Abdusattorov Asqarxo‘ja Abdumavlon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish uchun tonnellarning vaqtinchalik temirbeton qoplamasi materiali tarkibini takomillashtirish”, 05.10.02 “Favqulodda holatlarda xavfsizlik. Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi”; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi roʻyxatga olingan raqam: B2025.4.PhD/T6299
Ilmiy rahbar: Ibragimov Baxrom Tashmuratovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat koʻrsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.10/2025.27.12.T.01.03 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Abdazimov Shavkat Xakimovich, professor v.b, DSc,
Kadirov Ulug‘bek Baxtiyorovich, dotsent, t.f.f.d. (PhD).
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universitet.
II. Tadqiqotning maqsadi: tog‘ usulida quriladigan tonnellarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni samarali bartaraf etishni ta’minlash maqsadida vaqtinchalik temirbeton qoplama materiali tarkibini mahalliy bazalt tolasi qoshish asosida takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tonnellarning vaqtinchalik temirbeton qoplamalarida mahalliy bazalt tolasi qo‘shilgan va qo‘shilmagan betonlarni qo‘llash natijalari asosida fibrabetonning an’anaviy betondan 15 % gacha mustahkamroq ekanligi aniqlangan;
temirbeton tonnel qoplamalaridagi beton tarkibiga bazalt tolasi qo‘shilishi natijasida fibrabetonning 400-800 °C harorat sharoitida o‘z mustahkamligini saqlab qolishi aniqlanib, ushbu natijalar asosida fibrabetonni ishlab chiqarishning texnologik sxemasi hamda uning amaliy qo‘llash metodikasi takomillashtirilgan;
favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida fibrobetonning mustahkamligi va olovbardoshligiga bazalt qo‘shimchasining ta’sirini o‘rganish natijasida tonnel qoplamasining xavfsizlik ko‘rsatkichlari baholangan va favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya jarayoni ishlab chiqilgan;
tonnel qoplamalamalarida bazalt tolali betonni qo‘llashning texnik, xavfsizlik va iqtisodiy samaradorligi kompleks ravishda o‘rganilib, mazkur materialdan foydalanish favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning salbiy oqibatlarini kamaytirishda samarali ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish uchun tonnellarning vaqtinchalik temirbeton qoplamasi materiali tarkibini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishi natijalari asosida:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida tonnellarning vaqtinchalik temirbeton qoplamalari uchun beton tarkibiga mahalliy bazalt tolasi qo‘shish hamda ushbu tarkibni takomillashtirish bo‘yicha taklif etilgan echim Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan loyihalash jarayoniga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2025-yil 28-oktyabrdagi, 3/4/30-3264-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, takomillashtirilgan ushbu beton tarkibidan foydalanish hisobiga taklif etilayotgan kompozision materiallarning olovbardoshligi oshishi tufayli tonnellarning yong‘inga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati va mustahkamligi 9-15 % gacha yaxshilangan hamda emirilish yoki qulab tushish xavfi kamayishi imkonini bergan;
tonnel qurilishida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, qurilish jarayonini tezlashtirish va umumiy samaradorlikni oshirish maqsadida beton tarkibiga mahalliy bazalt tolasi qo‘shish bo‘yicha taklif etilgan echimlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Pskem daryosida barpo etilayotgan Pskem GES qurilishi ob’ekti tarkibidagi tonnel qurilishida vaqtinchalik mahkamlovchi tizim sifatida qo‘llash uchun tavsiya etilgan fibrabeton Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2025-yil 28-oktyabrdagi, 3/4/30-3264-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, takomillashtirilgan ushbu beton tarkibini qo‘llash tonnel ichida ishlash xavfsizligi darajasini oshirish bilan birga, umumiy qurilish xarajatlarini 5-7 % gacha qisqartirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish