Ergasheva Nargiza Xoshimjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ekish muddati va me’yorining moyli kungaboqar navlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri (Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida)”, 06.01.08-O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1214
Ilmiy rahbar: Yuldasheva Zulfiya Kamalovna, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.08/2025.27.12.Qx.02.01.
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Abdullaev Ismoil Ibrohimjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida moyli kungaboqardan yuqori va sifatli hosil etishtirishda maqbul nav, ekish muddati va me’yorini aniqlash hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida moyli kungaboqarning Dilbar, Buzuluk va Zarrin navlarini asosiy ekin sifatida etishtirishda maqbul nav (Buzuluk), ekish muddati (aprel oyining ikkinchi o‘n kunligi) va me’yori (60 ming dona/ga) aniqlab berilgan; 
kungaboqar navlari 15-aprel muddatida gektariga 60 ming dona urug‘ hisobida ekilganda 50, 70 va 80 ming dona/ga ekish me’yorlariga hamda 1 aprel va 1-may muddatlaridagi barcha ekish me’yorlariga (50, 60, 70 va 80 ming dona/ga) nisbatan o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, fotosintetik faoliyati, hosildorligi va urug‘ sifatiga yuqori ijobiy ta’sir etganligi aniqlangan;
kungaboqar navlari erta (1 aprel) va kech (1 may) ekish muddatlarida ekilganda 15-aprel muddatiga nisbatan o‘simlik bo‘yi, barg soni, barg yuzasi, quruq massasi va fotosintez sof mahsuldorligi past bo‘lganligi aniqlangan, har bir ekish muddatida esa ko‘rsatkichlarning yuqori yoki past bo‘lishi ekish me’yorlari va navga bog‘liqligi, kech ekish muddatida va Zarrin navida savatlarning 2-6 kunga ertaroq pishishi, shuningdek, navlarning o‘sishi, rivojlanishi va hosil shakllantirishi uchun 1704,1, 1664,3, 1549,7 0C faol harorat talab qilinishi ilmiy asoslangan; 
maqbul ekish muddati va me’yori kungaboqar navlarining mahsuldorlik ko‘rsatkichlari (savat diametri, uning umumiy og‘irligi va bitta savatdagi urug‘lar soni va ularning og‘irligi, to‘liq urug‘lar soni), 1000 ta urug‘ vazni va urug‘ moydorligiga ijobiy ta’sir etiganligi va bunda 15-aprelda 60 ming dona/ga me’yorda ekilgan Buzuluk navida savatlar mahsuldorligi (to‘liq urug‘lar soni 1947,2 dona, vazni 185 gramm), 1000 ta urug‘ vazni (95,0 gramm) va urug‘ moydorligi (48,8 %) eng yuqori bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida moyli kungaboqar navlarining maqbul ekish muddati va me’yorini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Kungaboqar etishtirish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan va Toshkent viloyati fermer xo‘jaliklarida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 14-iyuldagi 05/05-04/379-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyalar asosiy ekin sifatida moyli kungaboqar navlarini etishtirish va ulardan yuqori hamda sifatli hosil olishda navlar bo‘yicha maqbul ekish muddati va ko‘chat qalinligini belgilash, mos agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
moyli kungaboqarning “Dilbar” va “Buzuluk” navlarini bahorgi muddatda etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani “Soliha Sherzodbek” fermer xo‘jaligida 3,5 ga, “Shamsiddin Anvar Fayz” fermer xo‘jaligining 4,0 ga, “Oqqo‘rg‘on Nur Agro” fermer xo‘jaligida 3,5 ga, tuman bo‘yicha jami 11,0 ga maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 14-iyuldagi 05/05-04/379-son ma’lumotnomasi). Natijada, navlar 15-aprelda gektariga 60 ming dona/ga urug‘ hisobida ekilgan variantlarda eng yuqori hosil olishga erishilib, fermer xo‘jaliklari bo‘yicha “Dilbar” navida 32,3-35,2 s/ga ni, “Buzuluk” navida 35,5-38,2 s/ga ni tashkil etgan holda, 70 ming dona/ga urug‘ ekilgan variantlarga nisbatan navlar bo‘yicha o‘rtacha 1,5-2,3 s/ga qo‘shimcha hosil olingan. “Buzuluk” navining hosildorligi ikkala ekish me’yorida ham “Dilbar” naviga nisbatan 3,0-3,5 s/ga yuqori bo‘lib, pirovardida rentabellik darajasi (162,0-176,0 %) ham 21,0-26,0 % yuqori bo‘lishiga erishilgan;
moyli kungaboqar navlarini maqbul ekish muddati va kochat qalinligida ekib etishtirish texnologiyasi Ohangaron tumanidagi “Baxtiyor Nazira quvonchi” fermer xo‘jaligida 2,5 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025-yil 14-iyuldagi 05/05-04/379-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Dilbar” va “Buzuluk” navlari 15-aprelda gektariga 60 ming dona urug‘ me’yorida ekilganda hosildorlik 32,3 va 36,1 s/ga, 70 ming dona urug‘ me’yorida ekilganda 30,2 va 33,8 s/ga ni tashkil etib, ikkala navda ham kam ekish me’yorida 2,1 va 2,3 s/ga qo‘shimcha hosil olingan. “Buzuluk” navi gektariga 60 ming dona urug‘ me’yorida ekilganda “Dilbar” naviga nisbatan eng yuqori qo‘shimcha hosildorlikka (3,8 s/ga) erishilib, rentabellik darajasi (153,0 %) ham 23,0 % ga yuqori bo‘lgan hamda gektaridan qo‘shimcha 3232,0 ming so‘m sof daromad olish imkonini bergan. 

Yangiliklarga obuna bo‘lish