Qoraboeva Gulnozaxon Islom qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xanthoparmelia conspersa, Lecanora argopholis lishayniklarining kimyoviy komponentlari va biologik faolligi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.PhD/K940.
Ilmiy rahbar: Jalolov Iqboljon Jamolovich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.K.10.06.
Rasmiy opponentlar: Aripova Salimaxon Fazilovna, kimyo fanlari doktori, professor; Gapparov Abdulatif Mamadalievich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston hududida o‘suvchi X. conspersa va L. argopholis lishayniklari kimyoviy komponentlari va biologik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marotaba X. conspersa va L. argopholis lishayniklarining tarkibida aminokislota, vitamin, flavonoid, 22 ta makro- va mikroelement, umumiy yog‘ miqdori aniqlangan hamda ushbu lishayniklar barcha oqsil tuzuvchi aminokislotlar va suvda eruvchan vitaminlar manbai ekanligi isbotlangan;
X. conspersa lishaynigidan 2 ta depsidon (stiktik, norstiktik kislotalar), 2 ta depsid (atranorin, giroforik kislota; giroforik ilk bor) va 1 ta dibenzofuran (usnik kislota), L. argopholis lishaynigidan esa 1 ta dibenzofuran (usnik kislota) hamda 3 ta flavonoid (apigenin, giperozid, izokversetin; barchasi ilk bor) ajratib olinib, tuzilishi zamonaviy usullar bilan aniqlangan; usnik kislota miqdori mos ravishda 0,56% va 0,18% ekanligi aniqlangan;
usnik kislotasini kvant mexanikasiga asoslangan holda molekulyar tizimlarning energetik holatlari, molekulyar tuzilishi, tebranish chastotalari va boshqa xossalari Gaussian-09 dasturi orqali kvant hisoblashlar amalga oshirildi, shuningdek, usnik kislotaning PASS online, SwissADME, Molekulyar docking dasturlari yordamida miya va ko‘krak saratoni, membrana o‘tkazuvchanligi ingibitori, zamburug‘larga qarshi faolligi va teri kasalliklariga farmakologik ta’siri isbotlangan;
birinchi marotaba X. conspersa va L. argopholis lishayniklarining etanolli ekstrakti HeLa, HBL-100, Hep-2 va CCRF-CEM saraton hujayralariga nisbatan sitotoksikligi hamda usnik kislota va gliserrizin kislotaning monoammoniyli tuzi asosida olingan supramolekulyar hosilaning o‘simlik zararkunandalariga qarshi ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. X. conspersa va L. argopholis lishayniklarining kimyoviy komponentlari va biologik faolliklarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Aphis craccivora zararkunandasiga qarshi usnik kislota va glisirrizin kislotasi monoammoniyli tuzining supramolekulyar kompleksi asosida ishlab chiqilgan pestisid Farg‘ona viloyati Oltiariq va Yozvyovon tumanlaridagi bog‘dorchilik hamda paxtachilik fermer xo‘jaliklarida amaliyotiga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2025 yil 15 oktyabrdagi 05/06-04-663-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, bogʻdorchilik maydonlarida asetamiprit asosli insektisid vositalariga nisbatan o‘rtacha 4,6% samaradorlikka erishish imkonini bergan;
X. conspersa va L. argopholis lishayniklarining kimyoviy tarkibini aniqlash natijalaridan “Farmasevtik kimyo” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlashda foydalanilgan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025 yil 09 iyuldagi 258-sonli buyrug‘i). Natijada, professional ta’lim o‘quv yurtlarida farmasevtik kimyo bo‘yicha mutaxassislarning bilimlarini mustahkamlash imkonini bergan.