVI asrlarda Movarounnahr va unga qo‘shni hududlarda islom dini va musulmon aholiga munosabat, mo‘g‘ul xonlarining bu masaladagi islohotlarining tarixiy ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish