Nishanbaeva Aziza Ilgisovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Alisher Navoiy “Xamsa” asaridagi forsiy affiksoidlar bilan yasalgan so‘zlarning struktur-semantik tahlili”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3799
Ilmiy rahbar: Mirzaxmedova Xulkar Vasilovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/2025.27.12.Fil.05.03.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Umedullo Akmaliddir o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent v.b.; Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor;
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, va adabiyoti va fol`klori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning “Xamsa” asaridagi forsiy affiksoidlar orqali yasalgan so‘zlarni aniqlash va ularni struktur-semantik tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
affiksoidlar etimologik jihatdan to‘liq semantik ma’noli mustaqil so‘z bo‘lib, affikslar kabi qo‘llanishi biroq ularga nisbatan aniq belgi namoyon etishi tavsiflangan;
Alisher Navoiy “Xamsa” asarida 904 ta forscha affiksoid ishtirokidagi yasama so‘z aniqlangan bo‘lib, ulardan fām, -kada, -maniš, kad-, pur-, xar- kabi ismiy va -angēz, -rēz, -nišīn, -nihād, -ālūd, -andūd singari fe’liy affiksoidlar so‘z yasashda faol ekanligi, -bāf, -ras, -zan, -būd, -navišt feeliy suffiksoidlar esa mahsuldor emasligi hamda yasama so‘zlar ot yoki sifat so‘z turkumiga oid bo‘lishi isbotlangan;
forscha affiksoidli yasama so‘zlar forsiy, arabiy va turkiy asosli bo‘lib, “asos arabiy+suffiksoid”, “prefiksoid+arabiy asos” modellari mahsuldor, “turkiy asos+suffiksoid”, “prefiksoid+turkiy asos” tuzilishidagi modellar nisbatan kam miqdorni tashkil etishi dalillangan;
Alisher Navoiy “Xamsa”sida qo‘llangan, ammo fors tilida mavjud bo‘lmagan filāṭūnmaniš, ramīdamānand, barqfām, xaẓrārang, purtalāṭum, surmaālūd kabi 210 ta forsiy affiksoidli so‘z hamda 12 ta leksik birlikning lug‘atlarda keltirilmagan asl va majoziy ma’nolari yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiyning “Xamsa” asarida forsiy affiksoidlar bilan yasalgan so‘zlarning struktur-semantik tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
forsiy affiksoidlarning turkiy, forsiy va arabiy so‘zlarga qo‘shilishi, hosil qilingan so‘zlarning ma’nolari, qo‘llangan sermahsul forsiy affiksoidlar bo‘yicha olingan xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2022 yil 19 sentabrdagi 02-31-1533-son ma’lumotnomasi). Natijada “navosoz”, “durposh”, “dilkash”, “gulfom”, “farmonpazir”, “bargrez” va shu kabi forsiy affiksoidlar bilan hosil qilingan so‘zlarning ma’nolari, “-soz”, “-rez”, “-fom”, “-posh”, “-parast”, “-baxsh” kabi sermahsul forsiy affiksoidlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilmiy-tarixiy dalillar asosidagi turkum ko‘rsatuvlar tayyorlashga zamin yaratgan;
fors tilidagi affiksoidlarning ishlatilishi, sermahsul affiksoidlar, ismiy va fe’liy affiksoidlar yuzasidan bildirilgan fikrlar asosida “Leksikologiya persidskogo yazika” o‘quv qo‘llanmasining “Rol` slovobrazovaniya v formirovanii slovarnogo fonda persidskogo yazika” bo‘limini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2025 yil 16 iyun 01-04-02/1624-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot materiallari fors tili lug‘at fondining shakllanishida qo‘llangan so‘z yasash usullarini batafsilroq o‘rganishga zamin yaratgan;
fors tili so‘z yasalishida keng qo‘llangan affiksoidlar bilan yasalgan so‘zlar, “forsiy asos + forsiy affiksoid”, “turkiy asos + forsiy affiksoid”, “arabiy asos + forsiy affiksoid” kabi modellar asosida yasalgan so‘zlarning ishlatishishi xususiyatlaridan “Chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash sertifikati” taqdim etilishi ko‘zlangan “Fors tili darajasini bilishga oid bo‘lgan testlar” tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazining 2022 yil 27 dekabrdagi 42-son ma’lumotnomasi). Natijada fors tili darajasini aniqlashga oid testlar tuzishda (leksik va grammatik kompetensiyalar bo‘limida), shuningdek, fors tilini bilishga qaratilgan yozma va og‘zaki kompetensiyalarni aniqlash uchun berilgan vazifalarni shakllantirishga xizmat qilgan.