MAXKAMOV Otabek Muxtarovichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.Yu11.
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: 2013 yil 31 oktyabr`, LA 0001089.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Zufarov Rustam Axmedovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, 16.07.2013.Yu.26.01.
Rasmiy opponentlar: R.Kabulov, yuridik fanlar doktori, professor; A.G.Zakirova, yuridik fanlar doktori, professor; A.A.Mirzaev, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tahlil qilish, nazariy va amaliy jihatlarini o‘rganish asosida aniqlangan muammolarning echimini topish, jinoyat qonuni tegishli normalarini takomillashtirish va uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish yo‘llarini topishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatini belgilovchi fuqarolarning qonunda belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lash majburiyatining bajarilmasligi; soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning moliyaviy muammolar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi; soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlar va qonunga amal qiladigan soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi insofli raqobatning buzilishi; ko‘pincha boshqa turdagi ijtimoiy xavfli qilmishlar bilan birga sodir etilishi kabi omillar asoslangan;
sohaga oid iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar va milliy qonunchilik normalari qiyosiy tahlil etilgan, ulardagi ilg‘or, o‘zini oqlagan yuridik tajribani mamlakatimizda qo‘llash va shu munosabat bilan huquqiy kolliziyalarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha takliflar asoslantirilgan;
Jinoyat kodeksi 184-moddasi, 1-qismi dispozisiyasi tanqidiy tahlil etilgan va u amalda qo‘llanilganda tegishli soliq qonunchiligi normalari bilan uzviy bog‘lanish funksiyasini bajara olmasligi asoslangan va uni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy echimlar taklif etilgan;
shaxsni soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagani uchun bir necha marta javobgarlikka, ya’ni ham moliyaviy, ham jinoiy javobgarlikka tortilishning oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilgan;
ilk bor soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda foydalaniladigan usullar (aldash, soxtalashtirish, hujjatlarga noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish) klassifikatsiya qilingan;
ushbu qilmishlarning asosiy sabablaridan biri sifatida soliq qonunchiligining o‘zgaruvchanligi va soliq to‘lovchilarning etarli ma’lumotlarga ega emasligi haqidagi ilmiy nuqtai nazarlar yangi dalillar asosida takomillashtirilgan;
soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga birinchi marta kriminologik tavsif berilgan. Unga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etganlarni 30–50 yoshga to‘lgan, ma’lumoti oliy yoki o‘rta maxsus, mulk shaklidan qat’i nazar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, engil yo‘l bilan boylik orttirishga intiluvchan, bir guruh shaxslar tarkibida jinoyatni sodir etgan jinoyatchi shaxslar ekani asoslangan;
ushbu jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy qarashlar yangi: axloqiy-ruhiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-boshqaruv omillar asosida takomillashtirilgan.
IV. Dissertatsiyani amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari.Ilmiy ishning natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 12-, 106-, 108-moddalari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi va Jinoyat kodeksining 45-, 179-, 184-, 189-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari ishlab chiqilishida foydalanilgan (2015 yil 16 yanvardagi 10/5-38-son ma’lumotnoma). Takliflarning amalga oshirilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, ijtimoiy adolatni ta’minlashga, soliq intizomiga rioya qilinishini kuchaytirishga va soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida»gi qarorining quyidagi yo‘nalishlarida foydalanilgan:
«soliqlar to‘lanmagani oqibatida etkazilgan moddiy zarar miqdorini sinchiklab aniqlashlari, bunda JK 184-moddasi, mazmuniga ko‘ra, shaxs tomonidan yashirilgan yoki kamaytirib ko‘rsatilgan soliq solinadigan ob’ektning kattaligi (qiymati) emas, balki faqat to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summasi (soliqqa oid huquqbuzarlik uchun qo‘llanilgan moliyaviy sanksiya (jarima va penya) summalarini qo‘shmagan holda) tushunilishi lozimligi» (5-band);
«shaxsning qilmishida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga nisbatan to‘g‘ri qasd (JK 21-moddasi) mavjudligi isbotlangan bo‘lishi shartligi» (6-band);
«shaxsning harakatlarida soliqlarni to‘lashdan takroran bo‘yin tovlash belgisi mavjudligi masalasini hal etishda Jinoyat kodeksining 32-moddasida ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqish lozimligi» (12-band) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida inobatga olingan (2015 yil 30 yanvardagi 11-24-15-son ma’lumotnoma) va amaliyotga tatbiq qilingan. Takliflar qonunlarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni muayyan darajada kamayishiga, soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarning byudjetga tushishiga ko‘maklashadi.