Rustamova Muslimaxon Ma’rufjon qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Abe Koboning “Qumdagi xotin” asari tarjimasining lingvopoetik xususiyatlari” mavzusidagi 10.00.06. – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2021.2.PhD/Fil1880
Ilmiy rahbar: Rixsieva Gulchehra Shovkatovna, filologiya fanlari nomzodi, professor  
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti DSc.03/2025.27.12.Fil.05.03
Rasmiy opponentlar: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, professori; Xolmurzaeva Nodira Toshmurzaevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillari instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi yapon yozuvchisi Abe Koboning “Qumdagi xotin” romani tarjima matnining lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
yapon-o‘zbek adabiy aloqalarining shakllanishida badiiy tarjimaning o‘rni, tarjimaning turli xalqlar adabiyotlarining o‘zaro aloqasi va bir-biriga ta’siri jarayonini tezlashtirishi, jahon adabiyotining yuksak namunalarini tarjima qilish orqali milliy til va adabiyotning struktur-semantik hamda badiiy tasvir imkoniyatlarini kengaytirish mumkinligi aniqlangan;
badiiy tarjima asarlarga lingvopoetik tamoyillar asosida yondashishning ahamiyati, tarjimada madaniy kodlarning ifodalanishi, tarjima asarni mukammal idrok etish va bexato o‘girish uchun tarjimon, avvalo, muallif mansub bo‘lgan lingvomadaniyatdan mukammal xabardor bo‘lishi lozimligi dalillangan;
asliyatda qo‘llangan realiya, o‘xshatish, metafora, frazeologik ibora va ramz kabi madaniy kodlarning tarjimasida kuzatilgan poetik aktuallashuv, intertekstuallik, zanjirsimon bog‘lanishlar, frazeologik transformatsiya kabi tamoyillar hamda ifoda usullari aniqlangan;
asliyatda qo‘llangan leksik-semantik vositalarning tarjimada berilishi bilan bog‘liq lingvistik qonuniyatlar, shuningdek, asliyat va tarjimada qo‘llangan sintaktik vositalarning, xususan, takroriy birliklar, paranteza, blis-portret, prozapodosis, sintaktik poetizmlar, imperativ va interrogativ qurilmalarning emotsional-ekspressiv va lingvopoetik imkoniyatlari qiyosiy-tipologik usullar orqali dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tarjima matnlarni lingvopoetik tadqiq qilishda erishilgan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida: 
badiiy tarjimada so‘z tanlash, o‘xshatish va sifatlashlarni berish, imperativ va interrogativ qurilmalar bilan bog‘liq fikr-mulohaza, xulosalardan hamda lingvopoetikaga oid asosiy birliklar, xususan, terminlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022–2023-yillarda bajarilgan AL-442105872 raqamli “Kimyo atamalarining izohli lug‘atini yaratish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2025-yil 3-apreldagi 660-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
2021–2022-yillarda bajarilgan IL-21071156 raqamli “Antropotsentrik tilshunoslik terminlari izohli lug‘atini tuzish va nashr qilish” (lug‘atning mobil ilovasi va vebsaytini yaratish) mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2025-yil 15-maydagi 3/1255-1202 raqamli ma’lumotnoma). Natijada ushbu elektron platforma lingvopoetikaga oid terminlar bilan boyitilgan;
yapon adabiyotidan tarjima qilingan badiiy asarlarda o‘xshatish, sifatlash, leksik-semantik vositalarning saqlanishi yoki muqobillarining tanlanishi, tarjima natijasida ayrim birliklarning lingvopoetik jihatdan tahliliy fikr va nazariy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan efirga uzatilgan “Hamma uchun” ko‘rsatuvi ssenariylarida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 12-sentyabrdagi 06-28-841-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallar mazmuni yanada mukammallashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish