Bozorov Otabek Odilovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XX asrning 80-yillarida O‘zbekistondagi millatlararo munosabatlar tarixi (Farg‘ona fojiasi misolida)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.4.PhD/Tar223.

Ilmiy rahbar: Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Xasanov Baxtiyor Vaxapovich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: XX asr 80-yillarida O‘zbekistondagi millatlararo munosabatlar tarixini Farg‘ona fojiasi misolida o‘rganish va uning keltirib chiqargan oqibatlarini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Farg‘ona vodiysidagi qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarish sur’atlarining keskin pasayib borishi, demografik o‘ziga xoslik, aholining ishga bo‘lgan qobiliyati va ehtiyojlarining e’tiborga olinmaganligi sababli ijtimoiy sohaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston va sobiq ittifoq o‘rta darajasidan past ko‘rsatkichlarga tushib qolganligi aniqlangan;

ijtimoiy-siyosiy tanazzul, iqtisodiy turg‘unlik, mafkuraviy inqiroz, milliy mojarolarni keskinlashtirishdan manfaatdor bo‘lganlar harakati natijasida Farg‘ona vodiysida yuz bergan millatlararo mojarolarni hal qilishda partiya, sovet va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samarasizligi aniqlangan;

Farg‘ona voqealarida mahalliy aholining milliy mojarolarni keskinlashtirish emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga norozilik ifodasi sifatida ishtirok etganligi, to‘polonlar vaqtida o‘zbek oilalari qardosh xalq bo‘lgan mesxeti turklari hayotini saqlab qolib, ularning xavfsizligi ta’minlanganligi isbotlangan; 

mustaqillikning dastlabki yillarida Farg‘ona vodiysidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni sog‘lomlashtirish yuzasidan olib borilgan islohotlarning teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilganligi, istiqbolli dasturlar, yangi milliy siyosat huquqiy asoslarining respublikadagi turli millat va elatlarning madaniyati, tili, urf-odat va an’analarini hurmat qilishga asoslanganligi tarixiy jihatdan tizimli ravishda ochib berilgan.

IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

XX asr 80-yillarida O‘zbekistondagi millatlararo munosabatlar tarixini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

Farg‘ona vodiysidagi millatlararo munosabatlarning asosiy muammolari, etnosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning o‘zaro munosabatlari, millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirishga oid xulosalardan Tarix institutida bajarilgan I1-FA-0-F8-58798 raqamli “Etnopoliticheskie protsessi i mejetnicheskie otnosheniya v Respublike Uzbekistan (kones XX nachalo XXI vv.)” innovatsion loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 sentyabrdagi 89.03.3147-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi mustaqillik arafasida O‘zbekiston Respublikasining ichki siyosati va millatlararo aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi, etnik nizolar, etnosiyosiy jarayonlar va millatlararo munosabatlar tizimida millatlararo va konfessiyalararo bag‘rikenglik kabi masalalarni tarixiy faktlar asosida ochib berishga xizmat qilgan;

O‘zbekiston mustaqilligi arafasida Farg‘ona vodiysidagi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning sabab va oqibatlari, millatlararo munosabatlardagi jarayonlar tahlili, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni sog‘lomlashtirish yuzasidan olib borilgan islohotlar, yangi milliy siyosatning tashkiliy-huquqiy asoslari va strategik yo‘nalishlarining mohiyatini aks ettiruvchi ma’lumotlardan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining millatlararo munosabatlarni takomillashtirish sohasidagi targ‘ibotlarini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2018 yil 19 iyuldagi 0413/3718-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi yoshlarni millatlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash sohasidagi targ‘ibotlarni amalga oshirishda, teleko‘rsatuvlarni tayyorlashga, millatlararo munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari to‘laqonli anglash uchun xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish