Amirov Oybek Olimjonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston kavsh qaytaruvchi hayvonlarining hazm tizimi nematodalari», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.3.DSc/V134.
Ilmiy maslahatchi: Kuchboev Abduraxim Ergashevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Zoologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.05/2025.27.12.B.22.01.
Rasmiy opponentlar: Saparov Qalandar Abdullaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Safarov Alisher Abduqahor o‘g‘li, biologiya fanlari doktori, dotsent; Xurramov Alisher Shukurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston kavsh qaytaruvchi hayvonlari hazm tizimi nematodalarining taksonomiyasi, filogeniyasi va nematodoz invaziyasiga qarshi kurash chora-tadbirlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston kavsh qaytaruvchi hayvonlarining hazm tizimida 2 ta sinf, 2 ta turkum, 9 ta oila, 16 ta avlodga mansub 43 tur nematoda aniqlangan;
Haemonchus, Marshallagia, Orloffia, Ostertagia, Teledorsagia avlodlarining morfologik ko‘rsatkichlari asosida, ularning rDNK va mtDNK genlari molekulyar-genetik tavsiflangan;
Haemonchidae oilasiga mansub nematoda turlari filogenetik tahlil qilinib, ularning kelib chiqishi va o‘zaro evolyusion bog‘liqlik munosabatlari ochib berilgan;
kavsh qaytaruvchi hayvonlarning nematodoz bilan zararlanishi yosh ko‘rsatkichlariga va fasllar mavsumiga bog‘liq holda o‘zgarishi isbotlangan;
hayvonlar nematodozlarining epizootik jarayoni monitoring qilinib, kasallik qo‘zg‘atuvchilarining tur va turlararo munosabatlari ochib berilgan;
qo‘ylarda Haemonchus contortus turiga xos monoinvaziya holatida gemoglobin va oqsil miqdori kamayishi aniqlanib, immunitet tizimi faoliyati susayishiga olib kelishi asoslangan;
Haemonchus contortus va Marshallagia dentispicularis turlarining mtDNKsi to‘liq genom tuzilish ketma-ketligi tahlil qilinib, H. contortus turining mitoxondrial genomida 35 ta va M. dentispicularis mitoxondrial genomida 58 ta genetik soha aniqlangan;
praymerlar dizayni asosida turga xos markerlar yaratilgan va PZR texnologiyasi yordamida asosiy nematodozlarning DNK-diagnostika usuli ishlab chiqilgan;
uy kavsh qaytaruvchi hayvonlar hazm tizimi nematodalariga qarshi antigel`mintik ta’sirga ega mahalliy o‘simliklardan ajratib olingan ekstraktlar (Ferula foetida, Acroptilan repens, Persica vulgaris) 88,7–92,2 % va 2-propidamizol 96 % hamda 2-atsetamizol 97 % kimyoviy preparatlarining 86,9–87,3 % biologik samaradorligi aniqlangan;
O‘zbekiston kavsh qaytaruvchi hayvonlari hazm tizimi nematodalarining ma’lumotlar bazasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistondagi kavsh qaytaruvchi hayvonlarning hazm qilish tizimi nematodalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
uy kavsh qaytaruvchi hayvonlar hazm tizimidagi asosiy nematodozlarga qarshi kurashda antigel`mintik xususiyatga ega bo‘lgan 3 ta tur (Ferula foetida, Acroptilan repens, Persica vulgaris) o‘simliklarning ildiz va er ustki qismlaridan ajratilib, ishlab chiqilgan vositaga (Gel`mintlarga qarshi ta’sirga ega o‘simliklardan olingan vosita) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan ixtiroga patenti olingan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligining 2022 yil 31 maydagi № IAP 06935 raqamli ixtiro patenti). Natijada, yaratilgan mazkur ekstraktlar uy kavsh qaytaruvchilar nematodozlarini 92,2%, 89,3% va 88,7% gacha bartaraf etish va ularning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshirish imkonini bergan;
kavsh qaytaruvchilar hazm tizimi organlarining asosiy nematodozlariga qarshi Al`bendazol substansiyasi 98%, Medamin substansiyasi 98 %, 2-atsetamizol substansiyasi 97% bo‘lgan 3 xil kimyoviy antigel`mint preparatlarni qo‘llash yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil 23 dekabrdagi 02/23-30-74-son ma’lumotnomasi). Natijada, antigel`mintik preparatlar yuqori biologik samara (86,9–87,3%) berishi aniqlanib, hayvonlarning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshirish imkonini bergan;
Haemonchidae oilasiga mansub nematoda turlarining nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha olingan ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar milliy markazi (NSBI, https://blast.ncbi.nlm.nih.gov/) bazasiga joylashtirilgan. Natijalar asosida, M. marshalli - KX929996, M. occidentalis - KX929997, T. circumcincta - KX929991, Teladorsagia trifurcata - KX929992, T. davtiani - KX929993, Ostertagia ostertagi – KX929994, O. lyrata - KX929995, O. gruhneri – MF351872, H. placei - KC503916, H. contortus - KC503915 turlarining identifikatsiya raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosida turlarni aniqlash hamda filogeniyasini o‘rganish imkonini bergan.