Axmedova Shaxodat Maxmutovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz va o‘zbek tillarida shifo konseptiga oid leksik-birliklarning lingvomadaniy tahlili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3465.
Ilmiy rahbar: Xudayqulov Abdulla Eshquvatovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan davlat universiteti, PhD. 03/2025.27.12.Fil.22.04.
Rasmiy opponentlar: Abduvaliev Maxamadjon Arabovich, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Ganieva Gulnozaxon Zaxirovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: Nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi shifo konseptini ifodalovchi leksik birliklarning lingvomadaniy xususiyatlarini chog‘ishtirma asosda o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ingliz va o‘zbek tillarida shifo konseptiga oid leksik-birliklarning lingvomadaniy xususiyati tilni ishlatuvchi millat madaniyati, mafkurasi bilan shartlanganligi va mazkur lisoniy birliklar frazeologizmlar, paremalar, aforizm va hikmatli so‘zlar orqali ifodalanishi asoslangan;
chog‘ishtirilayotgan tillardagi healing/shifo konseptual maydoni negizidagi davolash tushunchasini bildiruvchi, shaxs nomlari, dori nomlari, tibbiyotga oid o‘rin-joy nomlari kabi semantik submaydonlar dominant komponent (yadro) atrofida birlashuvchi ikkilamchi (periferik) elementlar qo‘llanishini voqelantiruvchi kuch ekanligi aniqlangan;
har ikkala til healing/shifo konseptining illness/kasallik, health/sog‘lik, patient/bemor doctor/shifokor, medicine/dori kabi leksik-semantik maydoni insonparvarlik, professionalizm, fidoyilik, bemorga g‘amxo‘rlik qilish, tasalli berish, yuksak axloq, mehr-oqibat, olijanoblik kabi insoniy fazilatlarga oid konseptlar negizida voqelanishi dalillangan;
ingliz va o‘zbek tillari healing/shifo konseptual maydonida inson kognitiv va madaniy-lisoniy faoliyatining verballashuvi natijasida yuzaga keladigan somatizmlar, antroponimlar, toponimlar, eponimlar, mifonimlar, koloronimlar, zoonimlar, fitonimlar, rnitonimlar leksik-semantik aspektda polisemiya, omonimiya, sinonimiya qonuniyatlari doirasida mantiqiy qiymat kasb etishi isbotlangan.
ingliz madaniyatidagi “ochiqlik” tamoyili, personalizm ruhiyati kasallikni aniqlagan shaxs o‘z familiyasini tarixda qoldirishga bo‘lgan intilishi milliy-eponimik xarakterdagi tibbiyotga oid leksik birliklarning yaratilishiga turtki bo‘lsa, o‘zbek madaniyatidagi kamtarlik, sabr-toqat, antiegoistik kabi xususiyatlarning yuqoriligi kishilar orasida maqsad sari chidam bilan intilish, mashaqqatli damlarda bardoshli bo‘lish kabi ijobiy xislatlarning izchil shakllanishidagi ustivorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ingliz va o‘zbek tillaridagi shifo konseptiga oid leksik-birliklarning lingvomadaniy tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida shifo konseptiga oid leksik-birliklarning lingvomadaniy xususiyati tilni ishlatuvchi millat madaniyati, mafkurasi bilan shartlanganligi va mazkur lisoniy birliklar frazeologizmlar, paremalar, aforizm va hikmatli so‘zlar orqali ifodalanishiga oid nazariy xulosalaridan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2021-2022 yillarda bajarilgan AL – 412104512 raqamli “O‘zbekistonning geografik obektlari uchun ko‘p tildagi elektron lug‘at yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2024-yil 2-fevraldagi №04/83-son ma’lumotnomasi). Natijada loyida doirasida yaratilgan adabiyotlar, tarqatma materiallar ilmiy-nazariy manbalar bilan boyitilgan;
qiyoslanayotgan tillardagi healing/shifo konseptual maydoni negizidagi davolash tushunchasini bildiruvchi, shaxs nomlari, dori nomlari, tibbiyotga oid o‘rin-joy nomlari kabi semantik submaydonlar dominant komponent (yadro) atrofida birlashuvchi ikkilamchi (periferik) elementlar qo‘llanishini voqelantiruvchi kuch ekanligiga doir ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan F3-201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-dekabrdagi №01/4-2590-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ilmiy dalillar bilan boyitilgan, xususan, ingliz va o‘zbek tillaridagi elektron platformani yaratishda tibbiyotga oid leksik birliklarning o‘ziga xos jihatlaridan keng foydalanish orqali to‘plangan ma’lumotlar bazasi sifatli kontent bilan to‘ldirilgan;
har ikkala til healing/shifo konseptining illness/kasallik, health/sog‘lik, patient/bemor doctor/shifokor, medicine/dori kabi leksik-semantik maydoni insonparvarlik, professionalizm, fidoyilik, bemorga g‘amxo‘rlik qilish, tasalli berish, yuksak axloq, mehr-oqibat, olijanoblik kabi insoniy fazilatlarga oid konseptlar negizida voqelanishiga oid xulosa va natijalardan TUMED xalqaro alumnilar assosiatsiyasida “Uluslararasi Mezunlar Karier Insaasi” xorijiy loyihasida foydalanilgan (TUMED Uluslararasi Mezunlar Dernigi xalqaro alumnilar assosiatsiyasining 2024-yil 15-iyundagi №240615/01-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ilmiy dalillar bilan boyitilgan, xulosalari xorijiy auditoriyaning tibbiy leksik birliklarning lingvomadaniy xususiyatlarini haqida borasidagi bilim xabardorligini oshirgan, Xalqaro bitiruvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan turli ilmiy tadbirlarda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumot sifatida qo‘llanilgan;
ingliz va o‘zbek tillari healing/shifo konseptual maydonida inson kognitiv va madaniy-lisoniy faoliyatining verballashuvi natijasida yuzaga keladigan somatizmlar, antroponimlar, toponimlar, eponimlar, mifonimlar, koloronimlar, zoonimlar, fitonimlar, rnitonimlar leksik-semantik aspektda polisemiya, omonimiya, sinonimiya qonuniyatlari doirasida mantiqiy qiymat kasb etishi bilan bog‘liq natija va xulosalardan 2022-2023 yillarda “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bolalar va biz”, “Adabiy jarayon” eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 29-noyabrdagi №04-36-1801-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuvlarning mazmundorligi oshishi barobarida, ommaviy auditoriya orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, shifokorlarning mehnatini ulug‘lash kabi ijobiy mavzularning ko‘payishiga erishilgan.