Absamadov Bahodir Urozovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Ingliz hamda o‘zbek komediyalarining obrazlar tizimi va badiiy tili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya ro‘yxatga olingan raqam: _________________
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: Turon universiteti.
Ilmiy rahbar: Xalilova Dilbar Jalilovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Turon universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.39.01
Rasmiy opponentlar: Fayzulloev Otabek Muxamadovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor, Pirnazarova Manzura Matnazarovna filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek adabiyotida komediyaning mustaqil janr sifatidagi o‘rni, taraqqiyot bosqichlari, mavzuiy tiplari, obrazlar tizimi va badiiy til xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek adabiyotida komediyalarning mistik, satirik (hajviy), yumoristik, dramatik, musiqali yoki musiqali grotesk, romantik, lirik, qahramonlik, fars, vaziyat, axloqiy-maishiy, ijtimoiy-siyosiy, fojiaviy, jiddiy – tragikomediya kabi turlari shakllanib, rivojlanib kelganligi asoslangan;
voqealarni chalkash, aralash-quralash ifodalash orqali tomoshabinda kulgi tug‘dirish, qahramonlarning kulgili holatlarini, kishilar xarakteridagi bema’ni, noqis xususiyatlarni, kulgili xarakterlar hamda xarakter kulgilarini berishga mo‘ljallangan komediya janridagi asarlar tadriji ingliz va o‘zbek komediyanavisligi asosida dalillangan;
ingliz va o‘zbek komediyalari qiyosiy tahlili orqali ularda tarixiylik, zamonaviylik, hayotiylik, reallik, badiiy to‘qima, obrazlilik, sahnaviylik, kulgililik, fojiaviylik, syujet tuzilishi, komik vaziyatlarning ifoda xususiyatlari, lingvopoetikasi, monolog-dialoglarning o‘rni ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek komediyalari poetikasidagi takomillashuv jarayonlariga xalq kulgisi, satira va yumor, latifa va lof, qiziqchilik san’atining komik syujet, obraz, talqin yaratishdagi ta’siri, so‘z o‘yini, malapropizm, oksimoron, makaronizm, okkazionalizm, mubolag‘a, metafora, kinoya, vulgar (so‘kinish) so‘zlar, qarg‘ishlar, laqablardan foydalanish holatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz hamda o‘zbek komediyalarining obrazlar tizimi va badiiy tiliga xos xususiyatlarni aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek komediyalaridagi tipik va individual obrazlar, ularning lingvopoetik xususiyatlari, kinoya, so‘z o‘yini, satira, grotesk va dialogik nutq vositalari orqali shakllanish jarayoni qiyosiy tahlil asosida ochib berilgan hamda obraz yaratishda badiiy tilning milliy xususiyatlari, komik maʼno hosil qilishdagi til birliklarining funksional-semantik imkoniyatlari ilmiy jihatdan asoslangan materiallardan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2023–2025-yillarda amalga oshirilgan IL-27-4722022413-sonli “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanining “Komparativistika” elektron platformasini yaratish mavzusidagi innovatsion loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 11-25/294-son ma’lumotnomasi. 24-dekabr 2025-yil). Natijada elektron platformada ingliz va o‘zbek komediyalarida obraz va badiiy tilning o‘zaro munosabatiga oid tahliliy materiallar yaratildi, komik obrazlarning tipologik tasnifi amalga oshirildi hamda badiiy til vositalarining funksional xususiyatlari va ularning tarjima jarayonidagi murakkab jihatlar yuzasidan ilmiy xulosalar berilishiga erishilgan;
ingliz va o‘zbek adabiyotidagi komediya janriga xos romantik, dramatik, yumoristik, satirik, musiqali, vaziyatli, farslik, jiddiy va tragikomediya kabi shakllarning tasnifi, kulgining ifoda vositalari, komik vaziyatlar, obrazlar, lingvopoetik xususiyatlar hamda monolog-dialoglarning funksional o‘rni haqidagi ilmiy xulosalar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2024–2025-yillar davomida bajarilgan IL-7823051524-sonli “Paratranslator: parallel korpusga asoslangan kontestologik elektron tarjima lug‘at platformasini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan. (Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 04/11-1119-son ma’lumotnomasi. 14-yanvar, 2026-yil). Natijada innovatsion loyihaning nazariy asoslari mustahkamlanib, elektron tarjima platformasining funksional imkoniyatlarini kengaytirish hamda zamonaviy tarjimashunoslik va kompyuter lingvistikasi integratsiyasini ta’minlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.
ingliz va o‘zbek komediyalarida obrazlar tizimi va badiiy nutqning o‘ziga xos xususiyatlariga oid ilmiy xulosalar Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrining sahnaviy faoliyatida komedik asarlarni sahnalashtirish jarayonida obraz talqini, xarakterlararo munosabatlar va dramatik konfliktni chuqurroq ochib berishda nazariy asos sifatida qo‘llanilgan (10/03-491 raqamli ma’lumotnoma. 29-dekabr 2025-yil). Natijada komedik obraz yaratish va xarakterni tipiklashtirish tamoyillari teatr aktyorlarining sahna talqini ustida ishlash, rollarni psixologik va estetik jihatdan chuqur asoslash, teatr rejissyorlari va ijodiy jamoa tomonidan dramatik matnni sahnaga moslashtirish, dialoglar tabiiyligini ta’minlash hamda milliy va umuminsoniy komizm unsurlarini uyg‘unlashtirishda amaliy ahamiyat kasb etgan;
ingliz va o‘zbek komediyalari poetikasidagi takomillashuv jarayonlariga xalq kulgisi, satira va yumor, latifa va lof, qiziqchilik san’atining komik syujet, obraz, talqin yaratishdagi ta’siri, so‘z o‘yini bo‘yicha aniqlangan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi faoliyatida, xususan, “O‘zbekiston” teleradiokanalida efirga uzatiladigan “Adabiy jarayon”, “Sahna va ekran”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli dasturlar ssenariylarini tayyorlash jarayonida samarali foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston 24” ijodiy birlashmasi” davlat muassasasining 2026-yil 6-yanvardagi 05-09-11-son ma’lumotnomasi). Bu ko‘rsatuvlar jarayonida izlanuvchi tomonidan aniqlangan ingliz va o‘zbek komediyalari obrazlar tizimi va badiiy tilining yaqin va o‘ziga xos belgilari teletomoshabin hamda radiotinglovchilar e’tiboriga havola qilingan. Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni ilmiy dalillar bilan boyitilib, ilmiy-ommabopligi oshirilgan.