Muxammadieva Oliya Narzullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning shakllanishi va rivojlanishining ijtimoiy-falsafiy tahlili», 09.00.04–Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Fal134.
Ilmiy rahbar: Musaev Faxriddin Abdusattorovich, falsafa fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.02.02.
Rasmiy opponentlar: Saifnazarov Ismoil, falsafa fanlari doktori, professor; Safarova Nigora Olimovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning shakllanishi va rivojlanishining qonuniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlarini ijtimoiy-falsafiy tahlil etish orqali ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning shakllanishi va aholining turli qatlamlari manfaatlarini ifodalaydigan vakillik, qonunchilik, nazorat funksiyalari falsafaning zaruriyat, umumiylik, xususiylik, alohidalik kategoriyalari orqali asoslangan;
parlament palatalarining qonun ijodkorligi va davlat boshqaruvida ijtimoiy nazoratning passionar, kreativ, ijro etilishida progressiv va innovatsion xususiyatlari ochib berilgan;
parlamentning quyi va yuqori palatasining shakllanishi qonunchilik va davlat boshqaruvidagi vakolatlari konstitusion mohiyatga ega ekanligi, mahalliy hududlar manfaatlarini ifoda qiladigan vakillik organi orqali mutanosiblik, muvozanat tizimi yaratilgani asoslangan;
mamlakatimizda parlamentning qonun ustuvorligi, konstitusion burch, siyosiy faollik, deputatlar mas’uliyatini oshiradigan tadbir va tamoyillarining yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishdagi ilmiy-amaliy ahamiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning shakllanishi va rivojlanish xususiyatlarining ijtimoiy-falsafiy tadqiqiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishining natijalari asosida:
milliy parlamentning shakllanishida siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni, fuqarolik jamiyatini barpo etishda ikki palatali parlamentning rolini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining siyosiy partiyalar faoliyatini tadqiq etishga doir faoliyatida qo‘llanilgan (Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining 2017 yil 17 oktyabrdagi 11/269- son ma’lumotnomasi). Natijada taklif va tavsiyalarning qo‘llanilishi mamlakatimizda aholi turli qatlamlari va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarning nazariy va amaliy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
milliy parlamentarizmning shakllanish bosqichlari va uning tashkiliy-huquqiy hamda nazariy asoslari bo‘yicha takliflardan O‘zbekiston Respublikasi «Parlament nazorati to‘g‘risidag»gi Qonunining 5-moddasini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2018 yil 11 sentyabrdagi 06/1-05-634-j-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasining «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunini takomillashtirishga xizmat qilgan;
mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlarda parlamentning o‘rni va roli, demokratik jarayonlarda ikki palatali parlament faoliyati samaradorligini oshirish yo‘llari, yoshlarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalalari tadqiq etilganligi, shuningdek, dissertatsiya doirasida ko‘tarilgan masalalar, takliflar va tashabbuslar Yoshlar ittifoqining Ijtimoiy-huquqiy masalalar va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi, uning hududiy tuzilmalardagi bo‘limlari faoliyatida «Barchasi o‘z qo‘lingda» targ‘ibot dekadasi, «Yosh deputat, parlament saylovlar arafasida», «Huquq va majburiyat», «Konstitusiya targ‘iboti oyligi» loyihalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqining 2019 yil 9 yanvardagi 04-13/116-son ma’lumotnomasi). Natijada taklif etilgan g‘oyalar yoshlarning huquqiy bilimlarini yuksaltirishda, ularni qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalashda hamda jamiyat taraqqiyotida, ayniqsa, sud-huquq, yoshlar siyosati sohasidagi islohotlarda yoshlarning faolligini oshirishda yordam bergan.