Esonboev Javohir Rustam o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Jizzax viloyati Ixodidae kanalarining (Acari: Parasitiformes) parazit-xo‘jayin aloqalari va ularning amaliy ahamiyati», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/V1182.
Ilmiy rahbar: Akramova Firuza Djalaliddinovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.V.22.01.
Rasmiy opponentlar: Shakarboev Erkinjon Berdiqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Bobonazarov G‘appar Yadgarovich, biologiya fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Jizzax viloyatida Ixodidae oilasiga mansub kanalarning faunasi, ularning morfo-biologik xususiyatlari, parazit-xo‘jayin aloqalari hamda ularga qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ixodidae kanalarning zamonaviy taksonomiyasi tahlil qilinib, 20 turdan, 12 turi valid tur ekanligi aniqlangan;
Jizzax viloyatining uy va yovvoyi hayvonlarda Ixodidae kanalarining faunasi to‘rt avlodga mansub 9 tur aniqlangan: Rhipicephalus annulatus, Rh. turanicus, Rh. sanguineus, Rh. bursa, Hyalomma asiaticum, H. anatolicum, H. scupense, Dermacentor marginatus, Ixodes vespertilionis;
ilk bor O‘zbekiston hududida Rhinolophus ferrumequinum va Myotis blythii ko‘rshapalaklarida Ixodes vespertilionis kana turi uchrashi aniqlangan;
Ixodes vespertilionis kana turining morfo-biologik xususiyatlari asoslangan, 12S va 16S mitoxondrial gen sohasi molekulyar-genetik tahlil qilinib, filogenetik aloqalari ochib berilgan;
ilk bor kanalar jamoalari bo‘yicha tahlillar o‘tkazilgan: tog‘, tog‘oldi, tog‘oldi tekisligi va cho‘l landshaftlarida ripisefalus-gialomali bidominant jamoasi va yopiq biotoplarda (g‘orlarda) iksodes monodominant jamoasi aniqlangan;
iksod kanalarining tog‘, tog‘oldi, tog‘oldi tekisligi va cho‘l landshaftlar bo‘yicha taqsimlanishi ochib berilgan;
Ixodidae kanalarining parazit-xo‘jayin aloqalari bir, ikki, uch xo‘jayinli guruhlari tahlil qilinib, ular ko‘p omillar bilan bog‘liqligi (lokalizatsiyasi, ontogenezi, jamoalari, xo‘jayinlar bilan bog‘langanligi, parazitizm tipi) asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Jizzax viloyati Ixodidae kanalarining (Acari: Parasitiformes) parazit–xo‘jayin aloqalari va ularning amaliy ahamiyati mavzusi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
molekulyar genetik tadqiqotlar natijasida O‘zbekistonda ilk bor qayd etilgan Jizzax viloyati hududida qo‘lqanotlilarda parazitlik qiluvchi Ixodes vespertilionis kanalarining mDNKsining 16S rRNK hamda 12S rRNK genlari nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha olingan ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NCBI) bazasiga (https://www.ncbi.nlm.nih.gov) joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2024 yil 15 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, Ixodes vespertilionis turining (PQ740499) va (PQ451943) identifikatsiya raqamlari olingan hamda xalqaro miqyosda turlarni aniqlash va filogeniyasini o‘rganish imkonini bergan;
chorva hayvonlarida parazitlik qiluvchi kanallarga qarshi kurashda “Achchiq bodom” o‘simligidan ajratib olingan emul`siya va “Bodomcha” o‘simligidan ajratib olingan spirtli ekstraktini qo‘llash yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi faoliyati amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2025 yil 02 oktyabrdagi № 02/23-3001-son ma’lumotnomasi). Natijada, G‘allaorol tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari amaliyotiga joriy qilinib, chorva hayvonlarining (qo‘y) qon so‘ruvchi kanalar bilan zararlanishining oldini olish imkonini bergan.